date
views 231

Ukraina Ozarbayjon samolyoti halokatida Rossiyaning «qoʻli bor»ligini aytmoqda

Ukraina Ozarbayjon samolyoti halokatida Rossiyaning «qoʻli bor»ligini aytmoqda
Ozarbayjonning Embraer 190 samolyoti Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan oʻqqa tutilgani ortidan halokatga uchradi. Anadolu axborot agentligi xabariga koʻra, bu taxmin Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko tomonidan ilgari surildi.

«Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan Embraer 190 uchogʻi Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan. Rossiya Grozniy havo makonini yopishi kerak edi, ammo bunday qilmadi. Ruslar tomonidan shikast etkazilgan samolyotni Grozniyga favqulodda qoʻndirish va odamlar hayotini saqlab qolish oʻrniga u Qozogʻistonga yoʻnaltirilgan», – degan Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi vakili.

Avval xabar berganimizdek, Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli samolyot 25 dekabr tongida Qozogʻiston gʻarbidagi Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan.

Ma'lumotlarga koʻra, samolyotda 62 yoʻlovchi va 5 nafar ekipaj a'zosi boʻlgan. Ulardan 38 nafari halok boʻlgani aytilmoqda.

Halokat ortidan Grozniyda tuman qalinligi bois Maxachqal'aga yoʻnaltirilgan samolyot qushlar galasiga toʻqnashgani haqida xabar berilgan. Ammo rossiyalik harbiy blogerlar ham Ukraina tomoni ilgari surgan versiyaga yaqin taxminni yozmoqda.

Gap shundaki, qulab tushgan samolyotning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarida uchoq korpusida havo hujumidan mudofaa tizimidan oʻqqa tutilganiga ishora etuvchi teshiklarni koʻrish mumkin.

DW yozishicha, samolyot halokati arafasida Ukraina tomoni Checheniston poytaxti Grozniy shahriga dronlar orqali hujum uyushtirgan. Shunga koʻra, rossiyalik harbiy blogerlar Ozarbayjon yoʻlovchi samolyoti Ukraina uchirgan dron deb qabul qilingan va Rossiya zenit-raketa majmuasi orqali oʻqqa tutilgan, degan nuqtai nazarni ilgari surmoqda.

BBC nashriga koʻra, halokatda omon qolgan yoʻlovchilardan Subhonqul Rahimov samolyot Grozniyga uch marta qoʻnishga uringani, uchinchi urinishda tashqaridan portlash ovozini eshitgani haqida soʻzlab bergan.

Qozogʻiston matbuoti uchoq salonida kislorod balloni portlaganiga ham e'tibor qaratgan.

Rossiya favqulodda vaziyatlar xizmatlariga koʻra, halokatga samolyotning asosiy tizimlari ishdan chiqqani sabab boʻlishi mumkin.

Embraer ERJ-190-100LR rusumli samolyotlar yangi avlod uchoqlari boʻlib, ularning xavfsizlik tizimi yuqori darajada deb baholanadi. Bu turdagi uchoqlar bilan bogʻliq ikki yirik aviahalokat roʻy bergan, ammo ularning har ikkisi texnik nosozlik emas, balki ekipaj a'zolarining xatti-harakati sabab sodir boʻlgan.

Azerbaijan Airlines halokatga uchragan samolyot 2013 yildan buyon foydalanilayotgani, soʻnggi toʻliq texnik koʻrik joriy yil oktyabr oyida oʻtkazilganini ma'lum qilgan.

«Izvestiya» nashri Rossiyada xizmat koʻrsatgan uchuvchi Yuriy Sitnikka tayanib, yonilgʻi tugab qolganini halokatning ehtimoliy sababi sifatida koʻrsatgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 25 dekabr kuni aviahalokat yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda fojia sababi haqida gapirishga erta ekanini ta'kidlagan.

«OAV va ijtimoiy tarmoqlarda aviahalokat aks etgan holatlar tarqalmoqda. Buni koʻpchilik koʻrgan boʻlsa kerak. Ammo halokatning aniq sababi bizga ma'lum emas. Turli taxminlar bor. Bu haqda gapirishga hali erta deb hisoblayman. Holat toʻliq taftish qilinishi kerak», – degan I.Aliev.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Ozarbayjon samolyoti halokatida Rossiyaning «qoʻli bor»ligini aytmoqda