Namanganda bog‘chadagi holatdan so‘ng Bolalar ombudsmani vazirlikka taqdimnoma kiritdi

Namanganda bog‘chadagi holatdan so‘ng Bolalar ombudsmani vazirlikka taqdimnoma kiritdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada 5 yoshli bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani holati yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 22 sentyabr kuni taqdimnoma kiritdi.
  • Taqdimnomada xizmat tekshiruvi natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, kamchiliklarni bartaraf etish va mas’ul xodimlarni javobgarlikka tortish hamda barcha bog‘chalarda bolalar xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish talab etilgan.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Bu haqda Bolalar ombudsmanining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, taqdimnoma 22 sentyabr kuni Bolalar ombudsmanining vakolatlari doirasida kiritilgan.

Unda maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mas’ul xodimlarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Shuningdek, voqea sodir bo‘lishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, respublikadagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish hamda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish talab etilgan.

Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi ustidan mas’ullar tomonidan manzilli tekshiruvlar o‘tkazish, shuningdek, bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ichki nazorat mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ko‘rsatilgan.

Bolalar ombudsmani taqdimnomasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlangan.

Qonunchilikka muvofiq, vazirlik taqdimnoma ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida Bolalar ombudsmaniga belgilangan 15 kunlik muddatda ma’lumot taqdim etishi kerak.

Bolalar ombudsmani bolalarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘z vakolati doirasida o‘rganish va nazorat qilishni davom ettirishi ma’lum qilingan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar