19:30 / 19.04.2021
2 842

Shomurodov o‘ynayotgan chempionatda qo‘zg‘olon: “Yuventus”, “Inter” va “Milan” A Seriyani tark etsin!


Yevropa Superligasining tashkil etilishi turli mojarolarni keltirib chiqarmoqda. Aksariyat mamlakatlarda yangi turnirga qarshiliklar avj olib bormoqda.

Yevropa Superligasi mashhur klublarni o‘ynatish orqali katta daromad topish va ishtirokchi klublarga ham mo‘may summalarni taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. Bu g‘oya tashabbuskorlari “Real” prezidenti Florentino Peres va “Yuventus” rahbari Andrea Anelli. Ular tashkil qilayotgan ligani jahonga mashhur JP Morgan banki moliyalashtirishga tayyor.

Musobaqada jami 20 ta eng qudratli klub qatanashadi. Shular orasida beshtasi almashib turishi belgilangan. Superliga tashkil etilgani rasman e’lon qilingach, Yevropaning eng mashhur 12 klubi unda qatnashishini tasdiqladi. Bular  “Milan”, “Arsenal”, “Atletiko”, “Chelsi”, “Barselona”, “Inter”, “Yuventus”, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Real” va “Tottenxem” klublaridir. Keyinroq ular qatoriga “Bavariya”, “Leypsig”, “Portu” qo‘shiladigan bo‘ldi.

Yangi turnir Yevropa qit’asidagi futbolga mas’ul tashkilot – UYEFA tomonidan o‘tkazilayotgan Chempionlar ligasi va Yevropa ligasining kushandasiga aylanadi. Musobaqadan oqib keladigan daromad UYEFAni chetlab o‘tib, Superliganing tadbirkor tashkilotchilari va tashabbuskorlari g‘aznasiga quyiladi.

Shu bois, UYEFA va uning ortidan FIFA ham Superliga loyihasiga qarshilik qilmoqda. Bu ikki nufuzli muassasa Superligada qatnashadigan klublar va futbolchilar xalqaro o‘yinlarga qo‘yilmasligini uqtirdi. Terma jamoaga a’zo o‘yinchilar esa, FIFA miqyosidagi turnirlarda o‘z yurti jamoasiga yordam berishi taqiqlanadi.

Shuningdek, UYEFA joriy mavsumda yakuniy bosqichga yetib kelgan Chempionlar ligasi va Yevropa ligasini to‘xtatishi mumkinligini ham e’lon qildi. Chunki bu turnirda yarim finalga chiqqan jamoalardan beshtasi yangi Superligada qatnashishini tasdiqlagan klublardir. 

Masalaga sport tashkilotlaridan tashqari, ayrim mamlakatlar prezidentlari ham aralashmoqda. Fransiya rahbari Emmanuel Makron o‘z mamlakati klublariga bu turnirda qatnashishni taqiqladi.

Superturnir hali start olmay turib, A Seriyaga zarba berdi. Italiya chempionatida Eldor Shomurodov o‘ynayotgani bois, ligadagi o‘zgarishlarni kuzatib borishimiz tabiiy, albatta. Xullas,  A Seriyadan Superligada “Yuventus”, “Milan” va “Inter” qatnashadigan bo‘lgan. Skudetto uchun kurashda azaldan bu jamoalarga kuchi yetmay kelayotgan bir necha klublar Superligada qatnashmoqchi bo‘layotgan qudratli klublarni A Seriyadan chiqarib tashlashni talab qilmoqda. Xususan, “Atalanta”, “Kalyari” va “Verona” mutasaddilari shu taklifni ilgari surmoqda. Norozilar safi yanada kengayishi hech gap emas.

“Yuventus”, “Milan” va “Inter” chempionatdan chetlatish talabi A Seriya kengashining shoshilinch chaqirtirilgan majlisida o‘rtaga tashlandi. A Liga prezidenti Paolo Dal Pino bu masala UYEFAning Superliga tashkil etilishi haqidagi hujjatini qabul qildi.

Qiziq tomoni, “Yuventus” prezidenti Andrea Anelli Superliga tashabbuskorlaridan biri va liga vitse-prezidentligiga tasdiqlangach, 246 futbol klubi manfaatlarini himoya qiluvchi Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) rahbarligidan ham voz kechdi. U yangi loyiha tarafdori va Florentino Peresning hammaslagidir.

Yana bir e’tiborli tomoni, ular vaqti kelib, UYEFA va FIFA Superliga bilan hamkorlik qilishiga ishonch bildirmoqda.
Hozircha, g‘oyaviy kurashlar avj nuqtasi sari jadal ko‘tarilib bormoqda. Agar Superliga tashkilotchilarining qo‘li baland kelsa, Yevropa futbolida juda katta o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Bu jahon futboliga ham ta’sir qilishi, shubhasiz. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov o‘ynayotgan chempionatda qo‘zg‘olon: “Yuventus”, “Inter” va “Milan” A Seriyani tark etsin!