AQSH tibbiyot tizimiga xizmat koʻrsatuvchi Craneware kompaniyasi kiberhujumga uchradi

AQSHdagi minglab shifoxona va dorixonalar uchun dasturiy taʼminot yetkazib beruvchi Britaniyaning Craneware kompaniyasi yirik kiberhujumga uchraganini maʼlum qildi. Kompaniya tizimlaridan mijozlar va xodimlarga tegishli juda katta hajmdagi maʼlumotlar oʻgʻirlangan. Bu voqea Amerika sogʻliqni saqlash tizimida texnologik xavfsizlik masalasi naqadar nozik ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
London fond birjasiga taqdim etilgan rasmiy hisobotga koʻra, xakerlar allaqachon tizimdan chiqarib yuborilgan, biroq hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda. Craneware AQSHdagi tibbiyot muassasalari uchun hisob-kitob va billing xizmatlarini koʻrsatuvchi yetakchi provayderlardan biri hisoblanadi. Shu sababli, oʻgʻirlangan maʼlumotlar orasida bemorlarning shaxsiy va tibbiy qaydlari boʻlishi ehtimoli yuqori.
Kompaniya hozircha aynan qancha va qanday turdagi maʼlumotlar oʻgʻirlanganiga aniqlik kiritmadi. Faqatgina xodimlar, mijozlar va hamkorlarning maʼlum bir foiziga tegishli yozuvlar xakerlar qoʻliga oʻtgani tasdiqlangan. TechCrunch nashri maʼlumotiga koʻra, Craneware 2021-yilda Sentry kompaniyasini sotib olgach, uning bazasidagi 147 milliondan ortiq bemorlar haqidagi yigirma yillik arxiv maʼlumotlariga ham egalik qila boshlagan edi.
Sogʻliqni saqlash sohasiga tizimli hujumlar
Craneware bosh direktori Keith Neilson hozircha xakerlar tomonidan biror tovlamachilik talabi qoʻyilgani yoki yoʻqligi borasidagi savollarni ochiqlamadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday hujumlar odatda kompaniyani katta miqdordagi tovon puli toʻlashga majburlash yoki oʻgʻirlangan maʼlumotlarni qora bozorda sotish maqsadida amalga oshiriladi.Ushbu holat soʻnggi oylarda AQSH sogʻliqni saqlash sektoriga xizmat koʻrsatuvchi texnologik gigantlarga qilingan ketma-ket hujumlarning bir qismidir. Xakerlar bevosita shifoxonalarga emas, balki ularga billing va maʼlumotlarni qayta ishlash xizmatini koʻrsatuvchi autsorsing kompaniyalariga hujum qilish orqali millionlab odamlarning shaxsiy maʼlumotlariga osonroq yoʻl topmoqda.
Soʻnggi bir yil ichida ushbu sohada bir qator yirik oʻgʻirliklar qayd etildi:
- Mart oyida TriZetto kompaniyasi 3,4 milliondan ortiq kishining maʼlumotlari oʻgʻirlanganini tasdiqladi;
- CareCloud giganti elektron sogʻliqni saqlash qaydlari bazasi buzib kirilgani haqida hisobot berdi;
- Oʻtgan yilning iyul oyida Episource kompaniyasi 5,4 million foydalanuvchini maʼlumotlar sizib chiqqani haqida ogohlantirdi.






























Izohlar 0
…