20:17 / 27.12.2024
3

The Times AZAL samolyoti halokatiga oid yangi tafsilotlarni bayon qildi

The Times AZAL samolyoti halokatiga oid yangi tafsilotlarni bayon qildi
Foto: AFP/Getty Images
Britaniyaning The Times gazetasi Qozogʻistonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines samolyoti halokati tafsilotlari va versiyalarini havo layneri fyuzelyaji tasvirlari asosida tahlil qildi.

Nashrning ta'kidlashicha, uchuvchilar parvozni boshqaruvchi barcha tizimlardan mahrum boʻlib, samolyotni faqat dvigatel kuchi bilan boshqarib, favqulodda qoʻnishga urinishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Shrapnellar (raketa parchalari) samolyotning orqa qismini shikastlab, qanotlar va dum yuzasini boshqaradigan uchta gidravlik tizimni ham ishdan chiqargan.

Nashr uchuvchilar va dispetcher oʻrtasidagi rasman tasdiqlanmagan suhbat stenogrammasini tahlil qildi. Ta'kidlanishicha, uchuvchilar dispetcher bilan suhbatda «toʻqnashuv»ni tilga olib, dastlab buni qushlar galasiga bogʻlashgan. Hodisadan bir necha daqiqa oldin ekipaj GPS-navigatsiyasi nosozligi haqida xabar berib, radar kuzatuvini soʻragan. «Toʻqnashuv»dan 7 daqiqa oʻtgach, uchuvchi: «Endi gidravlika ishlamay qoldi» degan.

Nashrning yozishicha, ekipaj avvaliga Rossiyaning Mineralnie Vodi shahriga, soʻngra Kaspiy dengizi qirgʻogʻidagi Maxachqal'a shahriga uchishga uringan. Biroq ularga ob-havo sharoiti bu joylarga qoʻnishga imkon bermasligi ma'lum qilingan.

Muzokaralar stenogrammasi shu joyda uzilgan, ammo noma'lum sababga koʻra uchuvchilarga Kaspiy dengizining qarama-qarshi qirgʻogʻiga, ancha uzoqda joylashgan Oqtov shahriga uchish buyurilgan.

Samolyot Oqtov hududida havo dispetcherlari radarida yana paydo boʻlgach, uning parvozi beqaror kechayotgani ma'lum boʻladi. Aeroportga yaqinlashish chogʻida ekipaj gʻildiraklarni qoʻlda chiqarishga muvaffaq boʻlgan, ammo qanotlardagi flap va spoylerlar normal qoʻnish uchun zarur boʻlgan tarzda joylashtirilmagan.

Videotasvirlarda qoʻnishdan oldin samolyot dumining gorizontal stabilizatori shikastlangani koʻrinadi. Nashrning qayd etishicha, samolyot ikki marta qoʻnishga urinish vaqtida aylanma «fugoid» (toʻlqinsimon, yuqori-past-yuqori) traektoriyasi boʻylab uchgan. Bu ekipajning faqat dvigatel kuchidan foydalangan holda samolyotni boshqarganini anglatadi.

Shunga oʻxshash boshqaruv usuli 1989 yilda United Airlines 232 reysi ekipaji tomonidan qoʻllangan. DC-10 samolyoti gidravlikasi ishdan chiqishi oqibatida shu tarzda qoʻnib, halokatga uchragan va 296 yoʻlovchidan 184 nafari tirik qolgan edi.

«Ozarboyjon uchuvchilari ham xuddi shunday qilishga uringanga oʻxshaydi... Videoda gidravlika yoʻqligi va spoylerlar zarur tarzda oʻrnatilmagani koʻrinib turibdi», dedi amerikalik uchuvchi va aviatsiya eksperti Xuan Braun.

Uning soʻzlariga koʻra, dalillar Embraer samolyoti yaqinida zenit raketasi portlaganini koʻrsatmoqda.

«Videoda vertikal dumning chap tomoni va chap balandlik rulining shikastlangani koʻrinadi... Bu muhim elektr va gidravlik tizimlarga ta'sir qilgan boʻlishi mumkin», dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, kislorod niqoblarining chiqarilishi salondagi bosimning pasayganidan dalolat beradi. Shuningdek, qisman yirtilgan qutqaruv nimchasi va parvoz paytidagi yoʻlovchilarning jarohatlari aks etgan tasvirlar salonga shrapnellar teshib kirganini tasdiqlaydi.

Frantsiyaning BEA aviahalokatni tekshirish agentligi sobiq xodimi Jerar Legaffre soʻzlariga koʻra, samolyot boʻlaklarida juda koʻp shrapnel boʻlgan.

Frantsiya Harbiy-havo kuchlarining sobiq uchuvchisi va mudofaa maslahatchisi Ksavie Tutelmanning ishonchi komilki, Ozarboyjon samolyoti raketa bilan urib tushirilgan.

«Dum qismiga zarbalar raketa shrapneliga xos... Samolyot nima uchun parvozni davom ettira olmaganini tushunish mumkin», deb qoʻshimcha qildi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » The Times AZAL samolyoti halokatiga oid yangi tafsilotlarni bayon qildi