SpaceX raketasining boʻlagi 5-avgust kuni Oyga urilishi kutilmoqda

Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi boʻlagi kutilmagan trayektoriya boʻylab harakatlanib, joriy yilning 5-avgust kuni Oy yuzasiga borib urilishi mumkin. NASA mutaxassislari ushbu hodisani diqqat bilan kuzatib bormoqda, chunki bu koinotdagi chiqindilar bilan bogʻliq navbatdagi jiddiy holat hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Gap 2025-yil yanvar oyida Oyga ikkita qoʻnish apparatini uchirish vaqtida koinotda qolib ketgan raketaning yuqori pogʻonasi (razgon bloki) haqida bormoqda. Dastlab bu boʻlakning Oy bilan toʻqnashuvi rejalashtirilmagan edi, biroq gravitatsion kuchlar taʼsirida uning yoʻnalishi oʻzgarib ketgan. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur holatni birinchi boʻlib koinot obʼyektlarini kuzatish dasturi yaratuvchisi, astronom Bill Grey aniqlagan.
Hozirgi hisob-kitoblarga koʻra, ogʻirligi taxminan 4 tonnani tashkil etuvchi ushbu metall boʻlagi soniyasiga 2 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanmoqda. Astronomlar avvalroq toʻqnashuv mart oyida yuz berishini taxmin qilishgan edi, biroq yangilangan maʼlumotlar 5-avgust sanasini koʻrsatmoqda.
Ilmiy kuzatuvlar va kutilmalar
NASA qoshidagi Quyosh tizimini tadqiq qilish virtual instituti (SSERVI) mutaxassislari ushbu voqeani muhokama qilish uchun maxsus yigʻilish oʻtkazdilar. Olimlarning fikricha, garchi bu voqea tasodifiy boʻlsa-da, u Oy yuzasining oʻzgarishini oʻrganish uchun noyob imkoniyat yaratishi mumkin. Oy tabiiy ravishda ham doimiy ravishda meteoritlar zarbasiga uchrab turadi.Taxminlarga koʻra, raketa boʻlagi Oyning Yerga koʻrinib turadigan qismining chekka hududiga tushadi. Agar zarba natijasida Quyosh nuri bilan yoritilgan ulkan chang buluti koʻtarilsa, uni hatto Yerdagi kuchli teleskoplar yordamida ham koʻrish imkoniyati tugʻiladi. Biroq NASAning meteorlarni kuzatish dasturi rahbari Uilyam Kuk bu ehtimolga shubha bilan qaramoqda va toʻqnashuvni vizual kuzatish oʻta qiyin boʻlishini taʼkidlamoqda.
Taʼkidlash joizki, ushbu hodisa Yer sayyorasi yoki undagi aholi uchun hech qanday xavf tugʻdirmaydi. Koinot boʻshligʻidagi bunday hodisalar faqatgina koinot chiqindilari muammosi tobora dolzarblashib borayotganini anglatadi. Avvalroq, toʻrt yil muqaddam Lunar Reconnaissance Orbiter apparati Oyda nomaʼlum koinot chiqindisi urilishi natijasida hosil boʻlgan yangi kraterni qayd etgan edi.
Hozircha SpaceX kompaniyasi ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi. Odatda Oyga ilmiy maqsadlarda ataylab qurilmalar urilishi (impaktorlar) amalga oshiriladi, biroq Falcon 9 boʻlagining qulashi toʻliq nazorat qilib boʻlmaydigan va rejalashtirilmagan jarayondir.






























Izohlar 0
…