Ayollar paypoqlariga 225 ta ozdiruvchi ukol yashirdi

Ayollar paypoqlariga 225 ta ozdiruvchi ukol yashirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • To‘rt nafar ayol Gonkongdan Xitoyga 225 ta ozdiruvchi ukolni paypoqlari va cho‘ntaklariga yashirib olib o‘tishga uringan vaqtida Luoxu chegara nazorat punktida qo‘lga olindi.
  • Har bir paketda 25 tadan in’eksiya ruchkasi bo‘lgan, umumiy hisobda 225 ta ukol musodara qilingan.
  • Ayollar o‘zlarini xavotirli tutgani sababli alohida tekshiruvga olingan va ularning kiyimlaridan in’eksiyalar topilgan.

To‘rt nafar ayol Xitoy chegara nazorati punkti orqali 225 ta “ozdiruvchi ukol”ni yashirincha olib o‘tishga uringan vaqtida qo‘lga olindi. Ular tibbiy in’eksiyalarni paypoqlari va kiyim cho‘ntaklariga yashirgan.

Bojxona xodimlari ayollarni keng shimlarda boshlarini egib, nazoratchilarning ko‘ziga qaramasdan o‘tayotganida to‘xtatgan. Yo‘lovchilarning hech biri yashirib olib o‘tayotgan ozdiruvchi in’eksiyalarini deklaratsiyada ko‘rsatmagan.

Hodisa 12 sentyabr kuni e’lon qilingan bojxona bildirishnomasiga ko‘ra, ayollar Gonkongdan Xitoy materigiga kirishga uringan paytda Luoxu chegara nazorat punktida sodir bo‘lgan. Bu haqda Need To Know xabar berdi.

Bojxona xodimlarining ma’lum qilishicha, ayollar tekshiruv hududiga birin-ketin kirgan. Ular o‘zlarini xavotirli tutgani sababli xodimlar tomonidan alohida tekshiruvga olingan.

Ayollardan birining har ikki paypog‘i va cho‘ntagida paketlar borligi aniqlangan. Ikkinchi gumonlanuvchining o‘ng paypog‘ida bitta, cho‘ntagida esa yana bir paket yashirilgan.

Qolgan ikki ayolning har biri esa bittadan paketni paypog‘iga joylagan.

Bojxona ma’lumotiga ko‘ra, har bir paket ichida 25 tadan in’eksiya ruchkasi bo‘lgan. Shu tariqa, umumiy musodara qilingan ukollar soni 225 taga yetgan.

Nazoratchilar ayollarning kiyimlaridan o‘ramlarga joylangan in’eksiyalarni chiqarib olganidan so‘ng, ularning fotosuratlarini ham tarqatgan.

Rasmiy bildirishnomada yo‘lovchilarning ismlari, in’eksiyalarning qaysi brendga tegishli ekani yoki musodara qilingan mahsulotlarning bozordagi taxminiy qiymati keltirilmagan.

In’eksiyalar chegaraning ikki tomonidagi narxlar o‘rtasidagi katta farq tufayli noqonuniy savdo bozorida keng tarqalgan mashhur ozdiruvchi ruchkalarga o‘xshagan.

Yaqin atrofdagi chegara nazorat punktlarida ham shunga o‘xshash holatlar qayd etilgan. Bunday ishlar kontrabandaga qarshi bo‘linmalarga yuborilgan.

Shuningdek, tegishli import ruxsati bo‘lmagan holatlarda deklaratsiya qilinmagan tibbiy in’eksiyalar kontrabanda sifatida baholanishi mumkin.

Hozircha bojxona organlari to‘rt ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani yoki ularga jarima qo‘llanilishi haqida ma’lumot bermagan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar