2 405
To‘qayev Putinning oldida Rossiya pozitsiyasiga zid gapirdi. Bu qat’iyatmi yoki rejalashtirilgan chiqish?
Putin va To‘qayev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida. 2022 yil 17 iyun/TASS
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan iqtisodiy forumdagi chiqishi bilan ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi.
Yanvar voqealaridan keyin Rossiyaga yanada bog‘liq bo‘lib qolishi taxmin qilingan Qozog‘iston yetakchisi Putinning ko‘z oldida «DXR» va «LXR»ni tan olmasligini aytdi. To‘qayev ularni kvazi-davlatlar deb atadi. Rossiya Ukrainaga go‘yoki aynan shu o‘zini mustaqil respublika deb e’lon qilgan «davlatlar»ga yordam berish uchun kirganini ma’lum qilgan.
To‘qayev nima degandi?
Urush boshlangach dunyodagi yirik kompaniyalar asta-sekin Rossiyadan chiqib keta boshladi. Peterburgda o‘tgan iqtisodiy forumda ham yirik investorlar va dunyo rahbarlarini uchratish qiyin edi. Davlat rahbarlaridan faqat Qosim-Jo‘mart To‘qayev sahnada Putinga hamrohlik qildi. Forumning asosiy qismi Putinning chiqishi deb belgilangandi. Bu asosiy qismga moderator etib esa Rossiyaning bosh propagandachilaridan biri bo‘lmish Margarita Simonyan tayinlangandi.
9 may arafasida harbiy parad o‘tkazilmasligi aytilgach, Qozog‘istonga tahdid qilib gapirgan shoumen Tigran Keosayanning turmush o‘rtog‘i bo‘lmish Margarita Simonyan To‘qayevdan Rossiyaning Ukrainada amalga oshirayotgan «maxsus harbiy amaliyoti»ga (Rossiyada hamon Ukrainadagi urushni urush deb atash taqiqlangan) qanday qarashi, bu borada qozog‘istonliklarning fikri qanday ekanini so‘radi.
To‘qayev esa shunday javob berdi: «Ochiq aytaman, Qozog‘istonda bu borada (urush haqida) har xil fikrlar bor. Jamiyatimiz ochiq, bizda fuqarolik jamiyati yetilgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shuning uchun har xil fikrlar bildirilyapti.
Men shuni aytishni istardimki, zamonaviy xalqaro huquq bu – BMT Nizomidir. Nizomdagi asosiy prinsiplardan ikkitasi hozirda bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolgan. Bu – davlatlarning hududiy yaxlitligi va millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi. BMTning barcha asoschilari o‘z vaqtida bunga e’tibor qaratmagan ko‘rinadi. Balki atayin qilishgandir, bu ikkita prinsip hozirda bir-birini inkor qilmoqda. Fikrlar har xil. Ayrimlar davlatlarning hududiy yaxlitligi muqaddas tushuncha deb hisoblaydi, boshqalar esa u yoki bu davlat tarkibidagi millatlar o‘z davlatiga ega bo‘lish va ajralib chiqish huquqiga ega deydi.
Lekin, umuman olganda, agar millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi butun Yer sharida amalda ishlasa, hozir BMT tarkibiga kiruvchi 193ta davlat o‘rnida 500 yoki 600tadan ko‘p davlat paydo bo‘ladi. Albatta, bu xaosni keltirib chiqaradi.
Shu sababli ham biz na Tayvanni, na Kosovoni, na Janubiy Osetiyani va na Abxaziyani tan olamiz. Shu prinsip, bizning fikrimizcha, Lugansk va Donetsk kabi kvazi-davlat hududlariga ham taalluqlidir. Bu – sizning ochiqchasiga bergan savolingizga ochiqchasiga javob», dedi Qozog‘iston yetakchisi.
22 fevral kuni, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan ikki kun avval Putin «DXR» va «LXR»ning mustaqilligini tan olishini e’lon qilgandi. 24 fevral tongida esa Putin Rossiya ushbu ikki «respublika»larga yordam berish uchun Ukrainada «maxsus harbiy amaliyot» boshlanganini aytdi. Bu amalda urush boshlangani e’lon qilinishi edi. Shu sabab Rossiya uchun «DXR» va «LXR» strategik masala hisoblanadi.
Shu vaqtgacha Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga qarshi ekani haqida ko‘pchilik gapirdi, minglab sanksiyalar aynan shu norozilikning nishonasi o‘laroq joriy qilinmoqda, lekin hali hech kim Putinning ko‘z oldida urush boshlanishining asl sababi bo‘lmish «DXR» va «LXR»ni tan olmasligi haqida gapirmagandi. Makron Putin bilan 100 soat telefonda gaplashgani bilan maqtanib yuribdi, lekin Fransiya prezidenti ham unga bu haqda gapirgan-gapirmagani aniq emas.
Bir so‘z bilan aytganda, To‘qayev dunyo siyosatchilari orasida birinchi bo‘lib Putinning ko‘z oldida uning pozitsiyasiga qarshi gapirdi.
Bu gapdan ko‘p o‘tmay Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yanvar voqealari vaqtida suverenitetini yo‘qotish arafasidagi Qozog‘istonga aynan Rossiya yordam berganini eslatdi. To‘qayev esa Rossiyaning bosh davlat telekanali «Rossiya-24»ga intervyu berib, bu iddaoga ham javob qaytardi: «30 yillik mavjudlik tarixida KXSHT ilk marta amalda harakat qildi. Ta’kidlayman, Rossiya emas, KXSHT. Biz ham tashkilotning faol ishtirokchilaridan birimiz», dedi To‘qayev.
To‘qayevning bu qat’iyatli chiqishi nimadan dalolat? Uning gaplari Qozog‘iston uchun muammolar tug‘dirishi mumkinmi? «Meduza» bilan suhbatda qozog‘istonlik sharqshunos Temur Umarov shu savollarga javob berdi.
«To‘qayevning so‘zlari emas, u gapirgan maydon meni ajablantirdi»
Umarovning aytishicha, Qozog‘iston prezidentining so‘zlaridan ajablanmagan, ammo u bu gaplarni Putinning oldida gapirganidan hayron qolgan: «To‘qayev gapirgan gapning o‘zini oladigan bo‘lsak, u meni ajablantirgani yo‘q, chunki Qozog‘istonning bu boradagi pozitsiyasi avvaldan ma’lum edi. Ya’ni, ochiq aytilmagan bo‘lsa-da, Qozog‘iston Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llamasligi ma’lum bo‘lgandi. Lekin bu gap aytish uchun tanlangan maydon chindan meni ajablantirdi: Putinning ona yurtida, uning ko‘z oldida...».
Sharqshunosning so‘zlariga ko‘ra, To‘qayev Peterburg forumiga pragmatik ishchi hamkor sifatida borgan va faqat iqtisodiyot haqida gapirgan, lekin siyosiy holat bo‘yicha savol berishlariga ham tayyor bo‘lgan: «To‘qayev forumda yangi imkoniyatlar, hamkorlik haqida gapirish asnosida muammolarga ham to‘xtaldi. Vaholanki, muammolar haqida forumda deyarli hech kim gapirmagandi. To‘qayev muammolar borligi, ularni hal qilish zarurligini aytdi. «DXR» va «LXR» haqida esa To‘qayev Margarita Simonyanning savoliga javob berish asnosida gapirdi. Ammo u Peterburgdagi forumga borar ekan, bu borada so‘rashlarini bilgan, chunki Simonyan Qozog‘iston manziliga nimalar deganidan, uning eri (Tigran Keosoyan) yaqinda Qozog‘iston Ukraina taqdirini takrorlashi mumkinligi haqida gapirib, amalda tahdid qilganidan xabardor bo‘lgan», dedi Umarov.
Peterburg forumida To‘qayev unga savol bergan Margarita Simonyanga qarata yana bir mulohazani bildirdi. U ba’zi rossiyalik deputatlar, jurnalistlar va madaniyat arboblari Qozog‘iston haqida noo‘rin so‘zlar aytayotganini ta’kidladi. «Balki o‘rni emasdir, ammo bu minbardan foydalanib ba’zi rossiyalik deputatlarning Qozog‘iston manziliga aytayotgan gaplari, rossiyalik jurnalist va madaniyat arboblarining noto‘g‘ri so‘zlariga e’tiroz bildirmoqchiman. Biz Rossiya bilan har qanday muammoni o‘zaro hal qila olamiz», degan To‘qayev.
Qozog‘iston prezidentining bu so‘zlariga munosabat bildirgan Putin chindan Rossiya va Qozog‘iston har qanday masalani o‘zaro hal qila oladigan darajada yaqin ittifoqchi ekanini tasdiqladi.
«To‘qayev Simonyanning o‘ziga gapirish orqali ushbu masalaga nuqta qo‘ydi deyish ham mumkin», dedi ekspert.
«Meduza» muxbiri Temur Umarovdan Qozog‘iston shimolidagi holat chindan xavotirlimi yoki yo‘qmi deb so‘ragan. Ekspert bu savolning javobi 24 fevralgacha boshqacha bo‘lgani, hozir boshqacha ekanini aytgan.
