22:21 / 28.12.2018
3 039

Ektor Kuper tanlagan uslubini tubdan o‘zgartirmas ekan...

Ektor Kuper tanlagan uslubini tubdan o‘zgartirmas ekan...
O‘FF matbuot xizmatida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasbimiz Xayrulla Hamidov Antaliyada yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan suhbat uyushtirishdi. Intervyuning videoshakli O‘FAning telegramdagi rasmiy kanaliga joylashtirildi.

— Janob Kuper. Turkiyadagi yig‘inga 27 nafar futbolchi taklif etilgan. Osiyo kubogiga yo‘l oladigan 23 futbolchini tanlab olishda nimalarga e’tibor qaratdingiz?

— O‘zbekistonda mavsum yaqinda yakuniga yetdi. Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli holatlarni inobatga olgan holda, Turkiyadagi yig‘inga ko‘proq futbolchini olib kelgandik. Avvalgi yig‘inlar orqali terma jamoa negizi shakllanib bo‘lgandi. Bu safar esa yanada ko‘proq futbolchilarga imkon berish orqali o‘yinchilar o‘rtasidagi raqobatni oshirishni ko‘zladik. Raqobat bor joyda ular o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatishga harakat qilishadi. Natijada terma jamoaning ba’zi pozitsiyalarida yangi futbolchilarni ham kashf qilishimiz mumkin. Yig‘in haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, mashg‘ulotlarimiz a’lo darajada o‘tmoqda. Turkiyaga kelganimizdan keyin dastlabki 2-3 kun Antaliyada kuchli yomg‘ir yog‘di. Shunga qaramay, biz mashg‘ulotlarni to‘xtatmadik.

— Terma jamoa safida Osiyo kubogiga yo‘l olmasligi aniq bo‘lgan futbolchilarni tanlab olishda asosan nimalar rol o‘ynadi?
— Turkiyaga 4 nafar darvozabonni olib kelgan bo‘lsak, hozirda ular o‘zlarining eng yaxshi formalarida. Faqatgina Eldor Suyunov jarohati tufayli bu yig‘inda ishtirok etolmadi. Ivan Nagayev bizga bog‘liq bo‘lmagan sabab tufayli safdan chiqdi. U mashg‘ulot jarayonida jarohat oldi. Bundan afsusdaman. Fozil Musayev yaqinda jarohatidan tiklanganiga qaramay, uni yig‘inga jalb qilgandik. U o‘z jamoasida endigina 1-2ta o‘yinda maydonga tushgandi. Fozil O‘zbekiston terma jamoasi uchun foydali o‘yinchi ekanini bilganimiz uchun uning individual mahoratiga ishongan holda, hali o‘zining yuqori formasiga chiqib ulgurmagan bo‘lsa-da, uni yig‘inga olib keldik.

— Muxlislar uzoq yillar davomida terma jamoa safida o‘ynagan futbolchilarni ko‘rib o‘rganib qolishgan. Shu bois, Vitaliy Denisov haqida so‘ramasam bo‘lmaydi. Uning Osiyo chempionatiga boradigan tarkibga kiritilmaganiga sabab nima: Eron bilan o‘yindagi xatolarmi, uning hozirgi formasi yaxshi emasmi yoki Vitaliyning o‘yin uslubi Kuperning falsafasiga to‘g‘ri kelmaydimi?

— Futbolchiga baho berganda, uning bir nechta jihatlariga ahamiyat qaratamiz. Vitaliy birinchi yig‘inda ishtirok etdi. Undan keyin ham Rossiya chempionatidagi o‘yinlarini kuzatib bordim. Denisovning tarkibga kiritilmaganiga asosiy sabab — uning hozirgi holatidir. Ayni payt chap qanot himoyasida ixtiyorimizda ikki nafar juda yaxshi futbolchilar bor. Ular — Farrux Sayfiyev va Oleg Zoteyev. Agar Denisovni chaqirganimda, ulardan biri Osiyo kubogidan chetda qolardi. Agar muxlislardan so‘rasak, kimdir Olegni tanlaydi, boshqa muxlis Sayfiyev tarafdori bo‘ladi. Yakuniy qarorni esa murabbiy qabul qilishi kerak. Shuni ham ta’kidlashim lozimki, murabbiyning qarori hamisha to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Agar bu borada men xatoga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsam, ayb faqat menda bo‘ladi. Bu bilan Vitaliyni terma jamoaga boshqa chaqirilmaydi, degan fikrdan yiroqman. Uni JCh saralash bosqichida O‘zbekiston milliy jamoasiga taklif qilishim mumkin. Hozirgi bosqichda esa e’tiborni Sayfiyev va Zoteyevga qaratishga qaror qildim. Shuni aytishim mumkinki, futbolchilar terma jamoada o‘ynashga hamisha shay turishi, kerak bo‘lsa, o‘zidagi ba’zi narsalarni qurbon qilishga tayyor bo‘lishi lozim. Shundagina u terma jamoaga loyiq bo‘ladi.

— Hozirgi tarkibga qanday xususiyatga ega bo‘lgan futbolchi yetishmayapti?
— (Kuladi). Agar bu savolga javob bersam, futbolchilarga nisbatan hurmatsizlik bo‘lardi. Shuning uchun ixtiyorimda bor o‘yinchilardan kelib chiqib jamoani shakllantirishda davom etaman. Bir murabbiyning fikrini takrorlab o‘tmoqchiman: «Men uchun eng kuchli tarkib — hozir qo‘l ostimda o‘ynayotgan tarkibdir». Men bu fikrga doimo amal qilib kelaman. Ixtiyorimda bor futbolchilardan foydalanib, doimo maksimal natijaga erishishga harakat qilaman.

— O‘zbekistonga kelishdan oldin 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qatnashgan jamoamizning o‘yinini kuzatganingizni va ularning iqtidoriga ishongan holda yurtimizga kelganingizni eshitgandim. Mana, keldingiz. Taxminlaringiz o‘zini oqladimi? Bu savol orqali shuni bilmoqchimanki, O‘zbekiston uchun avvaldan tuzilgan strategiya asosida ishlayapsizmi yoki futbolchilarning holatidan kelib chiqib boshqa reja tuzishga to‘g‘ri keldimi?

— Olimpiya jamoasi hamisha kattalar jamoasiga eng yaqin terma hisoblanadi. Ha, 23 yoshli futbolchilarning o‘yinlarini ko‘rganman. Ular yaxshi saviyadalar. Avval ko‘rgan narsalarimdan hozir ham ko‘nglim to‘q. Ammo bitta muammo bor: olimpiya termasi safida o‘ynaganlarning milliy jamoaga moslashishi qiyin kech­yapti, negadir. Boisi, bu ikki xil toifa. Ularni tushunaman. Futbolchi o‘zidan kattalar bilan birga o‘ynaganda, avvalgidek o‘zini ko‘rsata olmaydi. Jahon futbolida ba’zi istisnolar bor. 18-19 yoshli futbolchi o‘zining shaxsiy xususiyatlari evaziga kattalar orasida ham yo‘qolib qolmaydi. Bundan tashqari, men O‘zbekistonning U-19, U-16 termalarini ham kuzatdim. U yerda ham milliy jamoada o‘ynab ketishi mumkin bo‘lgan futbolchilar bor. Ammo ular avvalo, bosh jamoa futbolchilari bilan birga yashab, birga mashg‘ulotlarda ishtirok etishlari lozim. Shunda asosiy jamoaga tez moslashishadi. Shuningdek, ko‘pchilik o‘ylaydiki, o‘yinchi 30 yoshdan oshsa, undan voz kechish kerak. Ammo men doim bugungi kun bilan yashayman. Qaysidir futbolchi terma talabiga mos kelsa, u 35 yoshda bo‘lsa ham yig‘inga taklif qilaman.

— Endi o‘yin uslubiga murojaat qilmoqchiman. O‘zbekiston Osiyo kubogiga raqib tanlamaydigan o‘zining aniq o‘yin uslubi bilan ketyaptimi yoki raqiblarga qarab turlicha o‘yin uslubini qo‘llaysizmi?
— Avvalo, to‘rt oylik faoliyatimdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, bu davr men uchun o‘zbek futboli bilan tanishuv jarayoni bo‘ldi. Har bir mamlakatning o‘z urf-odatlari, o‘zining futbol falsafasi bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, terma jamoada ba’zi yangiliklarni amalga oshiryapmiz. Bu joriy qilayotgan yangiliklarim futbolchilarga yoqayotgandek tasavvur uy­g‘otyapti. Shu bois, O‘zbekiston termasi ushbu yig‘in davomida o‘zining yangi uslubiga ega bo‘lib boryapti. Osiyo kubogida bizning aniq o‘yin uslubimiz bo‘lishi kerak. Raqibdan kelib chiqib uslub tanlaydigan bo‘lsak, qisqa vaqt ichida ko‘p narsani o‘zgartira olmaymiz. Bu noto‘g‘ri hisoblanadi. To‘g‘ri, biz kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushganimizda, ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirishimiz mumkin. Ammo uslubni tubdan o‘zgartira olmaymiz. Misrda ishlaganimda ham shunday qilganmiz. Nigeriya va Gana kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda o‘yin uslubimizga juz’iy o‘zgartirishlar kiritganmiz. Natijalarimizga qarab, biz kiritayotgan ba’zi o‘zgarishlar qanchalik samara keltirishini bilib olamiz. Hamma xato qilishi mumkin, jumladan, murabbiy ham xatolardan xoli emas.

— Ham klubda, ham terma jamoada ishlagansiz. Siz uchun qaysi joyda ishlash qiyinroq?
— Terma jamoada ishlashning qiyin jihati shundan iboratki, unda vaqt kam bo‘ladi. Misol uchun, klubda 1 oy davomida o‘rgatishim kerak bo‘lgan narsani termada 4-5 kun ichida o‘rgata bilishim lozim. Bu juda qiyin. Bundan tashqari, o‘yinchilar o‘z klubida boshqacha funksiyalarni bajarishga o‘rganib qolgan bo‘lishadi, terma jamoada esa men ulardan mutlaqo boshqacha narsani talab qilishim mumkin. Ular milliy jamoa safida butunlay o‘zgacha o‘ynay olishlari kerak. Termada qisqa vaqt ichida ikki baravar ko‘p mehnat qilishimiz kerak bo‘ladi. Mehnat deganda men nafaqat jismoniy mashqlarni, balki aqliy tomondan ham ko‘proq ishlashni tushunaman.

— Murabbiy sifatida sizga qaysi uslubga qarshi o‘ynash osonroq? Misol uchun: yuqori pressingga asoslangan Kloppning o‘yiniga qarshi yoki Gvardiolaning «tiki-taka»siga o‘xshagan uslubga qarshi yoxud qattiq himoyalanib, olis paslar bilan hujumga o‘tadigan Mourinoning uslubiga qarshi?
— (Kuladi). Qaysi uslubga qarshi o‘ynash osonroq degan savolga javob berish juda qiyin. Boisi, murabbiy hech bir uslubga past nazar bilan qaramasligi kerak. Masalan, «Manchester Siti» o‘zining so‘nggi o‘yinida 2:3 hisobida yutqazdi. Gvardiola esa o‘yindan keyingi matbuot anjumanida: «Raqib butun jamoa bo‘lib himoyalanib, barcha gollarni qarshi hujumda urdi», — deb aytib o‘tdi. Demak, biz Gvardiola jamoasiga qarshi o‘ynaydigan bo‘lsak, biz ham qarshi hujumda o‘ynashimiz kerak. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, kuchsizroq jamoalarni boshqarganimda, o‘zimizdan kuchli bo‘lgan jamoalarga qarshi o‘yinlarda to‘g‘ri taktika tanlash orqali ularni yutganmiz. Shuning uchun men uchun eng muhimi - futbolchilarimning o‘ziga bo‘lgan ishonchi. Hozir qanday taktika asosida o‘ynashimiz mumkinligini aytmayman. Bu — sir. O‘yinchilar men talab qilayotgan narsani yurakdan to‘g‘riligini his qilib, 100 foiz kuch bilan harakat qilishlari shart. Shundagina har qanday raqib, har qanday taktikaga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatishimiz mumkin. Barcha murabbiyning o‘z falsafasi bor, barchani hurmat qilamiz, hech kimni kamsitmaymiz. Men qaysidir jamoani osonroq yutamiz, desam, raqib bizga qarshi syurpriz tanlab, bizni mag‘lub etib qo‘yishi mumkin. Bu murabbiyni yomon holatga tushirib qo‘yishi hech gap emas. Biz barcha raqiblarga qarshi birdek tayyorgarlik ko‘ramiz.

— Ajoyib suhbat uchun rahmat. Keyingi suhbatni 2 fevral kuni — Osiyo chempioni bo‘lganimizdan keyin uyushtiramiz, degan umiddamiz.
— (Kuladi). Rahmat.

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper tanlagan uslubini tubdan o‘zgartirmas ekan...