Videodan kadrlar
Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi ofitseri Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV)dagi aksilterrorchilik operatsiyasi chog‘ida halok bo‘ldi, yana 13 nafar harbiy xizmatchi og‘ir jarohatlar oldi, deb yozadi «Gazeta.uz» mamlakat IIVga tayanib.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, «200 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruhlar barcha turdagi qurollarni qo‘llagan holda» Rushon tumani markazida uchta nuqtada «Dushanbe—Xorug‘» avtotrassasini va chegara komendaturasiga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Xabarda aytilishicha, «jinoiy guruhlar oldindan bu harakatlarni amalga oshirishga tayyorlangan va shu maqsadda chet eldan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni keltirgan».
«Fuqarolar xavfsizligi va jamoatchilik huquqiy tartibini ta’minlash maqsadida mamlakat huquq-tartibot organlari aksilterrorchilik operatsiyasini boshladi. Natijada 8 jangari xavfsizlantirildi (o‘ldirildi), 11 kishi yarador qilindi va terrorchilik guruhining 70 dan ortiq faol a’zolari qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.
IIV qayd etishicha, «jinoiy guruh Rushon tumani raisi o‘rinbosari Laylo Chorshanbiyevani to‘sib qo‘yilgan yo‘ldan o‘tgani uchun do‘pposlagan va unga tan jarohatlari yetkazgan».
Vazirlik ta’kidlashicha, tinch aholi orasida jabrlanganlar yo‘q, ammo internetda 11 kishi halok bo‘lgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Hozirgi vaqtda tumandagi vaziyat barqaror, ijtimoiy infratuzilma va jamoat transporti o‘zining kundalik faoliyatini boshladi, deyiladi bayonotda.
«Uyushgan jinoiy guruhlardan ko‘p sonli qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, ‘Molotov’ kokteyli musodara qilindi», — deyiladi xabarda va guruhning boshqa a’zolari qurollarini tashlab, taslim bo‘lishga chaqiriladi.
Norozilik namoyishlari
Tojikistondagi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Xorug‘ shahrida 14 may kuni bir necha yuzlab aholi norozilik aksiyasiga chiqib, viloyat rahbari Alisher Mirzonabot va Xorug‘ meri Rizo Nazarzodaning iste’fosini talab qildi. Ular, shuningdek, Xorug‘dagi barcha blokpostlar olib tashlanishini va Badaxshon aholisini ta’qib qilish to‘xtatilishini talab qildi.
Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi vaziyat so‘nggi kunlarda sudlar aktivist Amriddin Alovatshoyevni 18 yil koloniyaga va MMA jangchisi Chorshanbe Chorshanbiyevni 5,5 yil ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilganidan keyin murakkablashdi.
Hukumat iste’foga chiqish masalasini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi, shu tufayli 16 may kuni mahalliy yoshlardan iborat katta guruh viloyat ma’muriyati tomonga qarab yo‘l oldi. Chinoq qishlog‘i yaqinida ularni Tojikiston xavfsizlik kuchlari idoralari xodimlari qarshi oldi. Badaxshon huquq-tartibot organlari xodimlari norozilik namoyishi ishtirokchilariga qarshi rezina o‘qlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘lladi. Bir necha kishi jabrlangani aytildi.
17 may kuni Tojikiston IIV namoyishlarning taxminiy tashkilotchilarini e’lon qildi, bular Barxorug‘ mitti tumani «norasmiy yetakchisi» Mamadbokir Mamadbokirov, qidiruvda bo‘lgan muxolifatchi faol Alim Sherzamonov va mustaqil jurnalist Ulfatxonim Mamadshoyeva bo‘lib chiqdi.
IIV qayd etishicha, Mamadbokirovning ko‘rsatmasi bilan «yetarlicha bilimi yo‘q o‘spirinlar» guruhi Xorug‘ fuqarosi Zamir Nazrishoyev rahbarligi ostida, viloyat sudi binosida o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotgan «TBMV bo‘yicha IIV boshqarmasi xodimlariga qurolli hujum uyushtirgan va qo‘l granatasini portlatgan».
Oqibatda, idora ma’lumotlariga ko‘ra, uch nafar IIV xodimlari yaralangan, Nazrishoyevning o‘zi kasalxonada vafot etgan.
TBMV prokuraturasi «voqea tashkilotchilari»ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Ulfatxonim Mamadshoyeva «Farg‘ona» bilan suhbatda ayblovni «g‘irt bema’nilik» deb atadi.
«Agar men nimanidir tashkillashtirganimda, hammadan oldinda borgan bo‘lardim. Men shunaqa odamman. Yaqinda Pomirda bo‘lgandim, lekin Dushanbega kelganimga bir haftadan oshdi, u yerda nimadir bo‘lishini taxmin ham qilmagandim. Aksincha, u yerga borganimda fuqarolar faolligi pasayganini ko‘rgandim. Endi esa bir soat ichida qarabsizki, bosh ko‘tarishgan. O‘ylashimcha, bu Chorshanbe Chorshanbiyevga nisbatan adolatsiz hukmdan keyin yuz bergan», — dedi u.
Ayni vaqtda «Kommersant’»ga bergan intervyusida Mamadshoyeva aksiya haqidagi xabarlarni tarqatganini tan oldi. «Bir hafta oldin Xorug‘dan Dushanbega kelgandim, miting haqida bilmagandim. Tashkilotchilari kimligini ham bilmasdim, — dedi u. — Ha, mening saytimda e’lon repost qilingandi, biz hamjihat xalqmiz va qiyin vaziyatda doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz». Bir hafta avval, Mamadshoyevaning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Badaxshonda «vaziyat tinch» bo‘lgan, biroq «hamma Gulbiddin Ziyobekov ishi bo‘yicha tergov tugashini kutgan».
Internetda Tojikiston Qurolli kuchlari vertolyoti halokatga uchragani haqida xabar paydo bo‘ldi. U Afg‘oniston tomonida turib urib tushirilgani ma’lum qilindi. Tojikiston Mudofaa vazirligi bu xabarga raddiya berdi.
OAVlarga bosim haqidagi xabarlar
Tog‘li Badaxshonda sodir bo‘layotgan voqealar haqida batafsil va ishonchli ma’lumotni qo‘lga kiritish imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Xabarlarga ko‘ra, hududda internet o‘chirib qo‘yilgan, Tojikistondagi eng yirik mustaqil OAV, «Aziya-Plyus» agentligi esa yopilish xavfi tufayli norozilik namoyishlarini yortiishdan bosh tortishini ma’lum qildi.
«Afsuski, yopilish xavfi ostida biz bu hodisalarni to‘liq yorita olmaymiz. Avvalroq ‘Aziya-Plyus’ga nashrimiz TBMVdagi voqealarni ‘bir tomonlama’ yoritib, ‘mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirayotgani’ haqida Bosh prokuraturadan rasmiy ogohlantirish va boshqa davlat tuzilmalaridan norasmiy ogohlantirish olgan edi», — deyiladi tahririyat bayonotida.
«Ozodi» radiosi («Ozodlik radiosi»ning Tojikistondagi idorasi) va «Nastoyeshcheye vremya» jurnalistlari Dushanbeda hujumga uchragan. Ularning barcha xizmat texnikasi, shuningdek, ish va shaxsiy mobil telefonlari olib qo‘yilgan.
«Ozodi» ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 17 may kuni, OAV muxbirlari Ulfatxonim Mamadshoyeva bilan intervyu o‘tkazganidan keyin yuz bergan.
«Nastoyashcheye vremya» muxbiri Anushervon Aripov voqea faol Ulfatxonim Mamadshoyeva bilan intervyudan keyin sodir bo‘lganini tasdiqladi.
18 may, chorshanba kuni «Fergana» Ulfatxonim Mamadshoyeva va uning turmush o‘rtog‘i, asli TBMVdan bo‘lgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari generali Xolbash Xolbashev qo‘lga olinganini ma’lum qildi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar