08:30 / 14.12.2024
14

Yaponiyada yarim asr ichida ilk bor kit go‘shti uchun kimoshdi savdolari o‘tkazildi

Yaponiyada yarim asr ichida ilk bor kit go‘shti uchun kimoshdi savdolari o‘tkazildi
Foto: AP Photo
Yaponiyada 12 dekabr kuni Sapporo va Simonoseki portidagi auksionlar orqali taxminan 1,4 tonna finval turiga kiruvchi kitlar go‘shti sotildi, deb xabar beradi MarketWatch.

Qayd etilishicha, kitlar Yaponiyaning Xokkaydo oroli yaqinidagi suvlarda 50 yildan beri birinchi marta tutilgan. Eng muhim delikates hisoblanuvchi finval dumining go‘shtini narxi 1 kilogrammi uchun 1,3 ming dollardan oshgan.

1976 yilda Xalqaro kit ovlash komissiyasi finvallarni ortiqcha ov sabab himoyaga muhtoj turga kiritgan. 2019 yilda Yaponiya ushbu komissiya tarkibidan chiqqan va tijoriy kit ovini qayta yo‘lga qo‘ygan, o‘sha yili finvallar qonuniy asosda ovlanadigan kit turlari ro‘yxatiga kiritilgan. Tokiodagilarning ma’lum qilishicha, so‘nggi tadqiqotlar Tinch okeanining shimoliy qismida finvallar populyatsiyasi yetarlicha qayta tiklanganini tasdiqlagan.

Amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, joriy mavsumda 30 ta finval ovlangan — bu ovlashga ruxsat etilgan ushbu turdagi kitlarning yarmiga teng. Yaponiyada jami uch turdagi kitlardan 379 dona ovlashga ruxsat berilgan. O‘tgan yili kit ovlovchilar 294 ta kitni tutishga muvaffaq bo‘lgan (kvotadan 80 foiz kamroq).

Yaponiyada kit go‘shtiga bo‘lgan talab Ikkinchi jahon urushidan keyin oziq-ovqat yetishmovchiligi fonida oshib ketgan. Ammo ekspertlar zamonaviy Yaponiyada kit go‘shtiga talab yuqori bo‘lishiga shubha bildirmoqda. Osakadagi Etnologiya milliy muzeyining kit ovi bo‘yicha mutaxassisi Nobuxiro Kisigamining aytishicha, kit go‘shtini ayrim shaharlarda iste’mol qilishadi, ammo u Tokio va Yaponiyaning boshqa shaharlarida ommalashmagan. Uning narxi mol yoki boshqa turdagi go‘shtlardan qimmat.

«Bu kundalik ovqat emas, balki delikates. U arzon va mazali bo‘lmasa sotilmaydi. Bu biznesga aylanishi kerak, davlatning yirik subsidiyasisiz o‘ylaymanki, u barqarorlikka erishishga juda qiynaladi», — deydi Kisigami.

Avvalroq Islandiya hukumati besh yil muddatga kit oviga ruxsat bergandi. Ushbu muddat davomida endi har yili kit ovlash mavsumi doirasida 209 ta finval va 217 tagacha minke kitlarini ovlash mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada yarim asr ichida ilk bor kit go‘shti uchun kimoshdi savdolari o‘tkazildi