17:20 / 10.02.2018
3 644

Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan «Lokomotiv» yangi futbolchilarni tanishtirdi (foto)

Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan «Lokomotiv» yangi futbolchilarni tanishtirdi (foto)
Toshkentning «Lokomotiv» klubi 12 fevral kuni Chempionlar Ligasi guruh bosqichining ilk turida Amirliklarning «Al-Vahda» klubini qabul qiladi.

Bugun — 10 fevral kuni «temiryo‘lchilar» safiga kelib qo‘shilgan futbolchilar jamoatchilikka rasman tanishtirildi. Ular 6 nafar bo‘lib, quyidagi raqamlarda harakat qiladi: Nivaldo — 6, Sherzod Karimov — 8, Xusniddin G‘ofurov — 19, Sardor Rashidov — 27, Igor Yelich — 88, Cho Suk Jae — 99.
Tadbirda klub rahbariyati va murabbiylar yangi mavsumga ko‘rilgan tayyorgarlik haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

To‘labek Akramov ("Lokomotiv" klubi bosh direktor o‘rinbosari): Barchani yangi 2018 yilgi futbol mavsumi boshlanayotgani bilan tabriklayman. "Lokomotiv" yangi mavsumni amaldagi chempion va kubok sohibi sifatida boshlaydi va bu shu o‘rinda jamoamiz zimmasiga yuqori mas’uliyat yuklaydi. Maqsadimiz doimgidek yuqori, ya’ni chempionlik hamda kubokni munosib himoya qilish. Shuningdek, OChLda ham imkon qadar uzoqroqqa borish. O‘ylaymanki, bu yilgi mavsumda jamoamiz xalqaro musobaqada ham muvaffaqiyatli qatnashadi. Jamoamiz yangi mavsumga taraddudni dastlab BAAda, keyinchalik Turkiyada davom ettirib qaytdi.

"Lokomotiv" o‘z tarkibiga kuchli va barchaga tanish bo‘lgan yuqori malakali futbolchilarni qo‘shib oldi. Rashidov yoki Karimov haqida ortiqcha ta’rif berishga hojat yo‘q. Husniddin G‘ofurovni esa yurtimizga qaytardik. Bu futbolchi hozircha milliy chempionatimizda ishtirok etmagan va o‘ylaymanki, joriy mavsumda o‘z o‘yinlari bilan muxlislarda iliq taassurot qoldiradi. Shuningdek, Janubiy Koreyadan Cho Suk Jay, braziliyalik Nivaldo hamda o‘tgan mavsumni AGMK jamoasida o‘tkazgan Igor Yelichni jamoaga qo‘shib oldik.

Yangi mavsumda jamoamiz yangi titul homiysi Oriyent Finans Bank logotipi tushirilgan libosda harakat qiladi. Shuningdek, "Alskom" sug‘urta kompaniyasi bilan ham ikki taraflama manfaatli shartnoma imzoladik.

Keyinchalik tushunmovchilik kelib chiqmasligi uchun hozirdan shuni aytib o‘tmoqchimanki, jamoamiz OChLdagi dastlabki turni hozircha eski libosda o‘tkazadi. Chunki yangi libosimiz hali to‘liq tayyor emas. Tez orada yangi titul homiyimiz logotipi tushirilgan yangi formalarimiz keladi. Yangi liboslarimiz dizaynini ijtimoiy tarmoqlarda taqdim etganmiz.

Mirko Yelichich (jamoa murabbiyi): "Lokomotiv" o‘z oldiga doimo yuqori vazifalarni qo‘yadi. OChLda bizning oldimizga qo‘yilgan eng minimal vazifa bu guruhdan chiqish. Yangi kelib qo‘shilgan futbolchilar jamoamizga qo‘shilib, ko‘nikib ketishi uchun biroz vaqt talab etiladi. O‘ylaymanki, ular jamoamiz o‘yinini kuchaytirishadi. Biz yangi mavsumga tayyormiz. Rashidovning jismoniy tayyorgarligidan mamnunman. To‘g‘ri, u ma’lum vaqt o‘yin amaliyotisiz qolib ketgandi. Lekin Rashidovning hozirgi holati meni qanoatlantiradi. Yelichni qaysi pozitsiyada ko‘proq o‘ynataman? Bilasiz, Maxaradze 2 mavsumdan buyon uzluksiz o‘ynab kelmoqda. Bizga aynan Maxaradze singari ham tayanch zonasi hamda himoya markazida o‘ynay oladigan futbolchi kerak edi. Yelich aynan shu sifatlarga ega o‘yinchi. Yangi mavsumda Yelichni vaziyatga qarab har ikkala pozitsiyada o‘ynatmoqchiman.

Andrey Miklyayev (bosh murabbiy): BAAdagi yig‘in juda samarali o‘tdi, deb bemalol ayta olaman. Biz o‘z o‘ylagan rejalarimiz doirasida yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoa safini to‘ldirgan futbolchilar o‘yinimizni kuchaytirishi lozim.
O‘ylaymanki, tarkibimiz juda raqobatdosh. Bu esa jamoamiz futbolchilarini bir daqiqa bo‘lsada bo‘shashishiga yo‘l qo‘ymaydi. Jamoamiz esa har qanday raqibga kurash taklif etishga qodir.

Keyinchalik taqdimot marosimida "temiryo‘lchilar" safiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilarga "Lokomotiv" liboslarini tantanali ravishda taqdim etildi. Liboslarni futbolchilarga klub bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov topshirdi.
Shundan so‘ng jamoa tarkibiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Nivaldo (Braziliya)

"Yangi jamoaga o‘tganimdan xursandman. "Lokomotiv" o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan klub. Aynan shu jihat meni bu jamoaga o‘tishimga asosiy turtki bo‘ldi.
Avval tayanch yarim himoyasida o‘ynaganman? Ha, to‘g‘ri qayd etib o‘tdingiz. Faoliyatimni tayanch yarim himoyachi sifatida boshlaganman. Ammo keyinchalik Rossiya birinchi divizionida o‘ynab yurgan kezlarimda bosh murabbiy menga hujumga o‘tishni tavsiya qilgandi. Shundan buyon hujumda o‘ynab kelaman. O‘zimni aynan hujumkor futbolchi sifatida erkin his etaman.
Braziliyada xususiy klubim borligi haqiqat. Men bu klubni tashkil etganimdan asosiy maqsad yosh o‘sib keladigan iqtidor egalariga ko‘maklashish. Bilasizlar, Braziliyada futbolni juda sevishadi va bu sport turiga bo‘lgan muhabbat yuqori. Shu bois o‘z qishlog‘imdagi yoshlar uchun shaxsiy klubimni ochganman. Yaqinda o‘sha jamoamdan 3-4 nafar futbolchi professional futbolga qadam qo‘ydi. Ularga yordamim, ko‘magim tegayotgani meni xursand qiladi.
5 ballik tizimda o‘zimga necha ball qo‘yaman? 10 ball (kuladi). Braziliyalik futbolchilar orasidan Neymar 10 ballga loyiq futbolchi. Men esa uning darajasiga chiqishni istayman (kuladi)".

Sardor Rashidov

"Lokomotiv" jamoasiga o‘tganimdan xursandman. "Temiryo‘lchilar" safida yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun keldim. O‘ylaymanki, OChLda ham munosib ishtirok etamiz. Maqsadlar yuqori va biz ushbu vazifani bajarishimiz lozim. "Renn" jamoasi? To‘g‘ri, bu jamoada sobiq ustozim Lyamushi ishlamoqda. Bu borada u bilan suhbatlashdim. Hozirda jamoasida futbolchilar ko‘pligi bois "Renn"ga o‘tmadim. Meni Fransiya jamoasiga o‘tishim yoki o‘tmasligim yozda hal bo‘ladi. Lyamushi meni "Renn"da ko‘rmoqchi ekanligini aytib o‘tdi. Ammo barcha masala yozda transfer oynasi ochilganidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Osiyodan Yevropaga yo‘l olmoqchidim? Ha, lekin O‘zbekistonga qaytishni orqaga tashlangan qadam deb hisoblamayman. Arab futbolidan ko‘ra O‘zbekiston futboli kuchli. Bu aniq. Qaysi tarafdan orqaga qadam tashladim? Faqat pul taraflama. Chunki arab futboli faqat pul borasida kuchli. O‘yin sifati jihatidan bizning futbol ularnikidan ustun. "Lokomotiv"ga o‘tish orqaga tashlangan qadam emas. Men faqat pul tarafdan yutqazdim".

Sherzod Karimov

«Paxtakor» bilan shartnomam nihoyasiga yetgach, «Lokomotiv» menga taklif bilan chiqdi. Buning uchun minnatdorman.
Arveladze bilan Yelichichning farqi? «Lokomotiv»da ko‘proq pas orqali o‘ynash talab etiladi, kombinatsion futbol ustuvor. Arveladze esa asosan standart vaziyatlariga tayanib o‘ynaydi.

Igor Yelich

Men uchun O‘zbekiston chempionati begona emas. Unda o‘tgan mavsum ham o‘ynaganman. «Lokomotiv» esa liganing eng kuchli jamoasi. «AGMK» bilan «Lokomotiv»ning asosiy farqi «temiryo‘lchilar»ning Chempionlar Ligasida o‘ynashida. Shuningdek, ular o‘z oldiga turlicha vazifalar qo‘yadi. «Loko» asosan paslar orqali o‘yinni quradi, «AGMK» murabbiyi himoyaviy o‘yinga e’tibor beradi. Oldingi chiziqdagi harakatlar asosan standart vaziyatlariga bog‘liq.

Cho Suk Jae (Janubiy Koreya)

«Lokomotiv» nafaqat O‘zbekistonning, balki Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Ularning taklifi meni qiziqtirib qo‘ydi. Koreya va O‘zbekiston futbolida katta farq yo‘q. Bizda asosan jismonan kuchli futbol o‘ynaladi. O‘zbekistonda ham bu jihatga alohida e’tibor qaratishlarini bilaman.

Xusniddin G‘ofurov

Serbiyadagi faoliyatim tugadi. «Lokomotiv» taklifi meni o‘zbek futboliga qaytardi. Serbiyada kuchga tayanilgan futbol o‘ynaladi, o‘yinlarda ko‘p kuch yo‘qotasiz, ko‘p yugurasiz. O‘zbekistonda esa to‘p bilan muomala ustuvor.


Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan «Lokomotiv» yangi futbolchilarni tanishtirdi (foto)