Kremldagilar Sudjadagi internatga qilingan hujumni «Kiyev rejimining vahshiyona provokatsiyasi» deb hisoblaydi, deya ma'lum qildi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Peskov jurnalistning zarba natijasida halok boʻlganlar soni haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga javob bermasdan, bu boradagi barcha ma'lumotni mudofaa vazirligi taqdim etishini aytgan. «Siz RF mudofaa vazirligi bayonoti bilan tanishish imkoniyatiga egasiz. Bunga qoʻshimcha qiladigan gapimiz yoʻq», — degan Peskov.
Oʻtgan yilning avgust oyidan buyon ukrain qoʻshini tomonidan ishgʻol etilgan Sudjadagi sobiq internat maktab binosiga 1 fevral kuni raketa zarbasi berilgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi unga rossiyalik harbiylar zarba yoʻllagani va Rossiya tomoni binoda «faqat tinch aholi vakillari joylashgani»dan xabardor boʻlganini bildirgan. Ukraina qurolli kuchlariga koʻra, toʻrt kishi halok boʻlgan.
Zarbadan bir necha soat oʻtib Rossiya mudofaa vazirligi bino Ukraina qurolli kuchlari hujumiga uchraganini aytib chiqdi — Rossiya harbiy idorasidagilar havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrain raketalari Sumi oblastidan uchirilganini qayd etgan.
Hozircha ikki tomon ham oʻz versiyalari foydasiga ob'ektiv dalillar taqdim etmadi.
Donald Tramp Rossiya, Ukraina va «turli tomonlar» bilan uchrashuvlarni anons qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp oʻz ma'muriyati allaqachon Moskva bilan ham, Kiyev bilan ham harbiy harakatlarni toʻxtatish va tinchlik kelishuvi tuzishga qaratilgan «uchrashuv va muzokaralar» oʻtkazishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.
«Biz Ukraina bilan ham, Rossiya bilan ham ishlayapmiz, turli tomonlar, jumladan, Ukraina va Rossiya bilan uchrashuvlar hamda muzokaralar rejalashtirilgan. Oʻylaymanki, muhokamalar yaxshi ketmoqda», — degan Tramp.
AQSh prezidenti hech qanday tafsilotlarni keltirmagan — bu uchrashuvlar qachon va qanday tarkibda boʻlishi rejalashtirilganiga toʻxtalmagan.
Trampning bu soʻzlari yangrashidan bir necha soat oldinroq uning Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog agar harbiy harakatlar toʻxtashini istasa, ikki tomon ham yon berishi lozimligi haqidagi AQShning oldinroq bildirilgan pozitsiyasini takrorlagandi. Kellog Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «hududlar boʻyicha pozitsiyasini yumshatgani»ni bildirgan. «Va Putin ham oʻz pozitsiyalarini yumshatishiga toʻgʻri keladi», — deya qayd etgan u.
Kellog «katta ehtimol bilan, yaqin vaqtlar ichida» AQSh vakillari «barcha bilan» muhokamalar oʻtkazishini ta'kidlagan.
Zelenskiy 2 fevral kuni Associated Press uchun bergan intervyusida Kellog «juda tez fursatlarda» Kiyevda boʻlishini aytgan va hozircha tashrifning aniq sanalari belgilanmaganini qoʻshimcha qilgandi. «Bu yaqin haftalarda, yaqin sanalarda boʻlishi biz uchun juda muhim. Oʻylaymanki, bularning bari boʻladi», — degandi u.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 3 fevral kuni hozircha Moskva bilan «hech kim muzokaralar ishtirokchilarining ehtimoliy kombinatsiyasini muhokama qilmagani»ni aytdi. U Putinning Zelenskiyning 2022 yildagi RF bilan muzokaralarni taqiqlagan farmoni tufayli hozirda «ukrainlar prezidenti bunday muzokaralar oʻtkazishga haqli emasligi» haqidagi soʻzlarini takrorladi. Putin avvalroq Moskvadagilar fikricha bu farmonni faqat Oliy rada bekor qilishi mumkinligi — chunki Zelenskiy legitim prezident emasligini aytgandi. Zelenskiyning oʻzi bunday farmon mavjudligi mamlakat prezidenti sifatida muzokaralar olib borishiga toʻsqinlik qilmasligini bildirgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar