Kongo DR terma jamoasining JChdagi ishtiroki yuzasidan janjal koʻtarildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Kongo DR terma jamoasining 52 yillik tanaffusdan so'ng jahon chempionatiga yo'llanma olishi, ammo tarkibdagi darvozabon Lionel Mpasi fuqaroligini o'zgartirish bo'yicha rasmiy hujjatlar to'liq rasmiylashtirilmagani aniqlangach, janjalga sabab bo'ldi.
- Nigeriya terma jamoasining shikoyati natijasida FIFA bu holatni ko'rib chiqdi, ammo texnik sabablarga ko'ra shikoyatni yopib, Kongoga Yamajkaga qarshi pley-off o'yinida qatnashishga ruxsat berdi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) jiddiy mojaro markazida qoldi. The New York Times nashrining ichki hujjatlarga tayanib xabar berishicha, tashkilotning huquqshunoslari Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan futbolchining qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyganini aniqlagan. Ushbu holat 52 yillik tanaffusdan keyin jahon chempionatiga yoʻllanma olgan Kongo jamoasining ishtirokini xavf ostiga qoʻydi va Nigeriya tomonining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashrining yoritishicha, mojaroga Nigeriya terma jamoasining shikoyati sabab boʻlgan. Kongoga qarshi bahsda magʻlub boʻlgan nigeriyaliklar raqib tarkibidagi futbolchining oʻyin huquqini tekshirishni talab qilishgan. Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida, darvozabon Lionel Mpasi Fransiyaning yoshlar jamoalarida oʻynaganiga qaramamy, uning fuqaroligini oʻzgartirish boʻyicha zarur rasmiy hujjatlar FIFA tomonidan toʻliq rasmiylashtirilmagani maʼlum boʻlgan.
FIFA qarori va yashirin hujjatlar
Hujjatlardan koʻrinishicha, bunday qoidabuzarlik odatda aybdor jamoaga ishtirok etgan barcha oʻyinlar uchun texnik magʻlubiyat yozilishini taqozo etadi. Biroq FIFA barcha xavf-xatarlarga qaramay, Kongo Demokratik Respublikasiga Yamajkaga qarshi pley-off oʻyinida qatnashishga ruxsat bergan. Natijada kongoliklar hal qiluvchi bahsda gʻalaba qozonib, mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritishgan.The New York Times ixtiyoriga kelib tushgan ichki yozishmalar FIFA rahbariyati va huquqiy qoʻmitalari oldida bir nechta muqobil variantlar turganini koʻrsatadi. Jumladan, Nigeriyaga gʻalaba taqdim etish, moliyaviy jarimalar qoʻllash, Kongoni pley-offda Nigeriya bilan almashtirish yoki shikoyat kech berilgani sababli hech qanday chora koʻrmaslik variantlari muhokama qilingan. Oxir-oqibat, FIFA shikoyatni texnik sabablarga koʻra yopganini maʼlum qilgan.
Oldingi oʻxshash holatlar
Tashkilot vakillari oʻz qarorlarini qoʻmitalarning mustaqilligi va amaldagi reglamentlarga asoslanishi bilan izohlab, prezident Janni Infantino bu qarorlarga aralashmaganini taʼkidlagan. Shunga qaramay, mazkur holat futbol jamoatchiligida savollar tugʻdirmoqda, chunki tarixda bunga oʻxshash pretsedentlar mavjud boʻlgan.Jumladan, 2016-yilda Gretsiya terma jamoasi Avstraliya yoshlar jamoasida oʻynagan futbolchini maydonga tushirgani aniqlangach, FIFA Turkiyaga qarshi oʻyinda ularga texnik magʻlubiyat yozgan edi. Shuningdek, 2018-yilgi jahon chempionati saralashida Boliviya ham shunday qoidabuzarlik tufayli natijalardan mahrum qilingan edi. Nigeriya futbol federatsiyasi esa hozirgi holatda adolat tiklanishini talab qilib, noroziligini davom ettirmoqda.






























Izohlar 0
…