23:08 / 09.05.2022
1 700

Putin G‘alaba paradida so‘zga chiqib, global urushning oldini olishga chaqirdi

Putin G‘alaba paradida so‘zga chiqib, global urushning oldini olishga chaqirdi
Foto: Reuters
Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba paradida so‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin jahon urushi va uning oqibatlari takrorlanishining oldini olishga chaqirdi.

«Bizning burchimiz natsizmni tor-mor etgan, hushyor bo‘lishni va global urush dahshatlari qayta takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilishni vasiyat qilgan ajdodlar xotirasini saqlashdir», — dedi u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro munosabatlardagi tafovutlarga qaramay, Rossiya har doim «jahon hamjamiyati uchun hayotiy muhim» bo‘lgan teng va bo‘linmas xavfsizlik tizimini yaratish tarafdori bo‘lib kelgan.

Rossiya prezidenti o‘z nutqining asosiy qismini NATO davlatlari va Ukrainaga bag‘ishladi. U Moskvaning 2021 yil dekabrda NATO davlatlari bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim tuzish haqidagi taklifini esladi: «Rossiya G‘arbni halol muloqot o‘tkazishga, oqilona, ​​murosasiz yechimlar izlashga, bir-birining manfaatlarini hisobga olishga chaqirdi». Biroq, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, blokning «rejalari butunlay boshqa bo‘lgan».

«Donbassda navbatdagi jazo operatsiyasiga, tarixiy yerlarimiz, jumladan, Qrimga bostirib kirishga ochiqdan ochiq tayyorgarlik ko‘rilayotgan edi», — dedi Putin. Bundan tashqari, uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning yadroviy qurolga ega bo‘lishi ehtimoli ma’lum qilingan, NATO bloki esa harbiy infratuzilmasini joylashtirish va Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali Rossiyaga qo‘shni hududlarni «faol rivojlantirish»ni boshlagan. Bularning barchasi mamlakat uchun xavf tug‘dirdi, dedi Putin.

Putinning fikricha, bu Rossiyaning «neonatsistlar va banderalar» bilan «muqarrar to‘qnashuvi»dan darak berardi, bundan esa «AQSH va uning kichik hamkorlari manfaatdor bo‘lgan». Shu munosabat bilan Rossiya Ukrainada harbiy operatsiya boshlagan, Putin buni «xavfning oldini olish» va majburiy qaror deb atadi.

Rossiya qurolli kuchlari va Donbassdagi jangarilarga murojaat qilar ekan, Putin «Ikkinchi jahon urushi saboqlarini hech kim unutmasligini, jallodlar, jazolovchilar va natsistlarga dunyoda joy qolmasligi uchun» kurashayotganini aytdi.

Bu yil Moskvadagi G‘alaba paradi aviabo‘linmaning ishtirokisiz o‘tkazildi: bu ob-havoning yomonligi bilan izohlandi. Tadbirga xorijiy davlatlar rahbarlaridan birortasi kelmadi.

8 may kuni Putin ukrainaliklarni G‘alaba kuni bilan tabriklab, ularga «tinch va adolatli kelajak» tilagan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin G‘alaba paradida so‘zga chiqib, global urushning oldini olishga chaqirdi