3 yoshli bolaga aynan shu ko‘nikmalarni o‘rgatish muhim: mutaxassislar tavsiyasi

Bola 3 yoshga to‘lgach, uning atrof-muhitni anglash va mustaqil harakat qilish qobiliyati faol rivojlana boshlaydi. Bu davrda ota-onalar farzandiga faqat harf va raqamlarni emas, hayot uchun zarur bo‘lgan oddiy ko‘nikmalarni ham o‘rgatishi muhim. Avvalo, bolaga o‘z ehtiyojlarini so‘z bilan aniq ifodalashni o‘rgatish kerak. “Och qoldim”, “chanqadim”, “yordam bering” kabi oddiy iboralarni bilish bolaning muloqotini osonlashtiradi. Shuningdek, salomlashish, xayrlashish, rahmat aytish va kechirim so‘rash kabi odob qoidalarini kundalik hayotda muntazam ko‘rsatib borish foydali.
3 yoshli bola kiyimini kiyish, oyoq kiyimini yechish, qo‘lini yuvish va o‘yinchoqlarini joyiga qo‘yish kabi ishlarni asta-sekin o‘zi bajarishga o‘rganishi kerak. Ota-ona bolaning har bir ishini uning o‘rniga bajarishdan ko‘ra, unga mustaqil harakat qilish imkonini bergani ma’qul. Bu yoshda xavfsizlik qoidalarini ham sodda tilda tushuntirish zarur. Masalan, issiq buyumlarga tegmaslik, yo‘lga kattalarsiz chiqmaslik va begona odam bilan ketmaslik kabi qoidalar bolaga tushunarli qilib o‘rgatiladi.

Bundan tashqari, bolaga his-tuyg‘ularini tanish va ularni so‘z bilan ifodalashni o‘rgatish ham muhim. Bola jahli chiqqanda yoki xafa bo‘lganda hislarini urishish yoki yig‘i orqali emas, gapirish orqali ifodalashga asta-sekin odatlanadi. Kitob o‘qish, ertak aytib berish va bola bilan ko‘proq suhbatlashish uning so‘z boyligini kengaytiradi. O‘yin orqali sanash, ranglar va shakllarni tanish kabi bilimlarni berish esa bolaga bosim qilmasdan o‘rganish imkonini yaratadi. Eng muhimi, bu yoshdagi boladan hamma narsani mukammal bajarishni talab qilish emas, balki uni qo‘llab-quvvatlash va xatolarini sabr bilan tushuntirishdir.































Izohlar 0
…