Rossiyalik erkak uch yildan so‘ng uyiga qaytib, hayratda qoldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Rossiyaning Vorkuta shahrida yashovchi erkak uch yillik safardan qaytib, ochiq qoldirilgan deraza orqali kirgan kabutarlar egallab olgan xonadonining ayanchli holatiga duch keldi.
- Kvartirani to‘liq ta’mirlash va mebellarni almashtirish uchun 1,5–2 million rubl talab etiladi, bu summa uyning bozor qiymatiga deyarli tengdir.
Rossiyaning Vorkuta shahrida yashovchi bir erkak ishlash uchun boshqa hududga ketgach, kvartira derazalaridan birini yopishni unutib qoldirgan. Uch yil o‘tib uyiga qaytganida esa kutilmagan manzaraga duch kelgan: xonadon kabutarlar makoniga aylangan, pol va mebellar qushlarning axlati hamda patlari bilan qoplangan.
O‘rta yoshli erkak o‘z xonadonning ayanchli holatini aks ettiruvchi videoni ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. Unda o‘nlab kabutarlarning mebellar ustida bemalol o‘tirgani, polda esa qalin axlat va patlar qatlami to‘planib qolganini ko‘rish mumkin.
«Komsomolskaya pravda» nashrining xabar berishicha, erkak uch yil avval ishlash uchun Sibirga ketgan, biroq derazalardan birini ochiq qoldirganini unutib qo‘ygan. Bu esa mahalliy kabutarlarga xonadonga bemalol joylashish imkonini bergan. Natijada kvartira haqiqiy kabutarlar makoniga aylangan.
Videoda xonadon egasining hayrat va norozilik bilan aytgan gaplarini ham eshitish mumkin:
«Men Vorkutadan uch yil oldin ketganman. Qaytib kelsam, bu yer xuddi kabutarlar Dubayiga aylanibdi! Uyalar, patlar, shunchalik ko‘p axlat borki, undan yangi pol qilish mumkin. Ular menga xuddi ijara haqini to‘lamagan odamdek qarashyapti. Men bu uyning egasi emas, kabutarlar davlatining bosqinchisiman», — deydi u.
Xonadonning ayanchli holati aks etgan video Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida tez tarqalib, hazilomuz izohlarga sabab bo‘ldi. Biroq kvartira egasi uchun bu vaziyat kulgili emas. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, xonani to‘liq ta’mirlash va barcha mebellarni almashtirish uchun 1,5–2 million rubl talab etiladi. Bu mablag‘ esa kvartira joriy bozor qiymatiga deyarli teng.
Bundan tashqari, xonadonni qayta yashashga yaroqli holatga keltirish uchun sanitariya ishlarini ham amalga oshirish zarur. Kabutarlar qushlar grippi va ornitoz kabi turli kasalliklarni tarqatishi mumkin. Shu sababli pol va devorlarga maxsus kimyoviy vositalar bilan ishlov berilib, zararli mikroorganizmlar to‘liq yo‘qotilishi kerak.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri: «Yangisini sotib olish arzonroqqa tushadi», — deb yozgan. Yana bir kishi esa kabutarlar xonadon egasiga kamida nonushta qoldirganini, chunki kvartirada tuxum qo‘yganini hazil tariqasida ta’kidlagan.
Shu tariqa, uch yillik safardan qaytgan erkak o‘z uyini tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan holda topdi. Endi uning oldida katta ta’mirlash xarajatlari va xonadonni qaytadan xavfsiz yashash joyiga aylantirish vazifasi turibdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…