18:00 / 04.10.2022
1 162

Lukashenko: «Biz Ukrainadagi maxsus operatsiyada qatnashyapmiz, lekin hech kimni o‘ldirmayapmiz»

Lukashenko: «Biz Ukrainadagi maxsus operatsiyada qatnashyapmiz, lekin hech kimni o‘ldirmayapmiz»
Foto: «RIA Novosti»
Aleksandr Lukashenko Belarus Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan «maxsus harbiy operatsiya»da qatnashayotganini, ammo o‘z harbiylarini ziddiyat hududiga yubormayotganini aytdi.

«Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyadagi ishtirokimizga kelsak, biz unda qatnashyapmiz. Buni yashirmayapmiz. Lekin biz hech kimni o‘ldirmayapmiz. O‘z harbiylarimizni hech qayerga yubormayapmiz. Biz o‘z majburiyatlarimizni buzmayapmiz», — dedi Lukashenko.

Uning ta’kidlashicha, Belarus ziddiyat o‘zining hududiga tarqalmasligi uchun, shuningdek, «Polsha, Litva va Latviya tomonidan maxsus harbiy operatsiya niqobi ostida Belarus hududiga zarba berilishiga yo‘l qo‘ymaslik» uchun ham qatnashmoqda. «Avval aytganimdek, hech kim Belarus hududidan turib, ruslarning orqasiga pichoq urmaydi. Bizning ishtirokimiz mana shundan iborat», — dedi Lukashenko.

Belarusning Rossiya-Ukraina nizosiga munosabati
Rossiya Ukrainada 24 fevraldan buyon maxsus operatsiya olib bormoqda. Lukashenko Belarus nizoda qatnashmayotganini va qatnashishni rejalashtirmayotganini bir necha marta ta’kidlagan. «Tag‘in meni qandaydir hujumni rejalashtiryapti, Ukrainani Belarus hududidan bombardimon qilmoqchi deb o‘ylamang. Sizning va mening farzandlarimiz jang qilishini hech ham istamayman. Ular nimani deb jang qilishi kerak?» — degan edi u avgustda.

Sentyabrda esa Lukashenko Belarus o‘z hududi orqali Rossiya armiyasiga yashirincha zarba berilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Keyinroq esa u Belarus hech kimga hujum qilmaganini va hujum qilmasligini aytdi va Ukrainada qon to‘kilishini to‘xtatish uchun hamma chorani ko‘rishga va’da berdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo