Blue Origin kompaniyasining New Glenn raketasi sinov vaqtida portlab ketdi

Blue Origin kompaniyasining New Glenn raketasi sinov vaqtida portlab ketdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Jeff Bezosga tegishli Blue Origin kompaniyasining New Glenn mega-raketasi Florida shtatidagi Kanaveral burnida rejalashtirilgan to'rtinchi parvoz oldidan o'tkazilgan statik olovli sinov paytida portlab ketdi.
  • Odatda sinov paytida uchish maydonchalari xavfsizlik maqsadida bo'shatib qo'yilishiga qaramay, hozircha hodisa oqibatida jarohatlanganlar bor-yo'qligi haqida aniq ma'lumot yo'q.

Jeff Bezosga tegishli Blue Origin kompaniyasining New Glenn mega-raketasi Florida shtatidagi Kanaveral burnida oʻtkazilgan sinovlar chogʻida portlab ketdi. NASASpaceFlight.com jonli efiri maʻlumotlariga koʻra, hodisa yaqin haftalarda rejalashtirilgan toʻrtinchi parvoz oldidan oʻtkazilayotgan statik olovli sinov paytida yuz bergan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Odatda raketa kompaniyalari sinov paytida uchish maydonchalarini xavfsizlik maqsadida boʻshatib qoʻyishadi, biroq hozircha hodisa oqibatida jarohatlanganlar bor-yoʻqligi haqida aniq maʻlumot yoʻq. Blue Origin, NASA, Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) va AQSH Kosmik kuchlari hozircha vaziyat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Ushbu portlash Blue Origin kompaniyasini New Glenn dasturini uzoq muddatga toʻxtatib turishga majbur qilishi mumkin. Kompaniya Elon Musk boshqaruvidagi SpaceX bilan raqobatlashish maqsadida oʻn yil davomida ishlab chiqilgan ushbu raketa yordamida joriy yilda 12 tagacha parvozni amalga oshirishni rejalashtirgan edi.

Shuningdek, ushbu raketa NASAning Oyga yoʻnaltirilgan Artemis missiyalarida ham muhim rol oʻynashi kutilayotgan edi. Portlashdan koʻp oʻtmay, Elon Musk oʻzining X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida: “Juda afsuslanarli. Raketa yasash — qiyin ish”, — deya munosabat bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, bir necha hafta oldin New Glenn raketasining uchinchi parvozi ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Oʻshanda raketaning yuqori bosqichi AST SpaceMobile sunʻiy yoʻldoshini orbitaga olib chiqa olmagan va missiya toʻliq boy berilgan edi. FAA oʻtgan haftagina ushbu nosozlik sabablari oʻrganilgach, parvozlarni davom ettirishga ruxsat bergan edi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar