00:15 / 26.12.2022
2 179

Zelenskiyning AQSHga tashrifidan so‘ng ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar

Zelenskiyning AQSHga tashrifidan so‘ng ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar
Xabaringiz bor, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Kongressida nutq so‘zladi va Uinston Cherchildan keyin AQSH Kongressida nutq so‘zlagan ikkinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi.

Ma’lum bo‘ldiki, Ukrainaga salkam 45 mlrd. dollarlik yordam paketi ham ajratiladi. Bu esa urush alangasi yana uzoq yonadi, degani. Lekin Zelenskiy uzoq vaqtdan buyon so‘rab kelayotgan samolyotlar haqida hech qanday yangilik bo‘lmadi va bo‘lmaydi ham. Bayden ma’muriyati zamonaviy qurollar bermaslikka intilmoqda, respublikachilar va demokratlar bu borada yakdil fikrda.

Sababi hammaga ayon, agar Ukraina ushbu samolyotlardan foydalanib, Rossiya hududiga zarbalar bersa, oqibati ayanchli bo‘lgan ssenariyga qo‘l urgan bo‘ladi.

Urushda bevosita va bilvosita ishtirok etayotgan davlatlar rahbarlarining gaplaridan bitta narsa ma’lum bo‘lyaptiki, urushdan hamma charchagan va zerikkan.

Kremlda bu mohiyat aks-sado berdi, unda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin urush ("maxsus harbiy operatsiya")ni tezroq tugatish borasida gapirib o‘tdi. Xuddi shunday bayonot AQSHda, Oy Uyda ham berildi, unda ham agar Vladimir Putin rostdan ham muzokaralarga chin dildan rozi bo‘lsa, Bayden u bilan bu haqda gaplashishi mumkin deyildi.

Urush shunday tus olib boryaptiki, Ukraina juda o‘ziga ishongan va ishonch so‘nib qolmasidan avval o‘z hududlarini qaytarib olmoqchi. Bunda esa albatta Ukrainaga zamonaviy qurollar va ko‘plab boshqa resurslar kerak. Lekin hozircha bu haqida gap bo‘lmayapti, NATO omborlaridan kelayotgan qurollar asosan eski tipdagi qurollar sanaladi va ular ham asta-sekin tugab bormoqda. Katta savol shuki, bu qurollar tugasa, NATO davlatlari zamonaviy qurollarni beradimi yo‘qmi?

Yevropa Ittifoqida hozircha gaz bilan bog‘liq muammo chiqmadi. Sababi, zahiralar to‘ldi, ob-havo issiq, insonlar tejamkorlikka nisbatan ko‘nikkandek. Shuning uchun ham jahon hamjamiyati Ukrainaga yordam hajmini qisqartirmoqchi emas. Agar bordiyu, gaz bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, G‘arb mamlakatlari Rossiya bilan aloqaga chiqishi ehtimoli bor.

Yevropa Ittifoqi boshqa yetkazib beruvchilar bilan ham shartnomalar tuzgan. Ammo avval boshdan ular ham "biz bunday katta hajmda resurslar bera olmaymiz", deb ogohlantirishgan edi. Masalan, Qatar energetika vaziri shunga o‘xshash bayonot bergandi. Voqealar rivoji Rossiya foydasiga o‘zgarsa, (bunga esa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aholisining norozilik chiqishlari, Ukrainaga yordamning qisqarishi va jang maydonidagi muvaffaqiyatsizliklar kiradi) Yevropa sanksiyalar paketini qaytadan o‘ylab ko‘rishi mumkin. (Ularni qisman bekor qilish yoki yangilarini joriy qilmaslik ma’nosida.)

Fikrimizcha, kelgusi oylardagi shiddatli janglar kim qaysi yo‘ldan borishiga birmuncha aniqlik kiritadi. Muzokaralar haqida istaklar bildirilgani - Rossiya ham, Ukraina ham muzokaralar stoliga ustunlik bilan o‘tirishni xohlaydi va shunga harakat qiladi, degani.

Aytish mumkinki, ayni damda urushda bevosita yoki bilvosita ishtirok etayotgan tomonlar uzoq yillik strategiya bo‘yicha harakat qilmayapti. Aksincha, yaqin kelajak nuqtai-nazaridan borini beryapti. Boisi, uzoq muddatli urush uchun ikkala tomonga resurs ham, sabr ham yetmaydi. Faqat yaqin kunlarda jang va siyosat maydonida ro‘y beradigan o‘zgarishlargina ko‘p narsalarga oydinlik kiritadi.

Abdulboriy O‘ktamjonov.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo