Amerikalik nafaqaxo‘r bir yilda 1 207 ta film tomosha qilib, Ginnes rekordini o‘rnatdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHning Pensilvaniya shtatida yashovchi 60 yoshli Glenvud Xoskin bir yil davomida 1 207 ta film tomosha qilib, Ginnes rekordini o‘rnatdi.
- U 2024 yil aprelidan 2025 yil apreligacha bo‘lgan davrda kuniga o‘rtacha 3,3 ta seansga kirib, Zakariya Svoupning 777 ta filmdan iborat avvalgi rekordini yangiladi.
- Sobiq soliq xodimi bo‘lgan rekordchi ushbu natijaga erishish uchun Regal Unlimited obunasidan foydalangan va kinoteatr jadvalini sinchiklab rejalashtirgan.
AQSHning Pensilvaniya shtatida yashovchi 60 yoshli Glenvud Xoskin kichik bir yil davomida kinteatrlarda 1 207 ta film tomosha qilib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. U shu tariqa avvalgi rekord — 777 ta filmni ortda qoldirdi. Bu haqda Guinness World Records xabar berdi.
Glenvud Xoskin 2024 yil aprelidan 2025 yil apreligacha York-Xeyven shahridagi Regal kinoteatrida filmlar tomosha qilgan. U kuniga o‘rtacha 3,3 ta seansga kirgan. Buning uchun erkak har kuni kinoteatr jadvalini oldindan o‘rganib, ertalabdan yarim tungacha imkon qadar ko‘proq film ko‘rishni rejalashtirgan.
«Uydan tashqariga chiqish menga juda yoqardi. Bundan tashqari, o‘z kuchimni sinab ko‘rish va oldimga maqsadlar qo‘yishni yaxshi ko‘raman. Men tartibli insonman, shu bois tayyorgarlik va rejalashtirish jarayoni ham zavq bag‘ishladi», — deydi rekordchi.
Soliq xizmati sobiq xodimi bu natijaga erishish uchun oyiga taxminan 28 dollar turadigan Regal Unlimited obunasidan foydalangan. Ushbu obuna unga kinoteatrda cheklanmagan miqdorda film tomosha qilish imkonini bergan.
Xoskin xarajatlarni kamaytirish uchun ovqatni uyda tayyorlab, seanslar oralig‘ida tanovul qilgan. Tanaffuslarda esa kinoteatr binosi ichida va tashqarisida sayr qilib, jismoniy faollik bilan shug‘ullangan. U bilan yaqin munosabat o‘rnatgan kinoteatr xodimlari va rahbariyati ham kunlik jadval tuzishda, ayniqsa, qisqaroq filmlarni aniqlashda yordam bergan.
Rekordchi tomosha qilgan filmlari orasida «Yovvoyi robot» («The Wild Robot») va «Dedpul va Rosomaxa» («Deadpool & Wolverine») alohida yoqqanini aytgan. Uning sevimli janrlari esa animatsion filmlar va komediyalar bo‘lgan.
Glenvud Xoskin shu tariqa bir yil ichida 777 ta film tomosha qilgan amerikalik Zakariya Svoupning rekordini yangiladi.






























Izohlar 0
…