date
views 177

Kimyo boʻyicha 2024 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi

Kimyo boʻyicha 2024 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi
Stokgolmda Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasining Nobel qoʻmitasi kimyo boʻyicha laureatlarni e'lon qilindi. 2024 yilgi mukofot “oqsilni hisoblash dizayni uchun” amerikalik Devid Beker va “oqsil tuzilishi prognozi uchun” britaniyalik Demis Hassabis va Jon Jamperga berildi.

Britaniyalik olimlar deyarli barcha ma'lum oqsillarning tuzilishini prognozlash uchun sun'iy intellektdan muvaffaqiyatli foydalangan. Ularning kashfiyotlari katta ahamiyatga ega.

Amerikalik olim yutugʻi

Devid Beyker butunlay yangi turdagi oqsillarni yaratgan. Suratda Baker laboratoriyasida Rosetta kompyuter dasturidan foydalangan holda yaratilgan koʻplab oqsillardan bir nechtasi koʻrsatilgan.

Beykerning tadqiqot guruhi farmatsevtika, vaktsinalar, nanomateriallar va mayda sensorlar sifatida ishlatilishi mumkin boʻlgan oqsillarni kashf qilmoqda.

Brtaniyalik olimlar yutugʻi

Demis Hassabis va Jon Jamper 50 yildan beri hal etilmagan muammoni — oqsillarning murakkab tuzilishini oldindan bashorat qilish uchun AlphaFold2 nomli sun'iy intellekt modelini yaratdi. Ular mazkur model yordamida inson oqsillarining tuzilishini hisoblagan.

Google DeepMind AlphaFold2 kodini ham ommaga ochiq qildi va uni har kim ishlatishi mumkin. Sun'iy intellekt modeli tadqiqotchilar uchun haqiqiy xazinaga aylandi. 2024 yil oktyabr oyiga kelib, 190 mamlakatdan ikki milliondan ortiq kishi AlphaFold2 dan foydalangan.

Rasmda AlphaFold2 ning tadqiqotchilarga qanday yordam berayotganini koʻrsatuvchi koʻplab misollardan ayrimlari tasvirlangan.

Laureatlarni taqdirlash marosimi Stokgolmda 10 dekabr kuni, Alfred Nobel vafot etgan kuni boʻlib oʻtadi. 2024 yilda mukofot miqdori 11 million shved kronasi yoki taxminan 1,06 million dollarni tashkil etadi. Pul mukofotidan tashqari, Shvetsiya qiroli sovrindorlarga medal va diplomlarni topshiradi.

10 oktyabrda adabiyot, 11 oktyabr kuni Osloda tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti laureatlari nomi e'lon qilinadi. Shuningdek, 14 oktyabrda Shvetsiya banki tomonidan 1968 yilda ta'sis etilgan Alfred Nobel mukofotining iqtisod boʻyicha sovrindori ma'lum boʻladi.

2023 yilgi kimyo boʻyicha Nobel mukofoti ham uch nafar olimga berilgandi. Bular — amerikalik olimlar Mungi Bavendi va Luis Bryus, shuningdek, Amerikaning Nanocrystals Technology Inc kompaniyasida ishlovchi sovet va rus olimi Aleksey Ekimovlar. Mukofot olimlarga “kvant nuqtalarini yaratish va sintez qilish usulini ishlab chiqqani uchun” berilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kimyo boʻyicha 2024 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi