23:59 / 24.03.2024
1 008

Rossiyada migrantlarga nisbatan yangi diskriminatsiya holatlari kuzatilmoqda

Rossiyada migrantlarga nisbatan yangi diskriminatsiya holatlari kuzatilmoqda
Foto: Eurasia
Rossiya viloyatlarida Crocus City Hall dagi teraktdan so‘ng muhojirlarga nisbatan yangi diskriminatsiya holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Insider xabar berdi.

“Shermetevo” aeroportida qirg‘izlar ushlanib qolmoqda

23 mart kuni kechqurun Moskvaga kelgan Qirg‘izistonning o‘ndan ortiq fuqarosi “Sheremetevo” aeroportidan chiqarilmagan.

"Biz kecha Bishkekdan uchib, Moskva vaqti bilan 18:40 da “Sheremetevo”ga yetib keldik. Bu yerda pasportlarimizni yig‘ishdi va bizni bir xonaga olib kirishdi. To‘rt soat davomida telefonlarni tekshirib, qaytarib berishmadi. Barmoq izlarimizni olib, bir qancha qog‘ozlarga imzo chekishga majburlashdi. Ukrainlar va tojiklar odatda kaltaklanadi. Sutkalab och o‘tirdik, suv ham berishmadi.

Jinoyatchilarday xonaga qamashdi, bir xonada 10 dan ortiq qirg‘izistonlik o‘tiribdi, boshqalarda esa ko‘proq. Avvaliga ular buni “qo‘shimcha tekshiruvlar” deb aytishdi, keyin esa umuman tushuntirishni to‘xtatishdi. Biz elchixona bilan bog‘landik, ular bizga yordam bera olmasligini aytdi
", — deydi jabrlanuvchilardan biri.

Jurnalistlarning xabar berishicha, “Sheremetevo”dan shaharga kiritilmagan bir necha kishi Qirg‘izistonga chipta olib, uchib ketishgan. Biroq ko‘pchilik bunday qila olmagan, chunki so‘nggi ikki kun ichida chiptalar narxi sezilarli darajada oshgan.

Avia Sales xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ertaga, 25 martga “Sheremetevo”dan Bishkekka eng arzon chipta 11 608 rubl (taxminan bir million 577 so‘m), “Aeroflot”ning kechki parvozi esa allaqachon 43 658 rubl (salkam 5 million 932 ming so‘m). Aeroportda qancha Qirg‘iziston fuqarosi borligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi bu masalani ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Taksi haydovchilariga tahdidlar, korxonalarda tekshiruvlar

X ijtimoiy tarmog‘ida hududlarda ishlovchi taksichilarga yo‘lovchilar tomonidan yozilgan xabarlar skrinshoti tarqalmoqda:

Sizning millatingiz nima? Agar Tojikistondan bo‘lsangiz, buyurtmani bekor qiling”, “Tojikistonlik bo‘lsangiz, buyurtmani bekor qiling, men siz bilan ketmayman yoki “GAI”ni chaqiraman, yo‘lovchi tashish bo‘yicha litsenziyangizni tekshirib ko‘rsin”, deb yozadi yo‘lovchilar haydovchilarga.

Skrinshotlar “Govorit NeMoskva” kanali tomonidan nashr etilgan.

Yekaterinburgdagi savdo markazlarida ijarachilardan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan bo‘lgan xodimlarining ro‘yxatini taqdim etishlari so‘ralgan e’lonlar paydo bo‘lgan.

24 mart soat 16:00 ga qadar Markaziy Osiyo (Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston) fuqarolari bo‘lgan barcha xodimlar ro‘yxatini tayyorlash zarur”.

Buyurtmada aytilishicha, talabni bajarmaslik 3000 rubl (salkam 408 ming so‘m) miqdorida jarimaga olib keladi. Tegishli e’lon fotosuratlari Telegram kanalida paydo bo‘lgan, e’lon qilinayotgan vaqtda ularning haqiqiyligini tasdiqlash yoki inkor etish imkoni bo‘lmagan.

Yekaterinburgdagi E1 nashrining yozishicha, Grinvich savdo markazidagi muassasalardan birining vakili migrantlar haqida ma’lumotlar to‘planayotganini tasdiqlagan:

Avval xavfsizlik xizmati xorijlik xodimlar haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqar edi. Lekin pasport ma’lumotlari ilk bor, shunday qisqa vaqt ichida yig‘ilmoqda”, — deydi u.

23 mart kuni Moskva viloyatidagi Crocus City Hall da sodir etilgan terakt yuzasidan 11 kishi qo‘lga olindi. OAVda hibsga olinganlar orasida Tojikiston fuqarolari ham borligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya rasmiylaridan mamlakat fuqarolarining teraktga aloqadorligi haqida ma’lumot olmaganini ma’lum qildi. Mamlakatning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarini ommaviy tadbirlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan kuni bir qator Telegram kanallarida Tojikistonning to‘rt fuqarosi teraktda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqalib, ularning surati e’lon qilindi. Jumladan, Rivojiddin Islomov va Maxmadrasul Nasriddinovlarning ism-shariflari va fotosuratlari chop etildi.

Keyinroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Telegram kanallaridagi ma’lumotni rad etib, ushbu respublika fuqarolari 2023 yil 26 noyabr kuni Rossiyadan qaytib kelgani, terakt sodir bo‘lgan vaqtda Tojikistonda yashash joyida bo‘lganini ma’lum qildi. Respublika Ichki ishlar vazirligi ham ularning pasportlar bilan tushgan suratlarini chop etdi.

Crocus City Hall dagi terakt 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha qurollangan kishi konsert zali binosiga bostirib kirib, olomonni otib tashlagan, keyin esa binoni yoqib yuborgan. Terakt oqibatida 137 kishi halok bo‘ldi, 154 kishi yaralandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada migrantlarga nisbatan yangi diskriminatsiya holatlari kuzatilmoqda