Anker Solix S2000: 2 kW quvvatga ega yengil va arzon zaryadlash stansiyasi

Anker Solix brendi oʻzining zaxira quvvat manbalari qatorini yangi Anker Solix S2000 portativ zaryadlash stansiyasi bilan kengaytirdi. Yangi qurilma ixcham sayyohlik akkumulyatorlari va ulkan uy uzluksiz quvvat tizimlari oʻrtasidagi oraliq yechim sifatida taqdim etildi. Muhandislar odatiy 1 kilovattli modellar korpusiga ikki baravar koʻp — 2010 W·soat sigʻimni joylashtirishga muvaffaq boʻlishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qurilmaning asosiy yutugʻi uning oʻlchamlari va vazni kamaytirilganidir. Oʻlchami 20 × 28 × 32 sm boʻlgan stansiya bor-yoʻgʻi 16,2 kg tosh bosadi. Bu koʻrsatkich bilan u avvalgi C2000 Gen 2 modelidan 2,7 kg yengilroq, oʻtmishdagi Anker F2000 kabi analoglaridan esa deyarli ikki baravar ixchamroqdir. Shuningdek, Solix S2000 kutish rejimida rekord darajadagi past — 6 W dan kam energiya sarflaydi.
Stansiya litiy-temir-fosfat (LiFePO4) batareyalari asosida qurilgan. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, qurilma 10 000 marta zaryadlash siklidan keyin ham oʻz sigʻimining 60 foizini saqlab qoladi, bu esa taxminan 15 yillik muntazam foydalanishga teng. Chiqish quvvati 1,5 kW (choʻqqi nuqtada 3 kW) ni tashkil etadi. Qurilmani tarmoqdan 1,6 kW, quyosh panellaridan esa 400 W quvvat bilan zaryadlash mumkin.
Anker Solix S2000 beshta oʻzgaruvchan tok rozetkasi, 100 vattli USB-C (Power Delivery), 15 vattli USB-C va bitta USB-A porti bilan jihozlangan. Ixchamlikni taʼminlash maqsadida qurilmadan 12 voltli avtomobil zajigalkasi olib tashlangan. Qurilmaning rasmiy sotuvi 2026-yil 2-iyunga rejalashtirilgan boʻlib, AQSHda dastlabki buyurtma bosqichida uni 600 dollar evaziga xarid qilish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!