"Yaqin 10 yilda odatiy kasblar tugaydi”: Iqtisodchi o‘ta yuqori intellekt xavfini oshkor qildi

"Yaqin 10 yilda odatiy kasblar tugaydi”: Iqtisodchi o‘ta yuqori intellekt xavfini oshkor qildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Daron Ajemo‘g‘lu, agar sun’iy intellektning rivojlanish yo‘nalishi o‘zgarmasa, yaqin 10 yil ichida an’anaviy mehnat bozori butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.
  • Uning fikricha, «o‘ta yuqori intellekt» yaratilishi natijasida kasblarning yo‘qolishi, demokratiyaga tahdid va ishchi kuchining qadrsizlanishi kabi jiddiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Daron Ajemo‘g‘lu sun’iy intellektning (AI) shiddatli taraqqiyoti hamda insoniyat tomonidan «o‘ta yuqori intellekt» (Superintelligence) yaratilishi borasidagi harakatlarning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirdi.

Dunyoga mashhur iqtisodchi olimning ta’kidlashicha, agar ushbu texnologiyalarning rivojlanish yo‘nalishi tubdan o‘zgartirilmasa, yaqin 10 yil ichida an’anaviy mehnat bozori butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

«Mehnat bozori qolmaydi»: O‘ta yuqori intellekt xavfi

Daron Ajemo‘g‘lu sun’iy intellekt sanoatining pirovard maqsadi insonning barcha aqliy imkoniyatlaridan ustun turuvchi ong yaratishdan iborat ekanini qayd etib, buning kutilayotgan zararlarini ochiqladi:

  • Kasblarning yo‘qolishi: «Agar biz bunday o‘ta yuqori intellektga hatto yaqinlashsak ham, mehnat bozori butunlay yo‘qoladi. Natijada faqat oddiy jismoniy ishchilar, o‘ta tor ixtisoslikdagi muhandislar yoki kam sonli yirik tadbirkorlargina qoladi...»;

  • Xavf muddati: Olimning so‘zlariga ko‘ra, bu tahdid bugun yoki ertaga sodir bo‘lmaydi, ammo keyingi 10 yillikda insoniyat yuzma-yuz keladigan achchiq haqiqatga aylanishi mumkin;

  • Demokratiyaga tahdid: Bunday nazoratsiz texnologiya nafaqat ishchi kuchini qadrsizlantiradi, balki davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyatining asosi bo‘lgan demokratiya institutlarini ham qulatishi xavfi mavjud.

Najot yo‘li: Texnologiyani insonga xizmat qildirish

Global iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun Nobel mukofoti laureati aniq yechimlarni taklif etdi:

  • Strategiyani o‘zgartirish: Sun’iy intellektni insonni butunlay almashtirish emas, balki xodimlarning mehnat samaradorligini oshirish va ularga ko‘maklashish yo‘nalishiga burish kerak;

  • Inson manfaatlari ustuvorligi: Texnologik ishlanmalar millionlab odamlarni ishsiz qoldirishga emas, balki inson ehtiyojlari va yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qilishi shart.

Ma’lumot o‘rnida: Daron Ajemo‘g‘lu kim?

Daron Ajemo‘g‘lu — turk-amerikalik taniqli iqtisodchi, dunyoning yetakchi oliygohi bo‘lmish Massachusets texnologiya instituti (MIT) professori:

  • Ilmiy maqomi: U Kanadadagi Ilg‘or tadqiqotlar instituti, Amerika San’at va fanlar akademiyasi, AQSH Milliy fanlar akademiyasi hamda Turkiya Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi hisoblanadi;

  • Nobel mukofoti–2024: 2024 yilda Daron Ajemo‘g‘lu Saymon Jonson va Jeyms Robinson bilan birgalikda «jamiyat institutlarining qanday shakllanishi va ularning farovonlikka ko‘rsatadigan ta’sirini tadqiq etgani uchun» iqtisodiyot bo‘yicha nufuzli Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Bunday yirik olimning ogohlantirishi kelajakda inson mehnati va sun’iy intellekt o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolish bugun qabul qilinadigan global qarorlarga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar