Britaniyada hukumat ogohlantirishidan so‘ng aholi hojatxona qog‘oziga yopirildi

Britaniyada hukumat ogohlantirishidan so‘ng aholi hojatxona qog‘oziga yopirildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Buyuk Britaniya hukumati aholiga favqulodda vaziyatlar, elektr va suv ta’minotidagi uzilishlarga tayyor turishni tavsiya qilganidan so‘ng mamlakatda sarosimali xaridlar boshlandi.
  • Fuqarolar do‘konlardan hojatxona qog‘ozi, konserva, ichimlik suvi hamda yoritish vositalarini ommaviy ravishda xarid qila boshladi, natijada ayrim mahsulotlar savdosi 43 foizdan 284 foizgacha oshdi.

Buyuk Britaniyada hukumatning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi tavsiyasidan so‘ng aholi orasida sarosimali xaridlar boshlandi. Fuqarolar do‘konlarga yopirilib, hojatxona qog‘ozi, konserva mahsulotlari, ichimlik suvi va boshqa zarur buyumlarni zaxira qilishga kirishdi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Hukumat aholiga ehtimoliy favqulodda holatlar, elektr energiyasi va suv ta’minotidagi uzilishlarga tayyor turishni tavsiya qilgan. Xususan, har bir xonadonda kamida uch kunga yetadigan oziq-ovqat, ichimlik suvi, naqd pul va birinchi ehtiyoj uchun zarur vositalar bo‘lishi kerakligi aytilgan.

Mazkur chaqiriq mamlakatda pandemiya davrini eslatuvchi holatni yuzaga keltirdi. Do‘konlarda ayrim mahsulotlarga talab keskin oshib, ba’zi tovarlar sotuvdan chiqib ketdi.

Do‘konlarda savdo keskin ko‘paydi

Bambukdan hojatxona qog‘ozi ishlab chiqaruvchi Cheeky Panda kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlar savdosi 2025 yilning shu davriga nisbatan 43 foizga oshgan. Kompaniya hammuassisi Juli Chen aholiga zarur buyumlarni oz miqdorda zaxira qilishni ma’qullagan, biroq ortiqcha xarid qilib, do‘kon peshtaxtalarini bo‘shatib qo‘ymaslikka chaqirgan.

Serious Tissues kompaniyasida ham so‘nggi besh kun ichida savdo hajmi 36 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, B&M do‘konlar tarmog‘ida hojatxona qog‘ozi savdosi 19 foizga oshgan. Maplin do‘konlarida esa cho‘ntak fonarlari savdosi 284 foizga, radiolar 92 foizga, tashqi quvvatlash qurilmalari — poverbanklar savdosi 106 foizga o‘sgan.

Ocado onlayn savdo platformasida Volvic va Highland Spring ichimlik suvlari, shuningdek, Heinz sho‘rvalari ayrim vaqtlarda tugab qolgan.

Mamlakat mudofaa vaziri Ues Striting aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rayotganini ijobiy baholadi. Uning ta’kidlashicha, xonadonda oziq-ovqat zaxirasi, fonar va boshqa zarur buyumlarning bo‘lishi elektr uzilishi yoki suv toshqini kabi holatlarda asqotishi mumkin.

Hukumat uch kunlik zaxira uchun nimalarni tavsiya qilmoqda?

Rasmiy tavsiyalarga ko‘ra, har bir xonadonda quyidagi buyumlar bo‘lishi maqsadga muvofiq:

  • Ichimlik suvi: har bir kishi uchun kuniga 3 litrdan, uch kunga yetadigan suv zaxirasi.

  • Oziq-ovqat: pishirishni talab qilmaydigan konserva mahsulotlari, meva va sabzavotlar, shuningdek, konserva ochqichi.

  • Gigiyena vositalari: antiseptik, nam salfetkalar va boshqa zarur buyumlar.

  • Yoritish vositalari: cho‘ntak fonari, zaxira batareyalar, issiq kiyim va ko‘rpalar.

  • Aloqa vositalari: telefon uchun poverbank va batareyada ishlaydigan radio.

  • Birinchi yordam qutisi: bint, plastir, termometr, dezinfeksiya vositalari va zarur dorilar.

  • Bolalar uchun mahsulotlar: tagliklar va tayyor bolalar ozuqasi.

  • Muhim hujjatlar: shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi, naqd pul va zarur telefon raqamlari.

Hukumatning ta’kidlashicha, bunday tayyorgarlik aholini qo‘rqitish uchun emas, balki kutilmagan vaziyatlarda odamlarning xavfsizligini ta’minlash va dastlabki qiyinchiliklarni mustaqil yengib o‘tishga yordam berish uchun kerak.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar