Samsung yarimoʻtkazgichlar boʻlimi xodimlariga 339 ming dollardan bonus beradi

Samsung kompaniyasi oʻzining yarimoʻtkazgichlar boʻlimida kutilayotgan keng koʻlamli ish tashlashning oldini olishga muvaffaq boʻldi. Rahbariyat xodimlarga rekord darajadagi toʻlovlarni amalga oshirishga rozi boʻldi — jami summa qariyb 40 trillion vonni (taxminan 26,6 milliard dollar) tashkil etadi. Hisob-kitoblarga koʻra, har bir xodim oʻrtacha 339 ming dollar miqdorida bonus oladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya yillik foydaning 10,5 foizini aksiyalar koʻrinishidagi bonuslarga, yana 1,5 foizini esa naqd pul toʻlovlariga yoʻnaltirishga kelishib oldi. Garchi bu kasaba uyushmasi talab qilgan 15 foizdan kam boʻlsa-da, taklif raqobatchilar, xususan, SK Hynix darajasidan yuqori boʻldi. Muhimi, ushbu dastur bir martalik emas, balki maqsadli koʻrsatkichlar bajarilgan taqdirda 10 yilga moʻljallangan.
Xodimlar olingan aksiyalarning taxminan uchdan bir qismini darhol sotishlari mumkin, qolgan qismi esa ikki yil davomida bosqichma-bosqich sotuvga ruxsat etiladi. Samsung rahbariyati va ishchilar oʻrtasidagi nizo sunʼiy intellekt (AI) bumu fonida yuzaga keldi. Bu texnologiya DRAM va HBM xotira chiplariga boʻlgan talabni keskin oshirib yubordi.
Samsung kompaniyasi Micron va SK Hynix bilan bir qatorda ushbu chiplarning dunyodagi uchta asosiy ishlab chiqaruvchisidan biri boʻlib qolmoqda. 2026-yilning birinchi choragida yarimoʻtkazgichlar boʻlimi Samsung umumiy operatsion foydasining 94 foizigacha qismini taʼminladi, bu esa xodimlarning muzokaralardagi asosiy daliliga aylandi.
Avvalroq kasaba uyushmasi 18 kunlik ish tashlash oʻtkazishni rejalashtirgan edi, bu esa jahon xotira chiplari bozoriga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin edi. Biroq, ish tashlash boshlanishiga bir kun qolganda tomonlar oʻzaro kelishuvga erishdilar. Shuningdek, xodimlar yillik ish haqining 50 foizi bilan cheklangan bonus miqdorini bekor qilishga ham erishdilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!