Jurnalist besh ayiqni 5 500 mil uzoqlikka olib keldi

Jurnalist besh ayiqni 5 500 mil uzoqlikka olib keldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Britaniyalik tabiat himoyachisi Jimmi Doerti Janubiy Koreyadagi ayiq o‘ti fermasidan beshta Osiyo qora ayig‘ini qutqarib, ularni 5 500 mil uzoqlikdagi Buyuk Britaniyaga olib keldi.
  • Bara, Rumi, Seybit, Yon-gi va Huimang 20 yildan ortiq vaqt davomida zanglagan temir qafaslarda saqlangan bo‘lib, endi ular Suffolk grafligidagi Jimmy's Farm and Wildlife Park'ka joylashtirildi.

Britaniyalik tabiat himoyachisi va televideniyeda tanilgan fermer Jimmi Doerti Janubiy Koreyadagi ayiq o‘ti fermasidan beshta Osiyo qora ayig‘ini qutqarib, ularni 5 500 mil uzoqlikdagi Buyuk Britaniyaga olib keldi.

Bara, Rumi, Seybit, Yon-gi va Huimang 20 yildan ortiq vaqt davomida zanglagan temir qafaslarda saqlangan. Hozir ular Suffolk grafligining Ipsvich shahri yaqinidagi Jimmy's Farm and Wildlife Park'ka joylashtirilgan. Bu haqda Need To Know xabar berdi.

Jimmi 16 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda qutqaruv haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, olti oy avval Janubiy Koreyaga borib, ayiqlarning og‘ir sharoitda yashaganini ko‘rgan va ularni Britaniyaga olib kelishga va’da bergan.

Bu Osiyo qora ayiqlarining Buyuk Britaniyaga birinchi marta ko‘chirilishi hisoblanadi. Fermadan olib chiqilgan hayvonlar maxsus veterinariya muassasasida tiklanib, safar uchun sog‘lom deb topilganidan so‘ng maxsus konteynerlarda tashilgan.

Ayiqlarni endi qanday hayot kutmoqda?

Ayiqlar “Moon Bear Islands” deb ataluvchi maxsus o‘rmon hududida yashaydi. Bu yerda daraxtlar, yashil maydonlar, oqar suv va havzalar mavjud bo‘lib, ular uzoq yillardan so‘ng ozuqa qidirish, daraxtlarga chiqish va suvda suzish imkoniga ega bo‘ladi.

Beshta ayiq ham bolaligida onalaridan ajratilgani aytilmoqda. Ular orasida eng kattasi Bara 1998 yilda fermaga keltirilgan va 27 yil davomida bir xil iflos temir qafasda saqlangan. Qutqarilgunga qadar u havzani deyarli ko‘rmagan, veterinariya markazida esa birinchi marta vannadagi suvni qiziqish bilan o‘rgangan.

Ko‘kragida oq belgisi bor yirik qora ayiq yerda yurib kelmoqda.

Opa-uka Yon-gi va Rumi qariyb 20 yil bitta qafasda yashagan. Seybit esa asirlikda o‘zidan kichik Huimangni himoya qilib kelgan.

Janubiy Koreyada ayiqlarni fermada saqlash 1980-yillar boshida boshlangan. Ularning o‘ti va o‘t pufagidan an’anaviy tibbiyotda foydalanilgan. Ayiq o‘ti tarkibida ayrim jigar kasalliklari va o‘t pufagidagi toshlarni davolashda qo‘llanadigan ursodezoksixol kislotasi bor, biroq uning sintetik muqobillari ham mavjud.

2014 yilda mamlakat fermalarida qariyb 1 000 ta ayiq saqlangan. 2022 yilda hukumat, fermerlar va hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari savdoni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

2026 yil 1 yanvardan ayiqlarni ko‘paytirish, fermerlik maqsadida saqlash va ulardan o‘t olish rasman taqiqlandi.

Biroq Janubiy Koreyada hali 200 ga yaqin ayiq yordamga muhtoj. Jimmi Doerti mahalliy hamkorlar bilan ularga ham yangi uy topish ustida ishlayotganini aytdi.

Space for the Wild va Jimmy's Farm tashkilotlari qutqaruv ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun “Bears Behind Bars” kampaniyasini boshlagan. U orqali 3 700 ga yaqin xayriyadan 90 ming funt sterlingdan ortiq mablag‘ yig‘ilgan.

Ayiqlar dastlab tashrif buyuruvchilardan uzoqda saqlanib, yangi muhitga moslashadi. Ular to‘liq ko‘nikib olgach, jamoatchilik ham ularni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar