12:34 / 11.09.2024
110

Kiyev "Oxmatdet"ni o‘qqa tutish buyrug‘ini bergan ehtimoliy shaxs nomini ochiqladi

Kiyev "Oxmatdet"ni o‘qqa tutish buyrug‘ini bergan ehtimoliy shaxs nomini ochiqladi
Foto: Ukraina Bosh prokuraturasi
Ukraina Bosh prokuraturasi Ukraina Xavfsizlik xizmati ("SBU") bilan birgalikda Rossiya Harbiy-kosmik kuchlarining uzoq masofali aviatsiyasi sobiq qo‘mondoni Sergey Kobilashni 8 iyul kuni Kiyevdagi "Oxmatdet" bolalar kasalxonasiga Tu-95MS raketa tashuvchi bombardimonchi samolyotidan uchirilgan X-101 qanotli raketasi bilan zarba yo‘llashga buyruq berganlikda gumon qilmoqda.

Bu haqda Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin hujum joyiga tashrif buyurgan Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xonga ma’lum qildi. Ukraina Bosh prokuraturasi tashrif haqida 10 sentyabr, seshanba kuni ma’lum qildi.

Raketa bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan tibbiyot binolaridan biriga kelib tushgan. "Ushbu turdagi raketalar koordinatalari avval ma’lum bo‘lgan yerdagi nishonlarni yo‘q qilish uchun ishlatiladi", — deyiladi Bosh prokuratura xabarida. Kobilash urush qonunlari va odatlarini buzganlikda, shuningdek, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, qasddan odam o‘ldirishda gumon qilinmoqda.

XJS Rossiya harbiy qo‘mondonlarini hibsga olish uchun order bergan

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud mart oyi boshida Rossiya Aerokosmik kuchlarining uzoq masofali aviatsiyasi qo‘mondoni Sergey Kobilash va Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolovni hibsga olishga order berdi.

Ular 2022 yil 10 oktyabrdan 2023 yil 9 martgacha bo‘lgan davrda Ukrainadagi urush paytida sodir etilgan jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

«Ikki gumonlanuvchi o‘z qo‘mondonligi ostidagi kuchlar tomonidan kamida 2022 yil 10 oktyabrdan 2023 yil 9 martgacha Ukraina energetika infratuzilmasiga uyushtirilgan raketa hujumlari uchun javobgar, deb hisoblash uchun asosli asoslar mavjud. Bu vaqt ichida [Ukrainadagi] ko‘plab elektr stansiyalari va nimstansiyalariga Rossiya harbiy kuchlari tomonidan hujum uyushtirilgani taxmin qilinmoqda», deyiladi xabarda.

Kobilash Rossiya harbiy-havo kuchlari yangi qo‘mondoni etib tayinlandi

Iyul oyi oxirlarida Rossiya harbiy-havo kuchlarining yangi qo‘mondoni etib avvalroq Rossiya uzoq masofali aviatsiyasiga qo‘mondonlik qilgan general-leytenant Sergey Kobilash tayinlangandi.

Kobilash 1965 yilda Odessada tug‘ilgan. Yeysk oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar maktabini, Gagarin nomidagi Harbiy-havo kuchlari akademiyasini va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Harbiy akademiyasini tamomlagan. 2023 yil yanvar oyida Ukraina Xavfsizlik xizmati ("SBU") u Ukrainadagi tinch aholi nishonlarini o‘qqa tutganlikda gumon qilinayotganini e’lon qilib, tegishli dalillar to‘plaganini bildirdi.

Kobilash o‘rniga Rossiya uzoq masofaga uchuvchi aviatsiyasini general-mayor Sergey Kuvaldin boshqaradigan bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasining uzoq masofali aviatsiyasi Tu-95MS, Tu-160 strategik raketa tashuvchilari va uzoq masofali Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlarini o‘z ichiga oladi. Ularning barchasi bir necha bor Ukraina hududiga zarba berish uchun ishlatilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiyev "Oxmatdet"ni o‘qqa tutish buyrug‘ini bergan ehtimoliy shaxs nomini ochiqladi