«Boysun do‘ppisi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

«Boysun do‘ppisi» Surxondaryo viloyati Boysun tumani hududida an’anaviy usulda tayyorlanadigan milliy bosh kiyim sifatida geografik ko‘rsatkichlar davlat reyestriga kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
«Boysun do‘ppisi» qadimdan Boysun hududida tikib kelinadigan, dumaloq shakldagi, piltado‘zi uslubidagi kashtalar bilan bezatiladigan milliy bosh kiyim hisoblanadi.
Uning o‘ziga xos jihatlari kashta tikish uslubi, geometrik naqshlari, ranglar uyg‘unligi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasida namoyon bo‘ladi. Do‘ppilarni bezashda chilxol, chayongul, qo‘chqorshoxi, archa va ko‘zacha kabi naqshlardan foydalaniladi.
Mahsulotning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi uning Boysun hududi bilan bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish imkonini beradi.
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur maqom «Boysun do‘ppisi» nomining huquqiy himoyasini ta’minlash, uning an’anaviy xususiyatlari va tayyorlash usullarini asrashga xizmat qiladi. Shuningdek, Boysun hunarmandchiligi mahsulotlarini ichki va xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish uchun huquqiy asos yaratiladi.






























Izohlar 0
…