17:53 / 12.04.2023
268

Chobahor portidan birga foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston-Eron-Hindiston transport kompaniyasi tuziladi

Chobahor portidan birga foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston-Eron-Hindiston transport kompaniyasi tuziladi
Foto: tehrantimes.com
12-13 aprel kunlari Hindistonning Mumbay shahrida Chobahor dengiz porti (Eron) infratuzilmasidan birgalikda foydalanish bo‘yicha Markaziy Osiyo-Hindiston Qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».
 
Anjumanda O‘zbekiston transport vazirining o‘rinbosari Jasur Choriyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etadi. Tadbir kun tartibiga «Shimol-Janub» xalqaro transport koridori orqali yuk tashuvlarini jadallashtirish, Hindistonning Javaxarla’l Neru nomli (Mumbay) va Eronning Chobahor portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari kiritilgan.
 
Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi savdo-sotiqni yanada rag‘batlantirish maqsadida xalqaro yuk tashuv yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, Chobahor porti infratuzilmasidan birgalikda foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston-Eron-Hindiston transport kompaniyasini tuzish hamda O‘zbekiston yuklarini tashish jarayonida imtiyozlar taqdim etish masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
 
Dehli shahriga yetib kelgan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Hindistonning GMR Group xolding kompaniyasi boshqaruv direktori Rajesh Aurora bilan uchrashdi. Rajesh Aurora kompaniya rahbariyati tomonidan Markaziy Osiyoda transport-logistika markazini yaratish masalasi o‘rganib chiqilayotganini bildirib, mazkur jarayonda O‘zbekiston aeroportlari imkoniyatlaridan birgalikda samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishi haqida fikr bildirdi.
 
GMR Group vakili O‘zbekistonda aeroportlarni kengaytirish va ularning infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari bilan tanishish, shuningdek, II Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish maqsadida aprel oyining so‘ngida mamlakatimiz poytaxtiga safar qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo