07:47 / 22.02.2023
431

Bayden Polshada nutq so‘zladi: «Ruslar - dushmanimiz emas, urush - Putinning tanlovi»

Bayden Polshada nutq so‘zladi: «Ruslar - dushmanimiz emas, urush - Putinning tanlovi»
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden Polsha poytaxti Varshava shahrida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 1 yilligi arafasida nutq so‘zladi. U tinchlik tarafdori bo‘lgan rossiyaliklarga murojaat qilib, ularni dushman deb hisoblamasligini aydi. Jonli efir ABC News telekanali tomonidan olib borildi.

«AQSH, G‘arb yoki Yevropa davlatlari Rossiyani nazorat qilishni, uni yo‘q qilishni xohlamaydi. Tinch yashashni istagan millionlab ruslar bizning dushmanimiz emas. Bu [urush] Putinning tanlovi. Putin urushining har bir yangi kuni — sizniki emas, Putinniki. U [urushni] bitta so‘z bilan yakunlashi mumkin», dedi Bayden.

AQSH rahbari tez orada yangi sanksiyalar joriy etishga va Ukrainadagi jinoyatlar uchun barcha aybdorlarni javobgarlikka tortishga va’da berdi.

«Rossiya askarlari va yollanma jangchilari urush jinoyatlarini sodir etdi, ayollarni zo‘rladi, uylarni bombardimon qildi, ukrainalik bolalarni o‘g‘irladi. Hech kim bu jinoyatlardan ko‘zini olib qochmasligi kerak», dedi u.

Bayden bayonotiga ko‘ra, Vladimir Putinning G‘arb va AQSH tomonidan bo‘layotgan tahdidlar haqidagi so‘zlari yolg‘on.

Foto: Alastair Grant/AP
«Rossiya xalqiga murojaat qilmoqchiman: AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani yo‘q qilmoqchi emas. Biz Putin aytganidek, Rossiyaga hujum qilishni, uni egallab olishni istamaymiz. Biz tinch yashashni xohlaymiz, sizlarga dushman emasmiz», dedi u.

Baydenning aytishicha, avtokratlarga yon bosmaslik kerak, ularga faqat «yo‘q» deyish mumkin: «Yo‘q, mening erkinligimni tortib ololmaysan. Yo‘q, mening vatanimni ololmaysan. Qo‘pol kuch hech qachon erkinlik ruhini sindirmaydi. Ukraina hech qachon Rossiya uchun g‘alaba maydoniga aylanmaydi».

Bayden so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamaydi.

«Putin hali ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizga, birdam bo‘lishimizga shubha qilmoqda. Hech qanday shubha yo‘q, biz charchamaymiz, ortga chekinmaymiz. Ukrainaliklarning o‘z vataniga bo‘lgan muhabbati g‘alaba qozonadi», dedi Bayden.

U o‘z nutqida Belarus va Moldova xalqlarini ham esladi: «Belarusning jasur xalqi hozir diktaturaga qarshilik ko‘rsatmoqda, Moldova Yevropaga qo‘shilishni xohlaydi va Rossiya ta’siriga tushishni istamaydi».

Bayden o‘z nutqini erkinlikning ahamiyati haqidagi so‘zlar bilan yakunladi: «Erkinlikdan boshqa oliy intilish yo‘q. Amerika buni biladi - siz ham bilasiz. Hozir nima qilsak, farzandlarimiz va nevaralarimiz ham erkinlik oliy ne’mat ekanini bilishi uchun qilyapmiz. Biz zulm emas, ezgulik tarafidamiz. Zulm emas, ozodlik tarafda. Qullik emas, erkinlik tomonda».

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo