
“Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning vasiyatnomasi e’lon qilindi. Tegishli hujjat Rossiyaning “VCHK-OGPU” loyihasi Telegram kanalida chop etildi.
2023 yil 2 martdagi hujjatga ko‘ra, tadbirkor barcha mol-mulkini 25 yoshli o‘g‘li Pavelga vasiyat qilgan.
“O‘lim daqiqamda menga tegishli bo‘ladigan barcha mol-mulkim, u nimaligi va qayerda joylashganidan qat’i nazar, shuningdek , kelajakda menga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan mol-mulkimni Pavel Yevvgeniyevich Prigojinga vasiyat qilaman”, — deyiladi hujjatda.
Vasiyatnoma shartlariga ko‘ra, Pavel meros hisobidan Prigojinning bevasi, qizlari va onasi Violetta Prigojina uchun “munosib yashashni ta’minlashi” kerak. Prigojina nafaqaxo‘r sifatida merosning 10 foizini olish huquqiga ega.
Manbaga ko‘ra, Prigojinlar oilasida marhumning mulki notekis taqsimlanishi fonida mojaro boshlangan. Prigojin bevasi va qizlariga hech narsa vasiyat qilmagan. Shu bilan birga, “Vagner” asoschisi tirikligi paytida sobiq xotiniga ajralish vaqtida mulkning bir qismini bergan.
OAV xabarlariga ko‘ra, Pavel Prigojin Sankt-Peterburgda, Laxta viloyatida taunxaus turar joyi va uning ostidan yer uchastkasini oladi. Umumiy kadastr qiymati 32,5 million rublni (taxminan 329 ming dollar) tashkil qiladi.