05:00 / 03.04.2024
440

“Yaqin Sharqda yangi urush sharpasi kezmoqda” — siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov

“Yaqin Sharqda yangi urush sharpasi kezmoqda” — siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov
Suriyadagi Eron elchixonasi
Foto: news.myseldon.com

Kecha, 1 aprel kuni tunda Isroil harbiy-havo kuchlari Suriya poytaxti Damashq shahrida joylashgan Eron elchixonasi va konsulligiga raketa zarbasini amalga oshirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida 7 nafar eronlik harbiy, 3 nafar Suriya fuqarosi va 1 nafar livanlik halok bo‘lgan. Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov “Daryo”ga bu voqealar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Siyosatshunosning bildirishicha, Damashqdagi Eron konsulligiga Isroil tomonidan uyushtirilgan hujum “Diplomatik va konsullik munosabatlari to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi. Konvensiyaga ko‘ra, diplomatik va konsullik muassasalari mehmon davlatning “hududi” sifatida qaraladi va daxlsizdir. Shu jihatdan, Isroilning bunday zarbasi Eronga qarshi urush ochish bilan barobar hodisa sanaladi.

“Taxminimizcha, Isroilning bunday yo‘l tutishiga 3 ta turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin:

Birinchidan, Suriya omili. Ma’lumki, Rossiya Ukraina bilan, AQSH Falastin-Isroil nizosi bilan ovora bo‘layotgan bir sharoitda Suriyada o‘ziga xos “geosiyosiy bo‘shliq” vujudga kelgan edi. Ushbu “bo‘shliq”ni to‘ldirishga da’vogar asosiy davlatlardan biri Eron hisoblanadi.

Jusoor for studies'ning tahlillariga ko‘ra, Suriyada jami 830 ta xorijiy harbiy tuzilmalar mavjud bo‘lib, bular Amerika boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning 17 ta harbiy nuqtasi, Turkiyaning 12 ta harbiy tuzilmasi, Rossiyaning 20 ta harbiy nuqtasi hamda Eronning 55 ta harbiy tuzilmasi hisoblanadi.

Bundan Suriya 4 ta davlat tomonidan bo‘lib olingani va ular orasida Eronning harbiy ta’siri yuqori o‘rinda turganligini anglash mumkin. Eron Suriya va Livanda joylashgan qurolli proksi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash orqali Isroil manfaatlariga daxl qila oladi.

Ikkinchidan, husiylarning Qizil dengizda amalga oshirayotgan hujumlari. Ushbu hujumlar Isroilning Ben Gurion kanali loyihasi yoki Amerikaning dengiz hukmronligiga qarshi harakatlar hisoblanadi.

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov
Foto: “Daryo”

Uchinchidan, 26 mart sanasida HAMASning Siyosiy byurosi rahbari Tehronga tashrif buyurgan va Eron rasmiylari (Oliy rahnamo, prezident, tashqi ishlar vaziri) bilan muzokaralar olib borgan edi. Bu ham Isroil tomonini tashvishga solgan bo‘lishi mumkin.

Eron tomoni bu hodisaga qarshi keskin javob beradi. Bu haqda Tehron rasmiylari ma’lum qilishdi”, — deydi Suhrob Bo‘ronov.

Siyosatshunosning xulosa qilishicha, Yaqin Sharqda yangi urush sharpasi kezmoqda. Isroil esa mintaqaning qaytadan beqarorlashuvi va turli nizolar eskalatsiyasining asosiy sababchisi bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, hozircha Isroil hukumati Eron elchixonasiga amalga oshirilgan hujum borasida rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Yaqin Sharqda yangi urush sharpasi kezmoqda” — siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov