date
views 431

Lavrov G‘arbning muzokaralarga chaqiruvlarini «taktik hiyla» deb atadi

Lavrov G‘arbning muzokaralarga chaqiruvlarini «taktik hiyla» deb atadi

Foto: RIA Novosti
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Ukrainadagi mojaroni to‘xtatish borasida Rossiya va G‘arb o‘rtasida muzokaralar olib borish istiqboli ko‘rinmayotganini aytdi. U muzokaralar stoliga o‘tirishi haqidagi chaqiruvlarni G‘arbning hiylasi deb atadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya va G‘arb o‘rtasida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar olib borishda istiqbol ko‘rinmayotganini ta’kidladi. Bu haqda u «Mejdunarodnaya jizn» jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Ayni paytda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi muzokaralarning istiqboli ko‘rinmayapti. Bundan tashqari, G‘arb doimiy ravishda Kiyev rejimi stavkalarini oshirishga undamoqda. Biz g‘arbliklarning muzokaralar o‘tkazish haqidagi chaqiriqlarini Ukrainaning qurollanib olishi uchun vaqtdan yutishga qaratilgan taktik hiyla deb bilamiz. Bu tinch yo‘l bilan hal qilish emas, balki urush yo‘li», degan Lavrov.

Shuningdek, Rossiya TIV rahbari Qo‘shma Shtatlar har qanday muzokaralar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan «tinchlik formulasi» doirasida olib borilishini talab qilayotganini aytib, ular Rossiyani imkon qadar harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan «zaiflashtirishmoqchi» ekanini ta’kidladi.

 «Fikrimizcha, bu bema’ni ultimatum pozitsiyasi. Bizdan fundamental manfaatlarimiz poymol etilishiga rozi bo‘lishni talab qilib bo‘lmaydi», dedi Lavrov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya «maxsus harbiy operatsiya» boshlangan dastlabki kunlardanoq o‘z maqsad va vazifalariga «siyosiy va diplomatik vositalar» orqali erishish yo‘llarini muhokama qilish uchun tayyor bo‘lgan.

«Biz Ukrainaning muzokaralarni boshlash haqidagi taklifiga tezkorlik bilan javob qaytardik va 2022 yilning aprelida Ukraina tomoni G‘arbning iltimosiga ko‘ra mazkur jarayonni to‘xtatib qo‘ymaguncha bu ishni davom ettirdik», deb eslagan Lavrov.

Avvalroq, 5-6 avgust kunlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina bo‘yicha maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuvda 40 dan ortiq davlat vakillari, jumladan AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va hatto mojaroda rasman neytral pozitsiya egallagan Xitoy ham ishtirok etdi. Muzokara qatnashchilari urush tugashini qanday tezlashtirishni muhokama qildi va ular buni Rossiya ishtirokisiz amalga oshirdi. Muzokaralar yopiq tarzda o‘tkazildi, biroq uning markazida Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasi turgani ma’lum bo‘lib, unga ko‘ra Moskva Ukraina hududlariga (jumladan, Qrim va Donbassning bosib olingan hududlariga) da’volaridan butunlay voz kechishi kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lavrov G‘arbning muzokaralarga chaqiruvlarini «taktik hiyla» deb atadi