Yerning “hayotiy koʻrsatkichlari” yomonlashmoqda: Olimlar iqlimiy falokatdan ogohlantirdi

Oregon shtati universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan yangi tadqiqot Yer sayyorasining “hayotiy koʻrsatkichlari” xavfli darajada yomonlashayotganini koʻrsatdi. Dunyo miqyosida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yetarli emasligi sababli, iqlim barqarorligi izdan chiqmoqda. Mutaxassislarning fikricha, joriy iqtisodiy modelning oʻzgarmasdan qolishi ekstremal tabiiy hodisalar sonining yanada ortishiga olib keladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tadqiqot mualliflari insoniyat tomonidan keltirib chiqarilgan iqlim oʻzgarishi Yer tarixida qisqa davrni tashkil etsa-da, uning oqibatlari jamiyat tasavvur qilganidan koʻra ancha uzoq muddatli va tizimli ekanini taʼkidlamoqda. Garchi “parnik effekti” tushunchasi XIX asr boshlaridayoq shakllangan boʻlsa-da, faqat 1980-yillarga kelibgina global haroratning rekord darajada koʻtarilishi va muzliklarning erishi iqlim muammosini kun tartibiga chiqardi.
Ekstremal hodisalar va rekord darajadagi issiqlik
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, 2019-yildan buyon dunyo miqyosida tabiiy ofatlar va iqlimiy anomaliyalar sezilarli darajada koʻpaygan. Bunga keng koʻlamli suv toshqinlari, oʻrmon yongʻinlari, anomal issiqlik toʻlqinlari va kuchli shtormlar misol boʻla oladi. Soʻnggi ikki yil ichida atmosferadagi issiqxona gazlari miqdori kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichga yetgan.Olimlar sayyora salomatligining asosiy indikatorlari sifatida Amazoniya tropik oʻrmonlari va marjon riflarining holatiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Hozirda Amazoniya hududida oʻrmonlarning keskin qisqarishi davom etmoqda, okean suvining kislotalashishi esa marjon ekotizimlarining tanazzuliga sabab boʻlmoqda. Bu jarayonlar nafaqat mintaqaviy, balki global ekologik muvozanatga zarba bermoqda.
Strukturaviy oʻzgarishlar zaruriyati
Tadqiqot hammuallifi Filip Daffining soʻzlariga koʻra, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlimiy yechimlarga keng koʻlamli investitsiyalar kiritish tezlashtirilmasa, bir qator ekotizimlar uchun “ortga qaytmas nuqta” yaqinlashadi. Hatto COVID-19 pandemiyasi davridagi global cheklovlar ham issiqxona gazlari konsentratsiyasini barqaror pasaytira olmagani muammoning naqadar chuqur va tizimli ekanini isbotladi.Vaziyatni oʻnglash uchun olimlar quyidagi choralarni amalga oshirishni taklif qilmoqda:
- Qazib olinadigan yoqilgʻi turlaridan tezkorlik bilan voz kechish;
- Uglerod emissiyasini tartibga soluvchi qatʼiy choralarni joriy etish;
- Tabiiy ekotizimlarni tiklashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish;
- Energetika va sanoat infratuzilmasini tubdan yangilash.






























Izohlar 0
…