date

O‘zbekistonda sun’iy intellekt endi har bir maktabga kirib boradi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt endi har bir maktabga kirib boradi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt (SI) sohasini keng rivojlantirish va yoshlarni bu yo‘nalishga faol jalb etish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator yirik tashabbuslar ilgari surildi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda davlat rahbari har yili noyabr oyini “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu doirada o‘quvchilar, talabalar, yosh olimlar va dasturchilar uchun maxsus tanlovlar, seminarlar va loyihalar tashkil qilinadi.

Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida SI startap tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. G‘olib deb topilgan maktablarga zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyalari qurib beriladi. Bu esa yosh avlodda texnologik tafakkurni shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.

Forum davomida yana bir muhim tashabbus — “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilishi e’lon qilindi. Ushbu dastur orqali yoshlar orasida texnologiyaga qiziqish kuchaytiriladi, iqtidorli yoshlarga ko‘mak beriladi.

Bundan tashqari, 2030 yilgacha 4,75 million o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi hamda 100 ming davlat xizmatchisi sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari orqali tayyorlanadi.

Yirik texnologik hamkorlik doirasida esa Nvidia kompaniyasi bilan sun’iy intellektga ixtisoslashgan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi. Bundan tashqari, Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisi ochiladi, yurtimizdagi “Kelajak markazlari”da esa sun’iy intellekt dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Mazkur tashabbuslar mamlakatda zamonaviy texnologiyalar asosida raqamli iqtisodiyot va bilimga asoslangan jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda sun’iy intellekt endi har bir maktabga kirib boradi