«Bu savolingizga 24 fevralgacha yo‘q, bunga hech kim jiddiy qaramayapti, Rossiya bunchalikka bormaydi, deb javob berardim. Ammo 24 fevral voqealaridan keyin bu borada aniq javob bera olmayman. Oxirgi vaqtlarda Rossiya ko‘plab xalqaro hujjatlardan chiqib ketyapti. Ukraina masalasida ham bu ko‘rindi. Buni esa shimoli Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan va u yerda rus millatiga mansub ko‘plab fuqarolari yashayotgan Qozog‘iston ham ko‘rib turibdi.
Bu voqealar fonida esa Rossiyada o‘n yillardan buyon sobiq ittifoq davlatlariga «yerlar sovg‘a qilib yuborilgani» haqida gapiradigan millatchi kayfiyatdagi guruhlar paydo bo‘lgan. Avval Rossiyaga ortiqcha hudud, ortiqcha muammo nima kerak, degan tushuncha bor edi, hozir esa bundan argumentlar ishonchli ko‘rinmaydi», degan sharqshunos.
Ekspertning fikricha, Qozog‘iston faqat ko‘p qirrali siyosat olib borayotgani, G‘arb bilan yaqin munosabatda ekani uchungina To‘qayev bunday gaplarni aytgan deb bo‘lmaydi. «Qozog‘iston har qanaqasiga Belarusdan keyin Rossiyaning asosiy ittifoqchisi hisoblanadi. Aytaylik, Rossiya tashkil etgan har qanday birlashmaga qarasangiz, Qozog‘istonni ko‘rasiz. Masalan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi. O‘zi bu tashkilot Nazarboyevning tashabbusi bilan tuzilgandi.
Qozog‘istonda rus tilini emas, qozoq tilini rivojlantirish tashabbusi bilan chiqqan millatchi kayfiyatdagi chiqishlar ham bo‘lgan, ammo umumiy olganda Qozog‘istonda antirossiya kayfiyati yo‘q, bo‘lmagan ham. Qozog‘iston, aytaylik, NATOga kirishga harakat qilmagan yoki Rossiyada aytishni yoqtirishganidek Rossiyaga qarshi pozitsiyada turmagan. Chunki Qozog‘iston juda katta umumiy chegaraga ega bo‘lgani sabab Rossiya bilan ittifoqchi bo‘lib qolishdan boshqa yo‘li yo‘q deb o‘ylayman.
24 fevral kuni Qozog‘iston shimolidagi vaziyat taranglashgan bo‘lishi mumkin, ammo tezda qaror qabul qilish talab qilinadigan darajada vahimali holat bo‘lgan deb o‘ylamayman».
Dunyoda 24 fevral ko‘p narsani o‘zgartirib yuborgani haqida gapirish odatga aylandi, lekin unutmaslik kerakki, Qozog‘istonda yanvar ham tinch o‘tgani yo‘q. Janao‘zenda boshlangan namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalib, ommaviy tartibsizlikka aylanib ketgandi. Oqibatda Nazarboyev amalda mamlakatga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydigan holatga tushib, barcha rasmiy lavozimlaridan ozod etildi. Vaziyat boshqarib bo‘lmas darajaga yaqinlashgach, To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlatlaridan yordam so‘radi. Rossiya boshchiligidagi KXSHT kuchlari esa tezda Qozog‘istonga yetib bordi. Bu tashkilot harbiylarining ilk marta amaliy harakatga kirishishi edi. Ular qurol ishlatmadi, faqat strategik ob’ektlarni qo‘riqladi, ammo ko‘pchilikda Qozog‘istondagi to‘polonni Rossiya boshchilik kuchlar tinchitdi, degan yanglish fikr paydo bo‘ldi.
Temur Umarov yanvar voqealari sabab To‘qayev ortiq mustaqil emas, degan fikrga qo‘shilmasligini aytdi: «Ha, yanvar voqealaridan keyin To‘qayev o‘z tuzumini Putin yordamida mustahkamlab oldi, endi u Rossiyadan qarz bo‘ldi va Moskva qachondir qarzini so‘raydi, degan xulosa shakllandi. Ammo bu xulosada bir narsaga e’tibor berishmagan. Ya’ni, Rossiya Qozog‘iston bilan juda katta to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaraga ega. Bu chegara tuzuk qo‘riqlanmaydi ham. Endi tasavvur qiling, qo‘shni davlatda to‘polonlar bo‘lib, hukumat tepasiga ko‘chadan chiqqan odamlar kelib qolish xavfi yuzaga keldi. Bunday holatda Rossiya avvalo o‘z xavfsizligi uchun harakatga tushdi, chunki qo‘shni davlat hududida taxmin qilib bo‘lmaydigan voqealar sodir bo‘lishidan ko‘ra, borib unga yordam bergan va yaxshi do‘st sifatida qolish yaxshiroq.
