
Foto: CBS News
Parkinson kasalligi bo‘yicha mutaxassis prezident Baydenda ushbu xastalikning klassik belgilari namoyon bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda mutaxassis so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda New York Post manbasi xabar berdi.
Manbada aytilishicha, nevrolog hamda Parkinson bo‘yicha mutaxassis Tom Pits 8 iyul kuni matbuotga prezident Baydenning holati yuzasida intervyu bergan. Unda prezident Parkinsonning “klassik simptomlari”ni namoyon qilgani aytiladi.
Doktor Tom Pits Bayden bilan hech qachon ko‘rishmagan hamda uning salomatlik tahlillari bilan tanishmagan. Biroq prezidentning harakatlanishi va nutqlari orqali uning xastaligi haqida umumiy xulosaga kelgan.
“Prezident bu kasallikka ishora qiluvchi deyarli barcha belgilarni ko‘rsatib bo‘lgan. Baydenda neyrodegeneratsiyaning o‘tkir muammolari bor. Masalan, u jumlalarni tuzishda, so‘z topishda qiynaladi. Bu esa nerv markazi faolligi pasayganligidandir”, degan Tom Pits.
Mutaxassis prezidentga tashxis qo‘yish uchun ochiq ko‘rinib turgan belgilarga asoslanishni o‘zi yetarli deb hisoblashini bildirgan. Bayden nutqi va fikrlari nouzviyligi bilan bog‘liq muammolarni yoshga doir holat deb xulosa qilishdan qaytargan.
“Ayniqsa, prezidentning past ovoz bilan gapirishi ahamiyatli. Gipofoniya, ya’ni vaqt o‘tishi bilan kichik monoton ovoz shakllanishi Parkinsonning o‘ziga xos belgisidir. Duduqlanib gapirish esa kasallik jiddiy bosqichga kira boshlaganini anglatadi. Men prezidentga uning yaqiniga bormasdan ham tashxis qo‘ya olgan bo‘lardim”, degan mutaxassis.
Oldinroq AQSH rasmiy nashrlari Oq Uyga Parkinson kasalligi bo‘yicha mutaxassis tashrif buyurganini ma’lum qilgan edi. Ushbu xabar esa prezident salomatligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirgan.
Oq Uy rasmiylari Baydenning Parkinsonga chalingani haqidagi xabarlarni rad etgan. Prezident sog‘lom va ish faoliyatida ekani ma’lum qilingan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar