10:50 / 08.10.2020
3 520

Mutaxassis Shomurodovning eng kuchli jihatini aytdi. Bunaqasi Yevropada ham qadrlanadi!

Mutaxassis Shomurodovning eng kuchli jihatini aytdi. Bunaqasi Yevropada ham qadrlanadi!
O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning Rossiya premer-ligasidan Italiya A Seriyasiga ko‘chib o‘tgani hamon muxlisu mutaxassislar, murabbiylar tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Garchi Eldorning “Jenoa”ga o‘tishi qisqa muddatda amalga oshgan va ko‘pchilik buni kutilmagan transferligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, aslida hamyurtimizga kuchli chempionatlardan muntazam takliflar bo‘lgani endi-endi oshkor bo‘lmoqda.

Shomurodov bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilish jarayonida hamyurtimiz Rossiya premer-ligasida mahoratini namoyish eta olganidan keyin Germaniyaning “Shtutgart, “Shalke”, Ispaniyaning “Selta”, “Sevilya”, Fransiyaning “Lion”, “Lill”, Belgiyaning “Gent”, Turkiyaning “Galatasaroy”, Italiyaning “Verona”, “Fiorentina”, “Jenoa” kabi jamoalari nishonida turganiga guvoh bo‘ldik. Bu jamoalar hujumchimiz uchun 5 milliondan 15 million yevrogacha bulgan summani taklif qilgan ekan. Shuningdek, Rossiyaning grand klublari va Osiyo jamoalari ham Eldorga ko‘z tikkani bor gap. Biroq, o‘zbekistonlik hujumchi faqat Yevropadan bo‘ladigan taklifni qabul qilishini bildirgan.

Mana, mashaqqatli mehnatlar samarasi ko‘rinib, orzular haqiqatga aylanib, Eldor Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa” bilan to‘rt yillik shartnomaga imzo chekdi. Hozir ko‘pchilik mutaxassislar hujumchimizning A Seriyada o‘ynab keta olish imkoniyatlarini chamalash bilan ovora. Eldorning o‘zi 2022 yilgi jahon chempionati va 2023 yili bo‘ladigan Osiyo chempionatining qo‘shma saralash turniriga tayyorgarlik ko‘rish uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov tashkil qilgan yig‘inda ishtirok etmoqda.

Rossiyalik futbol tahlilchisi Yevgeniy Shevelev eng ommaviy sport saytlaridan biri Sports.ru maxsus loyihasi doirasida Eldor Shomurodovning Yevropa futbolidagi imkoniyatiga baho berdi.

- To‘g‘risi, Shomurodovning transferi bo‘yicha biroz shubhaga berildim. Chunki Eldor turlicha kuchli sifatlarni o‘zida mujassam qilgan. Futbolda raqibni ortda qoldirib yugura oladigan, qanotlardan bo‘lgan uzatmalarga ega chiqadigan, “ikkinchi qavat”dagi yakkakurashlarda ustunlik qiladigan hujumchilar kam. Yevropada o‘z o‘yin uslubi bilan raqibini bir necha vazifani bajarishga majbur qilib, qiyin ahvolga solib qo‘ya oladigan forvardlarni juda qadrlashadi. Eldor ana shunaqa hujumchilardan.

Aytish joizki, u uzoq vaqt gol urolmadi. Bu Shomurodovning “tugab qolganidan” dalolat bermaydi. Aksincha, bu Eldorning shaxsiy muammoasi emas, balki “Rostov” o‘yinidagi kamchilikdir. Keyingi paytda “Rostov” juda oddiy va raqiblar uchun qulay tarzda o‘yin ko‘rsata boshladi. Nazariy jihatdan rostovliklarning maydondagi xato va kamchiliklarini ko‘p tahlil qilganmiz.

Shomurodovning o‘yini jamoadoshlariga bog‘langan. Shunga qaramay, u bo‘sh hudud topib, yaxshi ochila oladi. Rossiya premer-ligasida bunaqa hujumchilar juda noyob. Ko‘p forvardlar to‘p yuqoridan oshirilgan paytda himoyachilardan “qochib ketishni”, vaqtida to‘g‘ri pozitsiya tanlashni, ochilishni eplay olmaydi
, - deydi Shevelev.

Eldor Shomurodovning o‘yinini tahlil qilayotgan mutaxassislar uning tezkorligi, bosh bilan yaxshi o‘ynay olish qobiliyati, aniq zarba berish imkoniyati, driblingi, yakkakurashlarda oxirigacha kurashishi kubi xususiyatlarini alohida tilga olmoqda.

Biz esa, Eldorning bu va boshqa hislatlari A Seriyada o‘zini ko‘rsatishi uchun kuchli asos bo‘lishiga ishonib qolamiz!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mutaxassis Shomurodovning eng kuchli jihatini aytdi. Bunaqasi Yevropada ham qadrlanadi!