Yana bir jihat: yanvar voqealaridan keyin ko‘cha tilida aytadigan bo‘lsak, ha, Putin To‘qayevga hukumatni saqlab qolishga yordam berdi, ammo diplomatik til bilan aytganda, Rossiya o‘sha voqealardan keyin hech qanday qo‘shimcha richaglarga ega bo‘lmadi. Boshqacha aytganda, 2022 yil yanvar oyidan keyin Rossiya va Qozog‘iston munosabatlarida avval bo‘lmagan biror yangilik yuzaga kelmadi.
Shu o‘rinda iqtisodiy jihatlarni ham unutmaslik kerak, Qozog‘iston jahon iqtisodiyotining bir qismi va u bilan birgalikda rivojlanadi. Rossiya foydasiga qabul qilingan har qanday qaror esa sanksiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Bu koronavirus, yanvar voqealaridan keyin shundog‘am qiyin kunlarni boshdan kechirayotgan Qozog‘iston iqtisodiyotiga yanada salbiy ta’sir qilishi mumkin», degan Temur Umarov.
Qozog‘istonlik ekspertning aytishicha, G‘arb Qozog‘istondan Rossiya bilan hamkorlikni kamaytirish talabini qo‘ymaydi, Qozog‘iston har qanaqasiga Rossiyaga bog‘liq davlatligini tushunadi: «Menimcha, G‘arb bunday ultimatum qo‘yishgacha bormaydi. Qozog‘iston Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan davlat. Bu shunchaki aytiladigan odatiy gap emas. Oddiy misol, logistika masalasida Qozog‘iston Rossiyaga bog‘liq, qozoq nefti Rossiya orqali sotiladi. Neft o‘tkazuvchi quvurlar sobiq ittifoq davrida qurilgan, ular ham Rossiya hududidan o‘tadi, Qozog‘iston Rossiya orqali import mollarini olib keladi.
Qozog‘iston Rossiya bilan aloqalarni uzib, o‘z iqtisodiyotini bo‘g‘ib qo‘ya olmaydi. Aynan mana shu omillar sabab Qozog‘iston rasmiy vakillarining G‘arbda noqulay ahvolga tushib qolishlari ham bor gap. G‘arbda esa Qozog‘iston qanday holatda ekani, Rossiya va Xitoy o‘rtasida qolganini tushunib turishibdi. Qozog‘iston hozircha Rossiya sanksiyalardan qochishi uchun qandaydir tizim ishlab chiqsa, mana bu g‘arbliklarning e’tiborini tortishi mumkin. Shunday bo‘lsagina Qozog‘istonga bunday qilmaslik bo‘yicha ogohlantirish kelishi mumkin».
Ekspertning aytishicha, har qancha yoqimsiz bo‘lmasin, uning pozitsiyasiga zid fikrlar bildirmasin, Rossiya uchun Qozog‘istonning hozirgi ko‘p vektorli siyosatda bo‘lishi, mustaqil bo‘lishi va o‘z navbatida ittifoqchi bo‘lishda davom etishi muhim. Chunki hozir Qozog‘istonga bosim o‘tkazib, G‘arbning mamlakatdan chiqib ketishini talab qilsa, butun boshli Qozog‘istonning iqtisodiy holati uchun javobgarga aylanadi. Buni esa Rossiya o‘z iqtisodini eplashga qiynalayotgan hozirgi vaqtda tasavvur qilish qiyin. Ikkinchidan, Rossiya bunday qilish orqali Qozog‘iston Xitoy tomonga siljishiga ham sabab bo‘ladi.
«Meduza» jurnalisti ekspertga shunday murakkab savol bilan murojaat qilgan: «To‘qayevning chiqishi, Nevskiy ordenini qabul qilmagani, keyinroq esa Ukrainadagi voqealar fonida dunyoda yadro qurolidan voz kechish kerakligi haqidagi bayonot... Bularning hammasidan keyin bir narsani o‘ylamay iloj yo‘q: bunday qat’iyatli Qozog‘iston shakllanishini Rossiyaning o‘zi xohlamayaptimikin? Ya’ni kerak bo‘lgan vaqtda shu Qozog‘iston orqali dunyo bilan munosabatlarni yaxshilashni o‘ylamayaptimikin?».
Umarov esa bunday fikrga qo‘shilmasligini aytgan. «Men har qanday turdagi farazlarni yoqtirmayman. Negadir Markaziy Osiyo davlatlarida nimadir sodir bo‘lsa, albatta uni Kreml tomonidan chizib berilgan deb o‘ylashadi, menga esa bu yoqmaydi. Qozog‘iston va Rossiya balki hozirgi holatdan kelib chiqqan holda til topishib ketgandir, lekin siz sanagan voqealar avvaldan tayyorlab qo‘yilib, keyinchalik bizning ko‘zimizga chiroyli qilib ko‘rsatilganga o‘xshamaydi», deb so‘zini yakunlagan ekspert. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi