17:06 / 13.03.2021
2 726

"Bunday gaplardan keyin uzoqqa bormaydi, men "real"chiman!": Superligada navbatdagi iste’fo kimniki bo‘ladi?

"Bunday gaplardan keyin uzoqqa bormaydi, men "real"chiman!": Superligada navbatdagi iste’fo kimniki bo‘ladi?
Futbol jamoaviy o‘yin. Lekin unda doim murabbiylar alohida o‘rin tutadi. Hatto, shunday o‘yinlar bo‘ladiki, unda ikki jamoaning murabbiylari o‘rtasida taktik yurishlar bo‘yicha ham jang kechadi. Axir natijaga javobgar bosh murabbiy deb bejizga aytilmaydi-ku.

Mana, Superligadagi iste’fo ham yuz berdi. No‘’mon Hasanov “Navbahor” bosh murabbiyligidan bo‘shatildi. Bunga sabab ilk turda o‘z maydonida yutqazib qo‘ygani bilan bog‘liq edi. To‘g‘risi, No‘’mon Nurmatovichning klubda uzoq ishlashi borasida baribir shubhalar yo‘q emasdi. Ammo bu darajada tez iste’foga chiqarilishi qaysidir ma’noda kutilmagan holat bo‘ldi. Biroq ko‘rinib turibdiki, ochilish marosimidagi uchrashuvda yo‘qotilgan uch ochko uchun rahbariyat uni kechirmadi.

Aslida ushbu maqola Hasanov iste’foga chiqarilmasidan oldin yozilayotgandi. Chunki o‘tgan yilgi holat yodimizga tushgandi. Unga ko‘ra, chempionatning dastlabki turlaridan keyin asta-sekin klublarda murabbiylarning iste’folari yuz bera boshlagandi. Bunday holat “Surxon” va “Qizilqum” bilan sodir bo‘lgan. Keyin esa uchinchi turdan keyin Aleksandr Xomyakov “Andijon”dan ketganini rasman e’lon qilgandi. Shularni tahlil qilgan holda mavsum boshlangach, ilk iste’fo kimniki bo‘ladi, degan mazmunda yozilayotgan maqola edi. Biroq No‘’mon Hasanovga ilk turdan keyinoq chiqish eshiklari ko‘rsatilishi evaziga mazkur maqolani ham biroz o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi.

“Navbahor” doim diqqat-markazimizda bo‘lib kelgan. U yerdagi turli o‘zgarishlar, hodisa va voqealar bunga sabab. O‘z oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilganini baralla aytgan viloyat hokimi uchun ham birinchi uchrashuvda minglab namanganlik muxlislar qarshisida jamoasining mag‘lub bo‘lganini ko‘rish og‘ir botdi. Balki unga yana biroz imkon berish kerak edi, degan fikrlar ham bo‘lishi tabiiy. Lekin ilk o‘yindan keyinoq ishonchni yo‘qotishi murabbiy uchun juda qimmatga tushdi.

Ustiga-ustak Hasanov mavsum boshlanishidan oldin o‘tkazilgan taqdimot marosimida “Navbahor”ning bu yil “Barselona” bo‘ladi, degan gapi ham mana endi ortiqcha bo‘lgani ko‘rinib qoldi. Bunday vaziyatda murabbiy xissiyotlarga berilib ketmasligi kerak. Chunki oldinda nima kutib turganini hech birimiz bilmaymiz. Buni Hasanov misolida ko‘rdik. Yanada qizig‘i, No‘’mon Hasanov o‘sha gapini aytgach, darhol viloyat hokimi unga o‘sha vaziyatning o‘zidayoq javob qaytargan: “Aziz muxlislar, bunday gaplardan keyin uzoqqa bormaydi, men “real”chiman!” Albatta, bu hazilomuz tarzda aytilgan gap edi, ammo farishtalar omiyn degan shekilli, mana Hasanov chindan ham uzoqqa bormadi. Shuning uchun doim tilga ehtiyot bo‘lish kerak.

Kecha saytimiz orqali “Navbahor” futbolchisi Davron Hoshimovning ilk o‘yindagi mag‘lubiyat borasida bildirgan fikrlarini ham e’tiboringizga havola qilgandik. Jamoa va uning ichki muhitiga boy berilgan o‘yin og‘ir zarba bo‘lganini aytdi. Endilikda Viktor Jalilov bosh murabbiylikka tayinlandi. U haqda ortiqcha gapirish shart emas. Qanday mutaxassisligini barcha biladi. Ammo ko‘rinib turibdiki, “Navbahor” uchun natija ustivor vazifa hisoblanadi. Viktor Romanovichning zimmasiga ham Hasanovga qo‘yilgan talablar yuklatilgan bo‘lsa ajab emas. Lekin oldinda “Lokomotiv”ga qarshi jiddiy o‘yin kutyapti. Hech kim g‘alabani raqibiga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘ymaydi. Shu bois futbolda g‘alaba kafolatlanmagan. Agar namanganliklar yana omadsizlikka uchrasa, Jalilovga Hasanovning kuni tushmasmikin? Bizningcha, bu masala bo‘yicha ikkala tomon barchasini obdon gaplashib olishgan deb o‘ylaymiz.

Baribir “Navbahor”da bosh murabbiyning o‘zgargani jamoa o‘yiniga va rejalariga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Lekin murabbiy masalasida vaziyatni chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, balki bunday vaziyat bo‘lishiga jamoa rahbariyati ham qaysidir ma’noda sababchidek. Yodingizda bo‘lsa, qishda klubda bosh murabbiy masalasi ko‘ndalang turgandi. O‘shanda bu lavozimga bir qator mutaxassislarning nomzodlarini ko‘rib chiqishgan. Samvel Babayan ham ulardan biri edi. Yana xorijdan ham variantlari yo‘q emasdi.

Albatta, boshqalar bilan muzokaralar qanday kechganini bilmaymiz, balki kimdir rozi bo‘lmagandir, boshqasi bilan kelisha olmagandir. Babayan esa namanganliklarning taklifini nima uchun qabul qilmagani yuzasidan sports.uz saytiga batafsil gapirib bergandi. Yakunda yana No‘’mon Hasanovga ishonch bildirilgan. Mana, nima bo‘lganini ko‘rib turibsiz. Shuning uchun “Navbahor”dek natija talab qilinadigan jamoada ishlash murabbiylar uchun oson emas. Ortiqcha kutilmaydi. Chunki bu yerda muxlislar ham jamoaning chempionligini sog‘ingan. Maqsad oliymi, demak shunga yarasha tarkib va murabbiylar jamlanishi maqsadga muvofiq. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

Yana o‘tgan yilgidagi kabi bu safar ham murabbiylarning iste’fosi ancha barvaqt boshlandi. Aslida-ku, mavsum boshlanmasidan avval bu holatga guvoh bo‘lganimizni unutmaslik kerak. “Mash’al”ning ispaniyalik ustozi Serxio Marinangeli yanvar oyida bosh murabbiy etib tayinlandi va qishki yig‘in chog‘idayoq oilaviy sabab tufayli klubni tark etishga majbur bo‘ldi. Aleksandr Xomyakov esa “Mash’al” ustozi sifatida tayinlandi.

Shuningdek, “Buxoro”da ham murabbiy bilan bog‘liq turli gap-so‘zlar tarqaldi. Sal qolsa, Davron Fayziyev ham klubdan ketishiga bir bahya qolgandek, go‘yo. Navbatdagi iste’fo kimniki, degan savolga javobni vaqt ko‘rsatadi. Albatta, barcha murabbiylarning bunday holatga tushib qolishini istamasdik. Biroq futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon ekan, demak, natijaga javobgar bo‘lgan murabbiylarga bu borada oson tutib bo‘lmaydi. Rahbarlar va muxlislar esa jamoasidan faqat g‘alabani kutishadi. Ayniqsa, bu yilgi Superligamizda natija qachon kelarkin, deya ko‘p kutib qolmoqchi emaslar, shekilli. Murabbiylar xushyor bo‘ling, navbatdagi iste’foga sizniki bo‘lib qolmasin?!

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bunday gaplardan keyin uzoqqa bormaydi, men "real"chiman!": Superligada navbatdagi iste’fo kimniki bo‘ladi?