Qizlarining ta’limi uchun ona yalangoyoq 3 km yugurdi

Hindistonda 47 yoshli Ramabai Ranvir qizlarining ta’limi uchun mukofot pulini qo‘lga kiritish maqsadida 3 kilometrlik yugurish musobaqasida yalangoyoq qatnashib, g‘olib bo‘ldi.
Ayol musobaqaga maxsus tayyorgarlik ko‘rmagan. Yugurish paytida oyoq kiyimlari tushib ketavergach, ularni yechib, musobaqani yalangoyoq davom ettirgan. Natijada 30–60 yoshli ayollar toifasida birinchi bo‘lib marraga yetib kelgan.
Ramabai g‘oliblik uchun 3 ming rupiy (taxminan 31 dollar) mukofot oldi. Ushbu pulga qizlari uchun kitob va o‘quv qurollari xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Ramabai 2012 yilda turmush o‘rtog‘i vafot etganidan keyin oilaning yagona boquvchisi bo‘lib qolgan. U turli og‘ir ishlar qilib, ikki qizini katta qilgan. Ayolning o‘zi esa 13 yoshida maktabni tark etgan.
U qizlari o‘zi erisha olmagan imkoniyatlarga ega bo‘lishini istaydi. Hozir qizlaridan biri politsiyaga, ikkinchisi davlat xizmatiga kirish uchun imtihonlarga tayyorlanmoqda.

Ramabaining hikoyasi keng tarqalganidan so‘ng Hindiston bosh sudyasi Surya Kant mahalliy amaldorlarga unga 50 ming rupiy (taxminan 521 dollar) miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni buyurdi.
“Toki tirik ekanman, qizlarimga yaxshi ta’lim berish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishim kerak”, dedi Ramabai






























Izohlar 0
…