Internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekistonning o‘rni ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston “Speedtest Global Index” reytingida internet tezligi bo‘yicha o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshiladi. 2026 yil avgust oyida mamlakat ham mobil, ham simli internet tezligi bo‘yicha uch pog‘onaga yuqoriladi.
Speedtest ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekistonda mobil internetning o‘rtacha yuklab olish tezligi 62,42 Mbit/s dan 65,27 Mbit/s gacha oshgan. Natijada mamlakat mobil internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida 75-o‘rindan 72-o‘ringa ko‘tarilgan.
Shuningdek, 2026 yil boshidan buyon mobil internet tezligi sezilarli oshgan. Sakkiz oy davomida o‘rtacha yuklab olish tezligi 51,42 Mbit/s dan 65,27 Mbit/s gacha yetib, 27 foizga o‘sgan.
Simli internet bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarish qayd etilgan. Avgust oyida o‘rtacha yuklab olish tezligi 94,23 Mbit/s dan 94,50 Mbit/s gacha ko‘tarilgan. Shu hisobiga O‘zbekiston ushbu yo‘nalishdagi jahon reytingida 76-o‘rindan 73-o‘ringa chiqqan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida simli internet tezligi bo‘yicha birinchi o‘rinda qayd etilgan.
“Speedtest Global Index” mamlakatlardagi mobil va simli internet tezligini muntazam ravishda baholab, reytingni har oy yangilab boradi. Avgust oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning mobil internet bo‘yicha o‘rtacha tezligi 65,27 Mbit/s, simli internet bo‘yicha esa 94,50 Mbit/s ni tashkil etgan.






























Izohlar 0
…