Frank Lempard Manchester Sitidan uchralgan magʻlubiyatdan soʻz ochdi

Frank Lempard Manchester Sitidan uchralgan magʻlubiyatdan soʻz ochdi

Angliyaning Koventri Siti jamoasi bosh murabbiyi Frenk Lempard jamoasi «Etixad» stadionida amaldagi chempion Manchester Sitiga qarshi kechgan bahsda minimal hisobda magʻlub boʻlganiga qaramay, kamida bir ochkoga haqli boʻlganini taʼkidladi. BBC Match of the Day nashriga bergan intervyusida mutaxassis shogirdlarining oʻyinidan faxrlanishini bildirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Uchrashuv davomida mezbonlar toʻpga egalik qilish boʻyicha yaqqol ustunlikka erishib, koʻrsatkichni 78 foizga yetkazgan boʻlsa-da, Koventri Siti himoyadagi tartibli oʻyini bilan muxlislar va mutaxassislarni hayratda qoldirdi. Ayniqsa, jamoaning yangi oʻyinchisi Itan Pinnokning ishonchli harakatlari va murabbiy tanlagan taktik intizom raqib yulduzlariga qiyinchilik tugʻdirdi.

Erling Xolandning hal qiluvchi goli

Garchi Koventri Siti himoyada munosib qarshilik koʻrsatgan boʻlsa-da, norvegiyalik hujumchi Erling Xolandning uchrashuv taqdirini hal qilgan aniq boshi bilan urgan goli Manchester Sitiga navbatdagi gʻalabani taqdim etdi. Antoine Semenyoning uzatmasidan keyin darvozani ishgʻol qilgan Xoland APLda oʻzi toʻqnash kelgan 25 ta jamoadan 24 tasining darvozasiga gol urishga muvaffaq boʻldi.

Shunga qaramay, Frenk Lempard shogirdlarining ikkinchi boʻlimdagi faolligi va koʻrsatgan bosimidan mamnun ekanini yashirmadi. Uning fikricha, bu koʻrsatkich ikki hafta oldin Arsenalga qarshi kechgan oʻyinga nisbatan jiddiy oʻsish borligidan dalolat beradi.

Murabbiy mavsum boshidagi taqvimning qiyin kelganini qayd etib, jamoa qogʻozda eng kuchli hisoblangan ikki raqib bilan bahs olib borganini eslatdi. «Biz magʻlub boʻlishga loyiq emas edik. Oʻyin davomida oʻsib bordik, yigitlar ajoyib harakat qilishdi va biz haqli boʻlgan bir ochkoni qoʻlga kirita olmaganimizdan affsusdaman», — dedi Lempard.

Shuningdek, u jamoaning oʻyini va tribunadagi muxlislar qoʻllab-quvvatlashi oʻrtasidagi bogʻliqlikni alohida eʼtirof etdi. Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, Koventri Siti bu oʻyinlardan ijobiy xulosalar chiqarishi lozim, chunki mavsum taqdiri asosan Xall kabi tengqur jamoalarga qarshi kechadigan bahslarda hal boʻladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar