Xorvatiyaning Verne kompaniyasi Zagrebda robotaksi xizmatini ishga tushirdi

Xorvatiyaning Verne kompaniyasi Zagreb shahrida Yevropadagi ilk robotaksi xizmatini sinovdan o‘tkazmoqda. Loyiha Uber va avtonom boshqaruv texnologiyalari bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Pony.ai kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Hozirda shaharda 10 ta haydovchisiz avtomobil cheklangan foydalanuvchilar uchun xizmat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Sinov bosqichida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida har bir avtomobilda operator-xodim o‘tiribdi. U rul boshqaruviga bevosita aralashmaydi, faqat favqulodda vaziyatlarda nazoratni o‘z qo‘liga oladi. AFP agentligi jurnalistlari o‘tkazgan test safarida tizim kutilmagan to‘siqlarga duch kelgan bo‘lsa-da, avtomatlashtirilgan tizim xavfsiz to‘xtashni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Verne ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda 300 ga yaqin yo‘lovchi ushbu xizmatdan foydalanmoqda va ularning 90 foizi safar sifatini yuqori baholagan. Robotaksilar kamera, lidar va radar sensorlari yordamida atrof-muhitning uch o‘lchamli modelini yaratib, real vaqt rejimida qaror qabul qiladi. Hozirda xizmat Zagreb markazi, janubiy tumanlar va aeroport hududida ishlamoqda.
Hozirgi vaqtda safar narxi 1,99 yevroni tashkil etadi, biroq bu vaqtinchalik narx hisoblanadi. Kompaniya 2026-yil oxiriga qadar to‘liq haydovchisiz boshqaruvga o‘tishni rejalashtirmoqda. Verne kelgusida Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaqin Sharqning 11 ta shahrida ham o‘z xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!