18:30 / 22.04.2023
581

Ashaddiy jinoyatchining mashhur sportchiga aylangan o‘g‘li haqida hikoya

Ashaddiy jinoyatchining mashhur sportchiga aylangan o‘g‘li haqida hikoya

Ashaddiy jinoyatchi oilasida tug‘ilib, yoshligida qarovsiz qolgan bolalarning aksariyati o‘zi tushib qolgan muhitdan chiqib keta olmaydi va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lib ulg‘ayadi.

Biroq garchi jinoyat olami bilan yonma-yon yashasa ham favqulodda iste’dodi yoki boshqa sabablar bilan muvaffaqiyat qozongan insonlar ham yetarlicha bor. AQShlik Maykl Oer ana shundaylardan biri hisoblanadi.

Mayklning otasi ashaddiy jinoyatchi, onasi esa giyohvand moddalar iste’moliga ruju qo‘ygan, o‘zi esa ko‘cha daydisi edi. Shunday bo‘lsa ham u jinoyat ko‘chasiga kirib ketmaydi. Iste’dodi orqali AQShdagi mashhur sportchilardan biriga aylanadi va millionlab dollar mablag‘ ishlab topadi.

2009 yilda Maykl Oer amerikacha futbol ligasida qatnashayotgan «Baltimor Reyvens» jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Shartnomada u besh yil davomida jamoadan 13,8 million dollar maosh olishi belgilangandi. Jinoyatchilik avj olgan muhitda, og‘ir sharoitda qorni nonga to‘ymay o‘sgan qora tanli yigitning bunday natijaga erishishi juda katta muvaffaqiyat edi.

Og‘ir o‘tgan bolalik va amerikacha futbol

Maykl Oer 1986 yil 28 mayda Tennesi shtatidagi Memfis shahrida ko‘p bolali oilada tug‘iladi. U oilada o‘n ikkinchi farzand edi.

Mayklning otasi ashaddiy jinoyatchi bo‘lib, ko‘p vaqtini qamoqxonada o‘tkazar, onasi esa mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalar iste’mol qilishga berilib qolgandi.

Oiladagi bunday holat tufayli Maykl va uning aka-ukalari, opa-singillari doimiy ravishda qarovsiz qolishardi. Ular maktabga ham borishmas, vaqtlari asosan ko‘chada o‘tardi.

Mayklning o‘zlashtirishi juda yomon bo‘lib, birinchi va ikkinchi sinflarni ikki yildan o‘qigandi. Maktab direktorlari Mayklni o‘z maktabida ko‘rishni xohlamas, shu sababli u to‘qqiz yilda o‘n bir marta maktab almashtiradi.

Garchi Maykl juda yomon muhitda tug‘ilib ulg‘aygan bo‘lsa ham u na mast qiluvchi ichimliklar, na giyohvand moddalar iste’mol qilishga ruju qo‘ymaydi. Ana shu omil uni jinoyat olamiga kirib ketishdan saqlab qoladi.

Maktabning yuqori sinfida o‘qib yurganida Mayklning otasini qamoqxonada o‘ldirishadi. O‘sha paytlarda unga turli oilalar bir necha bor boshpana berishadi.

Biroq Maykl ularning birontasida uzoq vaqt qolmaydi. Xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi va bolaning o‘qishni xohlamasligi ortidan uni hech bir oila farzandlikka qabul qilmasdi.

Shu sababli Maykl boshpana bergan oilalarning biridan o‘zi chiqib ketsa, ikkinchisidan uni quvib solishadi. Shu tariqa Maykl qisqa vaqtda bir nechta oila bilan yashab ko‘radi va ularning birontasida qololmaydi.

Har gal qaysidir oiladan chiqib ketar ekan, u ko‘cha-ko‘yda yotib yurishga majbur bo‘ladi. Otasining vafotidan keyin uning avtomexanik bo‘lgan do‘sti Mayklga boshpana beradi. Biroq oradan ko‘p o‘tmasdan u ham Mayklni uyidan quvib yuboradi. Shundan so‘ng o‘smir yoshda bo‘lgan Maykl yana ko‘chada qoladi.

Mayklning tana tuzilishi tengdoshlaridan ancha yirik bo‘lib, u maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq amerikacha futbol o‘ynardi. Uni jamoadoshlari, sinfdoshlari «Katta Maykl» deb atashardi.

Navbatdagi maktabdan quvilgan paytida uning o‘yinini anchadan buyon kuzatib kelayotgan boshqa murabbiy Mayklni o‘zi ishlayotgan maktabga taklif qiladi. Murabbiyning maqsadi Mayklni maktab jamoasida o‘ynatish edi.

Nazvaniye

Murabbiy Maykl maktab uchun kerakli o‘quvchi ekaniga direktorni ko‘ndiradi. Shu tariqa Maykl navbatdagi maktabga o‘tadi. U yangi maktabida ham o‘qimas, bundan o‘qituvchilar direktorga arz qilishardi. Direktor esa Mayklni maktab jamoasidagi o‘yinlari uchun kechirardi.

Maykl 17 yoshda ekanida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topiladi. Shu bilan birga yil kashfiyoti deb topilgan besh nafar sportchidan biri bo‘ladi.

Oradan bir yil o‘tib navbatdagi oiladan quvilgan Oerni ko‘chada o‘tirganida er xotin Lieynn va Shon Tiular ko‘rib qolishadi. Ular Mayklni uylariga olib ketishadi. O‘sha paytda u maktabning bitiruvchi sinfida o‘qirdi.

Lieynn Mayklni yoqtirib qoladi va eri bilan uni farzandlikka qabul qilishadi. Oilaning ikki nafar farzandi bor edi. Maykl o‘gay ukalari bilan yaxshi chiqishib ketadi. Ular Mayklning yangi oilaga ko‘nikib ketishida yordam berishadi. Maykl ayol va uning erini o‘z ota-onasiday ko‘ra boshlaydi.

Maykl Oer o‘zini farzandlikka qabul qilgan oila bilan

Shundan so‘ng ayol Mayklning bilimini oshirish uchun bir nechta o‘qituvchi yollaydi. Maykl maktabga ham qatnash bilan birga uyga kelib dars berayotgan o‘qituvchilardan yaxshi bilim oladi va o‘sha yili kollejda budjet hisobidan o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

O‘shanda Mayklga birdaniga bir nechta – Tennesi, Alabama va Shimoliy Karolina kollejlari taklif bilan chiqadi. U Missisipi universitetini tanlaydi.

Mayklning bu ishi Talabalar sporti milliy assotsiatsiyasi xodimlarida shubha uyg‘otadi. Chunki uni boqib olgan Shon Tiu Missisipi universitetida ishlar, universitetning amerikacha futbol jamoasi murabbiyi uning oilaviy do‘sti edi.

Assotsiatsiya xodimlari Maykl bilan suhbat o‘tkazishadi va uning Missisipi universitetini tanlashiga boqib olgan ota-onasi ta’sir ko‘rsatganmi yo‘qmi shuni so‘rashadi.

Maykl ularga tanlov o‘ziniki bo‘lganini aytadi va shu tariqa bu ish yopiladi. Shundan so‘ng Maykl universitetda o‘qish bilan birga uning futbol jamoasida o‘ynay boshlaydi.

Maykl to‘rt yil universitet jamoasida o‘ynaydi va o‘sha yillarda o‘n beshga yaqin shaxsiy va jamoaviy sovrinlarni qo‘lga kiritadi.

Maykl Oer o‘zini farzandlikka qabul qilgan oila bilan

Professional faoliyat

Maykl 2009 yilda universitetni bitirgach unga bir qancha jamoalar xaridor bo‘lishadi. U «Baltimor Reyvens» jamoasi bilan shartnoma imzolaydi.

Shartnomada Maykl besh yilda 13,8 million dollar maosh olishi belgilangandi. Bu jamoa bilan shartnomasi nihoyasiga yetgach Maykl «Tennesi Taytens» jamoasi safiga o‘tadi.

Biroq u 2014 yilda oyog‘idan jiddiy jarohat oladi va keyingi o‘yinlarda qatnasha olmaydi. Jarohatni davolagandan keyin Maykl oldingi sport formasini tiklay olmaydi va oradan uch yil o‘tib sportchilik faoliyatini yakunlaydi.

Maykl Oer tutingan ota-onasi bilan

Mashhurlik

Maykl universitet jamoasida o‘ynay boshlagan yillarda u haqda The New York Times gazetasida «Katta Maykl haqida ballada» sarlavhasi bilan maqola e’lon qilinadi.

Shundan so‘ng AQShlik yozuvchi Maykl Lyuis amerikacha futbol tarixi haqida «Ko‘rinmas tomon: o‘yin tajribasi» asarini yozadi. Asarning birinchi qismida futbol tarixi, ikkinchi qismida esa Mayklning hayoti tasvirlangandi.

Asar kitob holida chop etilgach Maykl mashhur bo‘lib ketadi. Ko‘p o‘tmay Maykl Lyuisning kitobi asosida film suratga olinadi.

Oradan yillar o‘tib 2018 yilda Maykl boshidan o‘tkazgan hodisalar haqida kitob yozadi. «Muvaffaqiyatga qanday erishish mumkin? — daydilikdan hayratlanarli mashhurlikkacha» deb nomlangan asarga tanqidchilar yaxshi baho berishadi.

Mayk asarida boshidan o‘tkazgan voqealar asosida o‘smirlarga og‘ir sinovlariga duch kelganda taslim bo‘lmaslikni uqtiradi. Qiyin vaziyatga tushib qolganda undan qanday chiqib ketish bo‘yicha turli maslahatlar beradi.

Maykl Oer o‘zini farzandlikka qabul qilgan oila bilan

Maykl haqida film

2009 yilda Mayklning hayoti haqidagi asar bilan tanishgan mashhur rejissyor Jon Li Xenkok film olishga qaror qiladi. Filmning ssenariysini Maykl Lyuis va Xenkok hamkorlikda yozishadi.

Rejissyor bosh rolga aktyor topishda biroz mashaqqatga duch keladi. Chunki Mayklning gavdasi juda bahaybat bo‘lib, uning roliga mos tushadigan taniqliroq aktyor yo‘q edi. Borlarining esa yoshi Mayklning yoshiga to‘g‘ri kelmasdi.

Ana shunday vaziyatda Jon Li Xenkok uncha taniqli bo‘lmagan aktyor Kuinton Aaronni Maykl rolini o‘ynash uchun taklif qiladi. Mayklni boqib olgan va unga hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘mak bergan ayol rolini Hollivudning taniqli aktrisasi Sandra Ballok o‘ynaydi.

Maykl Oer haqida suratga olingan «Ko‘rinmas tomon» filmi banneri

Film taqdimoti 2009 yilda o‘tkaziladi. 2010 yil boshida jahon prokatiga chiqariladi. Film juda katta muvaffaqiyat qozonadi va o‘ziga sarflangan puldan o‘n barobar ko‘p ishlab beradi.

Prodyuser filmga 29 million dollar sarflaydi. Film prokatidan esa 310 million dollar yig‘iladi. Bu ko‘rsatkich bilan film Hollivud tarixida sarflangan pullarga nisbatan juda katta summa yig‘ib bergan filmlar orasida yuqori o‘rinlarni egallaydi.

Film o‘sha yili kino olamidagi eng nufuzli Oskar mukofotiga nomzod bo‘ladi. Sandra Ballok aynan shu filmdagi roli uchun Eng yaxshi aktrisa mukofotini qo‘lga kiritadi.

Film boshqa ko‘plab tanlovlarda ham yuqori baho oladi va uning ijodkorlari ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishadi. Jumladan, Sandra Ballok shu filmdagi roli uchun «Oltin globus», AQSh kinoaktyorlari gildiyasi, Critic’s Choice Award, People’s Choice Awards va Washington D.C. Area Film Critics Association Award kabi tanlovlarda Eng yaxshi aktrisa sovrinlarini qo‘lga kiritadi.

Film katta ekranlarga chiqqach Kuinton Aaron ham mashhur bo‘lib ketadi va ko‘plab mukofotlarda «Eng yaxshi aktyor» nominatsiyasida nomzod bo‘ladi.

Maykl Oer haqida suratga olingan «Ko‘rinmas tomon» filmidan lavha

Xotima

Maykl Oer – bu dunyoda inson boy va obro‘li oilada tug‘ilmagan bo‘lsa ham yuksaklikka erisha olishining yorqin misollaridan biridir. O‘n bir aka-uka va opa-singil, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan ona, jinoyatchi ota, ko‘chadagi boshpanasiz hayot, vasiylar hamda maktablarning doimiy o‘zgarib turishi, do‘stlarning yetishmasligi – bular Mayklning Lieynn va Shon Tiular oilasiga borib qolishidan oldidagi og‘ir kechgan hayoti edi.

Lieynn va Shon Tiularning o‘smirga bo‘lgan ishonchi, uning mehnatsevarligi va o‘zini eng yaxshi ko‘rsatishga intilishi tufayli Oer katta muvaffaqiyatga erishdi va o‘z nomini Amerika futboli tarixiga yoza oldi.

Boshpanasiz kechgan og‘ir hayoti bolani sindirmadi, aksincha, uning irodasini tobladi. Mayklning oilasi, do‘stlari va tanishlari uning juda mehribon, kamtarin, og‘ir-bosiq odam ekanini ta’kidlashadi.

Ular Maykl jahldorligini va qattiqqo‘lligini faqat futbol maydonida ko‘rsatadi deyishadi.

Maykl Oer o‘zini farzandlikka qabul qilgan oila bilan

Ayni paytda Maykl o‘zi tashkil etgan xayriya fondi faoliyati bilan shug‘ullanadi, og‘ir ahvolga tushib qolgan insonlarga yordamlashadi. Ko‘p vaqtini oilasi – o‘zini qashshoqlikdan olib chiqqan va yaxshi hayotga yo‘llanma bergan odamlar bilan o‘tkazadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo