Videodan kadr
Amerikalik politsiyachi Richard Kreyg tomonidan suratga olingan video TikTok’da ommalashdi. Videoda pistsa etkazib beruvchi yigit qorli havoda yengil krossovka va sviter kiygan holda yurgani aks etgan.
Ma'lumotlarga koʻra, oʻsha kuni AQShning Indiana shtatida kuchli qor boʻroni sodir boʻlgan. 20 yoshli mahalliy kurer Konnor Stefanoff esa pistsa etkazib berish bilan shugʻullanayotgandi. Uning aytishicha, qorda transport harakati toʻxtatilgani sababli, buyurtmalardan birini etkazish uchun bir kilometr masofani piyoda bosib oʻtishga majbur boʻlgan. Konnor pistsani oʻz vaqtida etkazgan boʻlsa-da, atigi 2 dollar choychaqa olgan.
Bu vaziyat Richard Kreygni gʻazablantirgan. U Konnorga yonidagi bor puli — 15 dollarni bergan va keyin voqeani TikTok’da ulashgan.
“Men hayratda qoldim. Yoʻllardan deyarli yurib boʻlmasdi. Shunda bu bolaning qilayotgan ishini tasvirga olishim kerakligi, ogʻzaki aytsam, odamlar ishonmasligini oʻyladim”, — deya politsiyachi The Washington Post gazetasiga voqea haqida aytib berdi.
Kreygning obunachilari Konnor uchun GoFundMe platformasida mablagʻ yigʻishni taklif etdi. Politsiyachi kamida 500 dollar yigʻilishini kutgandi. Ammo ikki hafta ichida kurer uchun deyarli 40 ming dollar xayriya toʻplandi.
Konnor buvisi bilan yashashini aytgan. Uning maoshi kommunal toʻlovlarni qoplashga etardi xolos. Yigit xayriya pulining bir qismini mashina sotib olishga sarflamoqchi. Yana bir qismini kollejda oʻqishga, qolganini esa xayriya ishlariga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda.
Konnor ishlaydigan Rockstar Pizza kompaniyasi ob-havo yomonlashgan kunlarda oʻz kurerlariga uyda qolishga ruxsat beradi. Biroq yigit baribir ishga chiqishga qaror qilgan. Uning aytishicha, qilgan ishi birovning e'tiborini tortmagan taqdirda ham, boshqacha yoʻl tutmagan boʻlardi.
“Boshqalar sizga qanday munosabatda boʻlishini istasangiz, siz ham ularga shunday boʻling”, — deydi u. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar