Amerikalik aktyor, rejissyor va suxandon Morgan Frimen «Shoushenkdan qochish», «Qora ritsar», «Sun’iy ong» kabi ko‘plab filmlar orqali butun dunyo tomoshabinlari qalbidan joy olgan. U «Oskar», «Oltin globus», «Kumush ayiq» va boshqa nufuzli mukofotlar sohibidir. Frimen o‘ziga xos xotirjamligi, chuqur ovozi va professional hikoya qilish qobiliyatlari bilan ham mashhur. The Talks nashrining taniqli aktyor bilan bir necha yil avval uyushtirgan suhbatini o‘zbek tilida havola etamiz.
— Janob Frimen, tinimsiz mehnat sizni toliqtirmadimi?
— Men tunnel qazimayman, quruvchilik qilmayman. Ishim og‘ir emas, aksincha, kuch bag‘ishlaydi, o‘zimga yoqadi. Qancha ko‘p ishlasam, shuncha yaxshi. Bekorchilik odamni zaiflashtiradi.
— Ko‘p yillardan beri band odamsiz... Oxirgi marta qachon ish qidirganingizni eslay olasizmi?
— Men ko‘p og‘ir ishlarni qilganman, lekin yemakxonadagi ishim, chamamda, eng yomoni edi. Undan so‘ng ofisda kotib bo‘ldim. Ko‘proq maosh olishni istardim, lekin berishmadi. Keyin raqqos sifatida shouda qatnashish uchun sinovdan o‘tdim. Meni qabul qilishdi va o‘sha zahoti ofisdan ketdim. Afsuski, raqqos sifatida bor-yo‘g‘i uch oy faoliyat yuritdim, keyin shou yopildi. Shunday qilib, qahva va shirin kulcha sotiladigan katalakdek joyda ishlay boshladim.
— Bu ham yomon emas...
— Lekin kunlardan birida men bilan shouda birga ishlagan yigit kirib keldi. Men peshtaxta ostiga yashirinmoqchi bo‘ldim, ammo ulgurmadim. U bu yerda nima qilayotganimni so‘radi. Ayni vaqtda ishsiz aktyor ekanimni tan olganimdan so‘ng u yangi spektaklga ketayotganini aytdi. O‘sha daqiqa men uchun dahshatli edi.
— Sizningcha, hayotingiz ko‘proq baxtli kunlardan iborat bo‘ldimi yoki aksincha?
— Ko‘proq baxtli kunlardan. O‘ttiz yoshimda ishlay boshlaganman va haligacha ishlayapman, shuning uchun baxtli kunlarim ko‘proq bo‘ldi.
— Birov siz uchun qilgan eng katta yaxshilik nima?
— O‘ylashimcha, onam meni dunyoga keltirgani menga qilingan eng katta yaxshilik bo‘lgan.
— Eng katta yomonlik-chi?
— Hozircha bunday yomonlikni ko‘rmadim.
— Bu o‘ta ijobiy qarashday ko‘rinadi.
— Bor kuchim bilan harakat qilyapman, chunki hayot doim istaganimizday kechavermaydi. U ba’zan og‘riqli, ba’zan g‘amli, ba’zida hatto azobga soladi. Shunday ekan, bu dovonlarni zabt etgin-u shodlik va osoyishtalikka intil.
— Nahotki, hayotda ham ekranda ko‘ringaningiz kabi xotirjamsiz?
— Ha, xotirjamman.
— Sizni hatto Semyuel L. Jekson bilan adashtirib yuborishlari ham xafa qilmaydimi? Eshitishimcha, ko‘p marta shunday bo‘lgan...
— Ha, Sem Jekson. Sem ikkimizni ko‘p adashtirib yuborishadi.
— Ularga to‘g‘risini aytasizmi?
— Bir kuni Texasning Dallas shahrida bir samolyotdan boshqasiga chiqish uchun kutib o‘tirgandim. Bosh kiyimda va ko‘zoynakda edim — hech kimdan yashirinish niyatim yo‘q edi, shunchaki o‘zim istaganday kiyinib olgandim. Shu payt bir yigit yonimga kelib: «Bilaman, ko‘zga tashlanishni istamaysiz, lekin sizni taniyman, Semyuel L. Jekson», — dedi. Men u emasligimni aytdim. U bo‘lsa: «Aldayapsiz, lekin sizni tushunaman», — dedi. Sem bilan ham xuddi shunday voqea bo‘lgan. Odamlar doim unga: «Hey, Morgan!» — deb baqirarkan. Shuning uchun Sem sahnaga chiqiboq: «Men Morgan Frimen emasman», — deydi.
— Semyuel L. Jekson bilan do‘stmisiz?
— Sem Jeksonni 80 yillarda Nyu-Yorkdagi jamoat teatrida birga ishlaganimizdan beri bilaman. U mening ko‘p yillik do‘stim. Lekin biz bir-birimizdan doim uzoqda bo‘lganmiz. Men Missisipida yashayman, Sem esa Los-Anjelesda. Men unday yerda yashashni istamayman.
— Nima uchun Missisipiga qaytib ketdingiz?
— Sal kam 30 yillik hayotim Nyu-Yorkda o‘tdi. Doim u yerdan ketgim kelardi. Bir kuni uchinchi qavatdagi boshpanamda tabiiy nurdan mosuvo ekanligimni tushundim. Qo‘shnilarim kim ekanligini ham bilmasdim. Bu men uchun ma’nisizlikdan boshqa narsa emasdi.
— Hozirgi yerda ko‘zdan biroz panadamisiz?
— Men kichik shaharchada yashayman. U yerda xarid qilishim mumkin, lekin Walmart, Target kabi odamlar ko‘p boradigan joylarga borolmayman. Tish pastasi yo qahva sotib olishim ham katta voqeaga aylanib ketadi. Obro‘-e’tibor egasi bo‘lishning yomon tomoni — yolg‘iz qololmaslik. Ishoning, yolg‘izlik siz uchun qanchalik qadrli ekanligini undan ayrilmaguncha bilmaysiz.
— Odamlar sizni bezovta qiladimi?
— Ha, ularning topib olgani shu: «Onam, xotinim, erim sizni uchratganimga ishonmaydi. Dastxat qo‘yib bering!»
— Dastxat qo‘yasizmi?
— Yo‘q. Agar xotining seni yolg‘onchi deyotgan bo‘lsa, yolg‘onchisan, shunday emasmi? (kuladi)
— Oxirgi savol: sirg‘ani shunchaki taqasizmi yoki bundan qandaydir maqsad ko‘zlanganmi?
— Ha, agar yot yerlarda o‘lib ketsam, bu sirg‘alar men uchun tobut sotib olishga yetadi. Dengizchilar ham shuning uchun sirg‘a taqqan. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi