Bending Spoons texnologiya bozorini hayratda qoldirdi: IPO’ning ilk kunida 40 foizlik oʻsish

Global dasturiy taʼminot (SaaS) bozori sunʼiy intellekt bosimi ostida turgʻunlikni boshdan kechirayotgan bir paytda, Italiyaning Bending Spoons kompaniyasi fond birjasidagi debyutini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Kompaniya aksiyalari savdolarning birinchi kunidayoq qariyb 40 foizga qimmatlashib, investorlarning ushbu sohaga boʻlgan ishonchini qayta tikladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Chorshanba kungi savdolar yakuniga koʻra, Bending Spoons aksiyalari 40,50 dollardan sotildi. Bu dastlabki ommaviy taklif (IPO) davridagi 29 dollarlik narxdan sezilarli darajada yuqoridir. Natijada, Milanda asos solingan 13 yillik kompaniyaning bozor kapitallashuvi 25,7 milliard dollarga yetdi. Bu uning xususiy sektorga tegishli boʻlgan vaqtdagi 11 milliard dollarlik bahosidan ikki baravar koʻp demakdir.
Eski brendlarga yangi hayot bagʻishlash strategiyasi
Bending Spoons oʻzining oʻziga xos biznes modeli bilan tanilgan: kompaniya oʻz davrida mashhur boʻlgan, ammo hozirda rivojlanishdan toʻxtab qolgan texnologik brendlarni sotib oladi va ularni qayta oyoqqa turgʻizadi. Uning portfelidan AOL, Eventbrite, Evernote, Meetup va Vimeo kabi taniqli servislar oʻrin olgan. Kompaniya ushbu platformalarni xarajatlarni qisqartirish, yangi funksiyalarni joriy etish va obuna narxlarini qayta koʻrib chiqish orqali daromadli biznesga aylantiradi.Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari ushbu strategiya oʻzini oqlayotganini koʻrsatmoqda. SEC maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning birinchi choragida Bending Spoons 601 million dollar daromad koʻrib, 27,4 million dollar sof foyda qayd etgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning shu davrida kompaniya 259 million dollar daromad bilan 112 million dollar zarar koʻrgan edi.
SaaS sohasidagi oʻzgarishlar va istiqbollar
Hozirgi vaqtda koʻplab anʼanaviy SaaS kompaniyalari ChatGPT va boshqa sunʼiy intellekt vositalari ularning oʻrnini egallashidan xavfsirab turgan bir paytda, Bending Spoons muvaffaqiyati sohaga yangi ruh bagʻishladi. Kompaniya daromadining asosiy qismi, yaʼni 84 foizi obunalar hisobiga shakllanadi. Boshqa xususiy investitsiya fondlaridan farqli oʻlaroq, Bending Spoons sotib olingan bizneslarni qayta sotishni rejalashtirmaydi, balki ularni uzoq muddatli aktiv sifatida saqlab qoladi.Bozorda bunday strategiya bilan ishlaydigan boshqa kompaniyalar ham mavjud boʻlib, ular koʻpincha "venture zombie" (rivojlanishi sekinlashgan dasturiy taʼminot firmalari) bilan ishlovchilar deb ataladi. Bularga quyidagilar kiradi:
- Constellation Software
- SaaS.group
- Arising Ventures
- Calm Capital
- Tiny






























Izohlar 0
…