Azizyan Guskovning Ankalayevga qarshi jangidagi parda orti voqealarni ochiqladi

UFC yarim og‘ir vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Bogdan Guskovning («Sarevich») murabbiyi Gor Azizyan shogirdining Magomed Ankalayevga qarshi kechgan jangi yuzasidan keskin va ochiq bayonot bilan chiqdi. Taniqli mutaxassis Sport24 nashriga bergan intervyusida Bogdan 5-raunddagi texnik nokautga qaramay, ushbu mag‘lubiyatdan aslo uyalmasdan faxrlanishi kerakligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, reytingning 10-pog‘onasida bo‘lgan Guskov qisqa muddatli ogohlantirish (short notice) asosida divizionning 1-raqamli da’vogari Ankalayevga qarshi 5 raundlik qaqshatqish jangga rozilik bergan edi.
«Hamma qo‘rqqan paytda u tavakkal qildi»: Azizyanning keskin fikrlari
Gor Azizyan Guskovning qahramonligi va jang davomidagi holatlar haqida quyidagilarni bildirdi:
Ligani qutqarib qolgan jasorat: «Biz mag‘lubiyat sabablarini bilamiz, ammo hozir ochiqlay olmayman. Jang paytida kutilmagan zarba qabul qilsangiz, hamma reja o‘zgarib ketadi. Bogdan 10-raqamli bo‘la turib, hamma Ankalayevdan qochgan paytda tavakkal qildi. U yaxshigina pul ishladi, shartnomasini yangiladi. Hatto UFC undan qarzdor, chunki u promoushenni qiyin vaziyatdan qutqardi. U uyalmaydigan darajada munosib jang qildi», — dedi murabbiy;
Nega o‘ng qo‘l ishlamadi?: Jang davomida Bogdanda muayyan jismoniy muammolar yuzaga kelgani, bo‘g‘ish usuli va o‘ng qo‘ldagi asosiy zarbalar rejadagidek chiqmagani, biroq bunga xotirjam qarashlari qayd etildi.
«Ankalayev yotib olish o‘rniga nimadir ko‘rsatishi kerak edi»
Murabbiy Bogdan ko‘proq tavakkal qilishi kerak edi degan tanqidlarga keskin javob qaytardi:
Yo‘qotadigan narsamiz yo‘q edi: «Aslida tavakkal qilishi kerak bo‘lgan odam Ankalayev edi. Bizda yo‘qotadigan hech narsa yo‘q edi. Shuning uchun Magomedning tik turib bergan zarbalari o‘xshamay qolgach, u darhol oyoqqa tashlanib, yerda yotib olishga urindi»;
1-raqamli jangchiga e’tiroz: «Magomedni tabriklaymiz, u aniq nishonga tegdi va shundan keyin jang boshqacha tus oldi. Ammo 1-raqamli da’vogar shunchaki oktagonda yotib olmasdan, haqiqiy mahorat namoyish etishi shart edi», — deya o‘z so‘zlarini yakunladi Azizyan.































Izohlar 0
…