13:53 / 09.12.2024
24

Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun 4 kunlik ish haftasi joriy etiladi

Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun 4 kunlik ish haftasi joriy etiladi
Tokio hokimiyati davlat xizmatchilariga to‘rt kunlik ish haftasini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu chora ishlaydigan onalarga ko‘maklashish va rekord darajada past tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirishga qaratilgan urinishlardan biri bo‘ladi, deb yozmoqda CNN.

Aprel oyidan kuchga kiradigan yangi kelishuvga ko‘ra, xodimlarga haftasiga uch kun dam olish imkoniyati berilishi mumkin. Shuningdek, rasmiylar yana bir siyosatni e’lon qildi. Unga ko‘ra, birinchi sinfdan uchinchi sinfgacha farzandi bor ota-onalar maoshining bir qismidan voz kechish evaziga ishdan ertaroq ketish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Biz ish uslublarini qayta ko‘rib chiqamiz... Farzand ko‘rish yoki bola parvarishi kabi hayotiy voqealar tufayli hech kim o‘z karerasidan voz kechishga majbur bo‘lmasligini kafolatlaymiz”, — dedi Tokio gubernatori Yuriko Koike.

Yaponiyada tug‘ilish darajasi ko‘p yillardan beri keskin pasaymoqda, hukumat yoshlarni oila qurishga va farzand ko‘rishga rag‘batlantirish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirganiga qaramay, iyun oyida yana bir antirekord qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili atigi 727 277 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Shu bilan birga, fertillik koeffitsiyenti (ayol umri davomida tug‘adigan bolalar soni) yangi minimal ko‘rsatkich — 1,2 ga tushib ketgan. Aholi sonining barqaror saqlanishi uchun esa bu ko‘rsatkich 2,1 bo‘lishi lozim.

Yaponiya hukumati demografik inqirozni yengish uchun “hozir yoki hech qachon” tamoyili asosida qator chora-tadbirlarni ilgari surmoqda. Xususan, yaponiyalik erkaklarga bola parvarishi uchun ta’til olish imkoniyati yaratilgan. Mahalliy hokimiyat organlari ham mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Ko‘p sotsiologlar Yaponiyada tug‘ilish ko‘rsatkichining muntazam pasayishini mamlakatdagi shafqatsiz mehnat madaniyati va yashash qimmatlashayotgani bilan bog‘lamoqda. Uzoq yillardan beri yaponiyaliklar haddan ziyod ishlash ortidan sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda, eng og‘ir holatlarda bu “ishdan o‘lish”gacha olib keladi. Boshqa mamlakatlardagi kabi, Yaponiyada ham ayollar ko‘pincha karera va oila o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘ladi, biroq mamlakatga xos ortiqcha ishlash madaniyati homiladorlik va bola tarbiyasini yanada murakkablashtiradi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning ishlaydigan aholisi orasida gender farqi 2023 yilda ayollar uchun 55 foiz va erkaklar uchun 72 foizni tashkil etgan.

To‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish G‘arb mamlakatlarida tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Mintaqadagi ayrim kompaniyalar ish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni saqlashga intilayotgan iste’dodli xodimlarni jalb qilish uchun ish soatlarini qisqartirish samaradorligini o‘rganishni boshlagan. Bunday tizim xodimlar orasida farovonlik va mehnat unumdorligini oshirishi ba’zi tadqiqotlarda tasdiqlandi.

Ammo kompaniyaga sadoqatni ishda o‘tkaziladigan vaqt bilan o‘lchovchi yapon kompaniyalari uchun bu g‘oya hamon aqlbovar qilmas hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun 4 kunlik ish haftasi joriy etiladi